Rossiya prezidenti Vladimir Putin 11 dekabr kuni bu haqda e’lon qilarkan, RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi ushbu aholi yashash manzilini 15 dekabrgacha egallashni va’da qilgan bo‘lgani va bu va’dani bajarganini qayd etgan.

Rossiyaning «Yug» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni Sergey Medvedev ushbu shahar qo‘lga kiritilishi kelgusida Slovyansk tomon yurish uchun qulay sharoit yaratganini ta’kidlagan. Ushbu shahargacha 30 km masofa qolgan.

Rossiyalik harbiylar Seversk ustidan nazorat o‘rnatilgani tasdig‘i sifatida shaharning turli nuqtalarida Rossiya bayroqlari osilgani aks etgan videokadrlarni ko‘rsatishgan.

Rossiya mudofaa vazirligi Rossiya Federatsiyasi harbiylari Seversk markazida o‘z bayrog‘ini shahar ustidan nazoratni tasdiqlash uchun namoyish etayotgani tasvirlangan kadrlarni e’lon qildi, 11 dekabr

Ukraina qurolli kuchlarining frontning ushbu uchastkasi uchun mas’ul bo‘lgan 11-armiya korpusi qo‘mondonligi esa Seversk taslim bo‘lgani haqidagi xabarlarni inkor etmoqda.

«Severskda dushmanlar bormi? Ha, bor. Ular shaharni to‘liq nazorat qilyaptimi? Yo‘q, nazorat qilmayapti. Muntazam ravishda ularni yo‘q qilish ishlari olib borilmoqda… Shuning uchun vaziyat murakkab, shahar uchun kurash davom etmoqda», – degan 11-armiya korpusi spikeri Dmitro Zaporojyets.

Ammo 15 dekabr kuni u BBC Ukraina xizmati bilan suhbatda «shaharning faqat bir qismi» Ukraina qurolli kuchlari nazoratida ekanini aytdi. U tafsilotlarga to‘xtalmagan.

«Severskni hozircha izohsiz qoldiraman. Vaziyatni barqarorlashtirish tadbirlari olib borilmoqda», – degan u.

Odatda Ukraina armiyasida «barqarorlashtirish tadbirlari» deganda dushmandan ozod qilingan hududda yoki jangchilarni qayta joylashtirish paytida mustahkamlanib olish bo‘yicha operatsiyalar nazarda tutiladi.

Shahar mudofaasidagi 54-alohida mexanizatsiyalashgan brigada bayonotiga ko‘ra, rossiyalik harbiylar anchadan buyon tumanli havodan foydalangan holda shaharga kirishga urinishlarni amalga oshirayotgani ma’lum qilingan. Natijada ularning bir qismi shahar chekkalaridagi binolarda va yerto‘lalarga o‘rnashib olgan.

«Seversk dushmanning doimiy bosimi ostida qolmoqda: ularning bir qismi shahar ichkarisiga kirib olishga urinmoqda, boshqalari mustahkam joylashib olish umidida shaharning kirish joylarida harakatlanmoqda», – deyiladi brigadaning 16 dekabr kungi bayonotida.