Jahon | 22:41 / 21.08.2025
2366
2 daqiqa o‘qiladi

Daniyada yoshlarni o‘qishga qiziqtirish uchun kitob savdosiga soliq solinmaydigan bo‘ldi

Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, Daniyada har to‘rtinchi 15 yoshli o‘smir oddiy matnni ham tushunishga qiynaladi.

Foto: AFP

Daniya hukumati fuqarolarni ko‘proq o‘qishga jalb etish maqsadida kitob savdosiga qo‘yilgan 25 foizlik soliq bekor qilinishini e’lon qildi.

Daniya madaniyat vaziri Yakob Engel-Shmidt buning natijasida kitob do‘konlarida ko‘proq kitob sotilishisha umid bildirdi. Ushbu chora davlatga yiliga 330 million kronga (44 million yevro) tushadi, ammo Engel-Shmidt bu mamlakat kelajagi uchun kiritilayotgan investitsiya ekanligini ta’kidladi.

Hukumat iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti e’lon qilgan statistikadan so‘ng kitob savdosiga soliq solmaslikka qaror qildi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, Daniyada har to‘rtinchi 15 yoshli o‘smir oddiy matnni ham tushunishga qiynaladi. Bu o‘n yil ilgarigi natijadan to‘rt foizga ko‘pdir.

Shuningdek, so‘rovlarda yoshlar kam kitob o‘qiyotgani ma’lum bo‘ldi. Ekspertlar buni bolalarning diqqatini o‘g‘irlayotgan gadjetlar bilan bog‘lamoqda.

Norvegiyada kitob savdosi uchun soliq olinmaydi. Finlandiyada 14 foiz, Shvetsiyada esa 6 foiz soliq to‘lanadi.

 

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid