O‘zbekiston | 20:43 / 25.11.2022
55091
3 daqiqa o‘qiladi

Hududlarda Prezident administratsiyasi rahbarining yordamchilari ish boshlaydi

Prezident administratsiyasi rahbarining hududlardagi yordamchilari lavozimlari tashkil etildi. Sardor Umrzoqovning yordamchilari bevosita o‘zlari biriktirilgan hududlarda ishlaydi va administratsiyaning hududlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasini ta’minlaydi.

Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov / Foto: Kun.uz

Hududlardagi Xalq qabulxonalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun Prezident administratsiyasi rahbarining yordamchilari lavozimlari tashkil etilmoqda.

Administratsiya rahbarining yordamchilari o‘z faoliyatini bevosita hududlarda amalga oshiradi. Bu lavozimlar mavjud shtat birliklarini qisqartirish evaziga tashkil etiladi.

O‘zA xabariga ko‘ra, bu borada prezident farmoni qabul qilingan. Hujjatda mazkur o‘zgarish “hududlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va joylardagi vaziyatdan kelib chiqib, tezkor choralar ko‘rib borish maqsadi” bilan izohlangan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Xalq qabulxonalari faoliyati yetarli samara bermayapti, joylardagi muammolarni hal qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘yib, asosan sansalorlik bilan shug‘ullanyapti, bu esa aholining haqli e’tirozlarini keltirib chiqaryapti. Shu sababli Xalq qabulxonalari institutini kuchaytirish yuzasidan ayrim vazifalar belgilangan.

Xususan, hududlarda administratsiya yordamchilari faoliyat boshlashidan tashqari, Xalq qabulxonalari xodimlariga ta’sirchan chora sifatida davlat organlari va tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bo‘yicha qonunbuzilishlar yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuzish va sudga yuborish huquqi berilmoqda.

Farmon bilan, shuningdek, prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi (bunga qadar Tursinxon Xudaybergenov maslahatchi edi) va prezidentning davlat xizmati masalalari bo‘yicha maslahatchisi (bungacha vakant edi) lavozimlari tugatilib, ularning negizida yangi lavozim – prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilgan.

Ta’kidlanishicha, bundan maqsad – davlat va fuqarolar o‘rtasida hamkorlikning yangi tizimini tashkil etish, davlat organlarida murojaatlarini ko‘rib chiqishning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish va joylarda muammolar hal etilishi ustidan ta’sirchan nazoratni o‘rnatishdir.

Avvalroq yangi tashkil etilgan lavozimga G‘ofurjon Mirzayev tayinlangani ma’lum bo‘lgandi. U bungacha Sirdaryo viloyati hokimi edi.

Mavzuga oid