Özbekiston prezidenti Şavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni parlament va xalqqa murojaatnomasida korrupsiyaga qarşi kuraşiş uçun yangi tizim joriy etilişini ma’lum qildi.

“Takror va takror aytaman. Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga tösiq böladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan çiqaradigan, jamiyatda işonç muhitini zaiflaştiradigan eng jiddiy tahdiddir.

Korrupsiyaga yöl qöyiş esa – islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarşi kuraşiş böyiça 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz. Bölmasa, men aytgan raqamlarga erişolmaymiz, dunyo hamjamiyati bizga işonişni sekinlaştiradi.

Barça idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarşi içki nazoratga mas’ul örinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yölga qöyiladi.

Har bir idoraga kirib boraman. Qanday oğir bölmasin, har bir idoraga kirib, közimizni moşdek oçib, kimgadir yoqmasa ham aytamiz bu gaplarni. Tizimimiz ança eskirib qoldi. Şuning uçun korrupsiyaga qarşi yangi tizim joriy qilamiz.

Şu yangi tizimga qöyilgan rahbarlar nopok şaxslarni aniqlaş, şuningdek, budjet mablağlarini talon-toroj qiliş va mansabni suiiste’mol qiliş holatlarining oldini oliş böyiça ta’sirçan nazorat örnatadi va prezident oldida hisobot beradi.

Davlatning har bir söm mablaği, resursi böyiça şaxsiy javobgarlik kuçaytiriladi.

“Lavozimim, unvonim bor, menga heç kim tegmaydi”, deganlar adaşadi Özbekistonda. Qonun oldida hamma teng.

Içki işlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar, bir söz bilan aytganda, birorta idora va taşkilot nazoratdan çetda qolmaydi.

Komplayens xizmatining faoliyatiga tösqinlik qilganlar – korrupsiyaga şerik deb baholanadi va javobgarlik şunga mos böladi. Mana şuni bilinglar. Bu yangi tizim, majbur böldim bu tizimni joriy qilişga. Quloğimga köp gaplar kelyapti”, – dedi prezident.

Şavkat Mirziyoyev Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmatiga bu tizimni 1 yanvardan boşlab barça davlat idoralari va taşkilotlarida işga tuşirib, “jilovni mahkam qölga oliş”ni buyurdi.

“Mansabidan qat’i nazar, poraxörlik va suiiste’molçilik böyiça har bir holat yuzasidan Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati şaxsan menga axborot kiritib boradi”, – dedi davlat rahbari.