Jahon | 19:16 / 14.01.2026
9883
7 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada yana korrupsiya mojarosi: Yuliya Timoshenko Rada deputatlarini sotib olishda ayblanmoqda

Uning o‘zi barchasini rad etmoqda va buni «ulkan piar yurish» deb atamoqda.

Andrii Nesterenko / Global Images Ukraine / Getty Images

Ukraina Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi (NABU) va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura (SAP) Oliy Rada fraksiyalaridan birining rahbari parlament deputatlariga «noqonuniy imtiyoz taklif qilish»da gumonlanayotganini e’lon qildi. Aksilkorrupsiya organlari press-relizida deputatlarni sotib olishda gumon qilinayotgan shaxsning ismi aytilmagan, biroq SAP matbuot kotibi Olga Postolyuk «RBK-Ukraina»ga bergan izohida gap Ukrainaning sobiq bosh vaziri va «Batkivshina» fraksiyasi rahbari Yuliy Timoshenko haqida ketayotganini tasdiqladi.

Timoshenko Ukraina Jinoyat kodeksining 369-moddasi 4-qismi (mansabdor shaxslarga noqonuniy imtiyoz taklif qilish) bo‘yicha gumonlanmoqda. Bu moddaga ko‘ra, eng yuqori jazo – 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. Korrupsiyaga qarshi idoralar ish doirasida boshqa fraksiyalarning 20 ga yaqin deputatini ham tekshirmoqda – ular muayyan qonun loyihalari bo‘yicha ovoz berish uchun pul olgan bo‘lishi mumkin.

13 yanvar kuni kechqurun NABU va SAP xodimlari «Batkivshina» partiyasining Kiyevdagi ofisiga tintuv o‘tkazish uchun borishgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyida deputatlarni sotib olish faktlari aniqlanganidan so‘ng, Timoshenko ayrim deputatlar bilan «ovoz berish paytidagi sodiqlik evaziga noqonuniy imtiyoz taqdim etishning tizimli mexanizmini joriy etish bo‘yicha muzokaralar olib borishni boshlagan». «Gap bir martalik kelishuvlar haqida emas, balki oldindan to‘lovlarni nazarda tutuvchi va uzoq muddatga mo‘ljallangan muntazam hamkorlik mexanizmi haqida ketgan», – deyiladi press-relizda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi Timoshenko va deputatlar o‘rtasida Radada kerakli tarzda ovoz berish uchun to‘lov masalasi muhokama qilingan suhbatdan yozib olingan audioni ham e’lon qildi. «Strana» va NV xabarlariga ko‘ra, audioda deputatlarga Vasiliy Malyukning Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari lavozimidan iste’foga chiqishi, shuningdek, Mixail Fyodorov va Denis Shmigalni raqamli transformatsiya vaziri va mudofaa vaziri lavozimlaridan bo‘shatishni yoqlab ovoz berish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. «Endi kadrlar masalasiga kelsak. Lavozimdan olish uchun ovoz beramiz, tayinlash uchun esa ovoz bermaymiz. Hammasi bo‘yicha», – deydi yozuvda gapirgan ayol kishi.

Yozuvda ovoz berish uchun to‘lov haqida ham so‘z boradi. «Biz ikkita sessiya uchun „o‘n“ to‘laymiz (katta ehtimol bilan, o‘n ming dollar – tahr), ikkita sessiya uchun obuna bilan to‘laymiz [...] Agar siz bilan bugun kelishib olsak, kim kim bilan birga ekanini belgilab olamiz va men sizga beraman. Kassaga berayotgandek beraman», – deydi ovoz.

NABU tomonidan e’lon qilingan videoda tergovchilar yuzi xiralashtirilgan ayolning oldiga dasta-dasta dollarlarni qo‘yayotgani aks etgan.

Timoshenko barcha ayblovlarni rad etmoqda. U o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida partiya ofisida «kechiktirib bo‘lmaydigan deb atalgan tergov harakatlari» tun bo‘yi davom etgani haqida yozgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 30 dan ortiq qurollangan erkak «hech qanday hujjat ko‘rsatmasdan binoga kirib kelgan va xodimlarni garovga olgan». U korrupsiyaga qarshi kurashish organlarida hech qanday dalil yo‘qligini ta’kidlagan. Timoshenko tintuvni «katta piar-yurish» deb atadi. U NABU va SAP xodimlari uning ish telefonlari, hujjatlari va shaxsiy jamg‘armalarini olib qo‘yganini, «pullar haqidagi ma’lumotlar rasmiy deklaratsiyada to‘liq aks ettirilgani»ni aytgan.

«Men barcha bema’ni ayblovlarni qat’iyan rad etaman. Aftidan, saylovlar ko‘ringanidan ancha yaqin. Va kimdir raqobatchilarni tozalashni boshlashga qaror qildi. Bu menga qarshi birinchi siyosiy buyurtma emas. Ta’qib va terror – ko‘p yillar davomida mening kundalik hayotimga aylanib qolgan. Men anchadan beri hech narsadan qo‘rqmayman, chunki o‘zim, odamlar va Ukraina oldida halol ekanimni bilaman. Meni hech kim sindira olmaydi va to‘xtata olmaydi. Bu safar ham haqiqatni isbotlaymiz», – dedi Timoshenko.

2025 yil dekabr oyi oxirida NABU va SAP operatsiya o‘tkazgani va tarkibiga amaldagi xalq deputatlari ham kirgan uyushgan jinoiy guruhni fosh qilganini e’lon qildi. Tergovning ta’kidlashicha, guruh a’zolari muntazam ravishda Oliy Radada qonun loyihalari uchun ovoz berish vakolatidan «noqonuniy foyda ko‘rib kelgan». Ma’lum qilinishicha, tintuvlar Radaning transport masalalari bo‘yicha qo‘mitasi binosida va «Slugi naroda» partiyasi shtabi joylashgan «Parkoviy» biznes markazida, shuningdek, «Slugi naroda» partiyasi deputatlari Yuriy Koryavchenkov va Yuriy Kiselning uylarida o‘tkazilgan.

Yuliya Timoshenko kim o‘zi?

Yuliya Timoshenko – Ukrainadagi eng taniqli va tajribali siyosatchilardan biri sanaladi.

Yuliya Timoshenko Viktor Yushchenko prezidentligi davrida ikki marta bosh vazir bo‘lgan. Bu surat 2009 yilda olingan

Leonid Kuchma prezidentligi davrida u jinoiy ayblovlar bo‘yicha tergov izolyatorida o‘tirgan, bu siyosiy motivlarga ega ish bo‘lgani ma’lum qilingan.

2005 yilda, «To‘q sariq inqilob»dan keyin u prezident Viktor Yushchenko boshqaruvi davrida ikki marta bosh vazir sifatida hukumatni boshqargan.

Viktor Yanukovich prezidentlikka kelganida u xizmat vakolati doirasidan chetga chiqishda ayblanib, yana bir bor qamoqqa tashlangan. U bir necha yilni qamoqda o‘tkazadi (muddatning bir qismini – salomatligidagi muammo tufayli shifoxonada) va faqat 2014 yilgi inqilobdan keyin ozodlikka chiqadi. O‘shanda ham unga qarshi ochilgan ish siyosiy ish deb topilgandi.

Petro Poroshenko va Volodimir Zelenskiy prezidentligi davrida Timoshenko o‘z partiyasining Oliy radadagi fraksiyasiga rahbarlik qildi.

U ikki bor prezidentlik saylovlarida ikkinchi o‘rinni olgan: 2010 yilda Yanukovichga, 2014 yilda esa Poroshenkoga mag‘lub bo‘lgan. 2019 yilda esa uchinchi o‘rinni egallagan.

So‘nggi yillarda Timoshenko va uning jamoasi Ukrainaning yangi tashkil etilgan korrupsiyaga qarshi organlari, xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi (NABU) va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura (SAP) faoliyatini muntazam tanqid qilib kelardi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid