Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Qaydasan, Britaniya?” - Migratsiya agentligi 138 samarqandlikning orzusini ushaltira oladimi?
Samarqandlik 138 nafar fuqaro Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Angliyaga mavsumiy ishga yuborish bo‘yicha e’lonidan keyin zarur jarayonlardan o‘tgan, lekin keta olmay qolgan.
Kun.uz'da turli xususiy agentliklar tomonidan fuqarolarni xorijga jo‘natish bilan bog‘liq holatlar bir necha marta yoritilgan. Chetga chiqish evaziga katta mablag‘ to‘lab, chuv tushib qolgan fuqarolar arzi ko‘p bo‘lgan. Lekin bu safar murojaatchilar xususiy firmalar emas, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan norozi bo‘lmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yilning 17 fevral kuni agentlikning rasmiy Telegram-kanalida Buyuk Britaniyada ishlash istagidan bo‘lgan fuqarolar uchun e’lon joylashtiriladi. E’longa asosan ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar suhbat asosida saralab olinadi. Aytishlaricha, rasmiylar kechi bilan joriy yilning 15 mayiga qadar nomzodlar Buyuk Britaniyaga jo‘nab ketishini va’da qilishgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyati bo‘yicha Buyuk Britaniyaga borib ishlash uchun 385 kishi suhbatdan o‘tgan. Hozirga qadar shundan 179 kishi jo‘nab ketgan. Aynan xorijga jo‘natilganlar qaysi mezon asosida saralab olinayotgani murojaatchilarga qorong‘iligicha qolmoqda.

Payariqlik Ulug‘bek Sultonovning aytishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili Telegram'da maxsus guruh ochib, o‘sha yerda yangiliklarni ulashib turgan. Suhbatdan o‘tganlar o‘ziga tegishli barcha talablarni bajarib bo‘lishgan. Aytaylik, sog‘lig‘i, kasbi va shaxsiga oid ma’lumotlar olingan. Belgilangan to‘lov ham qilingan. Fuqarolar may oyida jo‘nab ketishi aytilgan bo‘lsa-da, bu gap amalga oshmagan.

Bulung‘urlik Elmurod Ochilovga ko‘ra, unda traktor boshqarish huquqini beruvchi guvohnoma ham bor. Buyuk Britaniyaga boruvchi fuqarolar qishloq xo‘jalik ishlariga jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. Lekin Ochilovga dehqonchilikni yaxshi bilishi, traktor boshqara olishi ham afzallik bermayapti. Uning fikricha, bu yerda qandaydir “o‘yin” bo‘lyapti.
Ochilov suhbat jarayonidayoq adolatsizlik bo‘lganini aytmoqda. Migratsiya agentligi vakili Islom Ismoilov suhbatdan o‘tolmagan yigitlardan biri bilan chetroqda alohida suhbatlashib olgani, bir muddat o‘tib o‘sha yigit Britaniyaga birinchilardan bo‘lib ketganini aytadi.
Nomzodlardan yana biri To‘lqin Shukurov esa agentlik va fuqaro o‘rtasida tuzilgan shartnomada hech qanday muddat ko‘rsatilmaganiga e’tibor qaratdi. Muddat belgilanmagan shartnomani istagancha cho‘zish yoki unga zid o‘laroq ish qilish mumkinligini bildirdi.

“Darhaqiqat, shartnoma allaqachon buzildi. Biz davlatga ishonganmiz, chetda fuqarolarimizning aldangani qancha. Mana, o‘sha fevral oyida suhbatdan o‘tib, hozirgacha xorijga ketolmaganlar bilan sentabr-oktyabr oylarida qaytadan suhbat o‘tkaziladi, deyishyapti. Bu qaysi mezonga to‘g‘ri keladi?” dedi To‘lqin Shukurov.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Samarqand viloyat filiali rahbari Sunnatulla Abdusaidov vaziyatga izoh berdi.


Abdusaidovga ko‘ra, bu loyihada suhbatdan o‘tganlardan 385 kishi saralab olingan. Keyinchalik 67 kishi arizasini qaytarib olgan, ayni vaqtda 138 kishi Buyuk Britaniyaga ketolmay turibdi.



“Agentligimiz qilishi kerak bo‘lgan barcha ishlarni bajardi. Biroq suhbatdan o‘tgan nomzodlarning qaysi muddatda xorijga chiqib ketishini biz hal qilmaymiz. Britaniyadagi ikkita kompaniya bilan hamkorlik qilyapmiz. Suhbatdan o‘tgan nomzodlarning barchasining ma’lumoti saytga joylashtirilgan. O‘sha tarmoq orqali britaniyalik fermerlar nomzodlarni o‘zlari tanlab chaqirishadi. Bu yerda qandaydir O‘zbekiston tomonidan inson omili aralashmaydi.
Biz hozir ham nomzodlar bilan shartnomani bekor qilganimiz yo‘q. Aksincha, yurtdoshlarimiz rivojlangan davlatlarga borib ishlashlarini istaymiz.
Mavsumiy ishga yuborishni maqsad qilganmiz. Hamkorlarimiz ob-havo noqulay kelgani sababli hosildorlikka ham ta’sir qilganini aytishdi. Shu sababli suhbatdan o‘tganlar vaqtida ketisholmadi”, – dedi Sunnatulla Abdusaidov.
Migratsiya vakili Britaniyadagi hamkor tashkilot – “Hops Labour Solutions” kompaniyasi vakillari sentabr-oktyabr oylarida O‘zbekistonga kelishi va tanlab olingan fuqarolar bilan rus tilini bilish darajasini aniqlashtirib olishini ma’lum qilmoqda.
Bu kompaniya vakillari fevral oyida ham nomzodlar bilan suhbat o‘tkazib, saralab olgan. Suhbat o‘tkazilganidan keyin ma’lum miqdorda to‘lov qilib, kamiga 5 oydan buyon kutayotganlarga bu talab malol kelmoqda.

Umuman, migratsiya vakillari maxsus Telegram guruhi orqali saralab olingan fuqarolarni yangiliklardan xabardor qilib turishi, savollariga qoniqarli tarzda javob berishi ko‘zda tutilgan. Biroq rasmiylarning ijtimoiy tarmoqdagi guruhda fuqarolarga javob bermay qo‘ygani turli savollarni yuzaga keltirmoqda. Xorijga ketish istagidagilarning toqatini toq qilgan.
Kamiga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining mas’ul xodimi Islom Ismoilov fuqarolar bilan muloqotda o‘zini nopisandlarcha tutib, tahdiddan nariga o‘tmagan.
Telegram guruh orqali Islom Ismoilov nomzodlar bilan muloqot qilar ekan, agar tanqidlar ko‘paysa, agentlikka qandaydir e’tirozlar qilib to‘planishsa, Milliy gvardiya chaqirishi bilan tahdid qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bu loyihada ishtirok etib xorijga ketishi kerak bo‘lgan, biroq hozirga qadar sarson bo‘lib yurganlar faqat samarqandliklar emas. Boshqa viloyatlarda ham shu holat kuzatilgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi suhbatdan o‘tgan fuqarolarni xorijga jo‘natib yuborishda inson omili yo‘qligini aytmoqda. Qaysi fuqaroni chaqirishni Britaniya tomon hal qilishini ma’lum qildi. Biroq Buyuk Britaniyadagi hamkor tashkilot – “Hops Labour Solutions” kompaniyasi suhbatdan o‘tgan fuqarolarni ishga chaqirishni nega bunchalik cho‘zib yuborganini agentlik vakillari yetarlicha asoslab berolmadi. Xorijiy kompaniyadan jo‘natilgani aytilayotgan xat va vajlarni esa Kun.uz'ga taqdim qilisholmadi.
Kun.uz mazkur vaziyatni kuzatishda davom etadi va rasmiylardan qo‘shimcha munosabat kutib qoladi.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi:
Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
13:37 / 14.01.2026
Germaniya, Fransiya, Italiya va Britaniya Eron elchilarini TIVga chaqirdi
13:29 / 14.01.2026
Eronda qurbonlar soni o‘smoqda: YeI va Britaniya sanksiyalarni kuchaytirishga tayyorlanyapti
19:15 / 12.01.2026
Buyuk Britaniya Ukraina uchun yangi ballistik raketa ishlab chiqadi
16:04 / 12.01.2026