O‘zbekiston | 21:30 / 28.06.2024
6957
4 daqiqa o‘qiladi

IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar IT park rezidentiga aylanadi

Bunday yoshlar 3 yil muddatga barcha soliqlardan ozod etiladi, IT kompaniyalardagi kabi tibbiyot, sport va ofisdan foydalanish uchun “ijtimoiy karta”ga ega bo‘ladi. Investitsiya vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi Yoshlar agentligiga o‘tkaziladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugungi kunda IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar – frilanserlar 50 mingdan oshdi. Bunday yoshlarimiz yiliga ellik, yuz, hatto ikki yuz ming dollargacha eksport qilmoqda.

Lekin, bizda ularni boshini qovushtiradigan, muammolarini eshitib, huquqlarini himoya qiladigan tizim yo‘q. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 28 iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Davlat rahbari qo‘shilgan qiymat yaratib, uni eksport qilayotgan yoshlar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib berish zarurligini ta’kidladi.

Endilikda:

  • IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga IT park rezidenti maqomi beriladi;
  • ular uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi;
  • IT park tomonidan IT kompaniyalardagi kabi tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun ularga “ijtimoiy karta” beriladi;
  • yoshlarni ushbu sohaga jalb qilish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirish uchun har yili 100 mln dollar ajratiladi. Investitsiya vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi Yoshlar agentligiga o‘tkaziladi.

Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan, fidoyi yosh tadbirkorlar jamg‘arma kengashiga kiradi. Jamg‘arma rahbarini ham ushbu yoshlarning o‘zi saylaydi.

Jamg‘arma, yoshlarning eng yaxshi 500 ta loyihasini tanlab oladi va ularga “biznes paket” qilib beradi, loyihaning tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonida ko‘maklashadi, bozorini topadi.

Jamg‘arma hokimlar bilan birgalikda 14 ta tumanni tanlab, “to‘rtinchi sanoat” kasblariga o‘qitish markazi ochadi va to‘liq jihozlab beradi. Bu markazlar yosh tadbirkorlarga 1 yil imtiyozli davr bilan 10 yilga ijaraga beriladi. Markazlarning o‘quv dasturlari xalqaro standartlarga moslashtiriladi.

Jamg‘arma, shuningdek, Surxondaryo tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan Yoshlar sanoat zonasida sanoat binolari quradi. Bu joylar “sanoat ipotekasi” asosida yuqori qiymat yaratadigan loyihalar uchun yoshlarga 7 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Bunda yoshlardan birinchi yil uchun to‘lov undirilmaydi.

Har bir viloyatdagi bittadan Barkamol avlod markazida “Kreativ sanoat parklari” tashkil qilinadi. Ularga IT park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.

“Kreativ sanoat parklari” oliygohlar va yirik ishlab chiqaruvchilarga biriktiriladi. Bu parklar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes o‘rtasida muloqot maydonchasi bo‘ladi.

Jamg‘arma bu yerdagi yoshlarning startaplariga uch yilga 100 million so‘mgacha ssuda beradi. Ushbu yosh tadbirkorlarga faoliyatini kengaytirish va aylanma uchun keyinchalik 100 million so‘m imtiyozli kredit beriladi.

“Kreativ sanoat parklari”ni rivojlantirish uchun bu yilning o‘zida 10 million dollar yo‘naltiriladi. Shuningdek, 2-4 oktabr kunlari Toshkent shahrida Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha To‘rtinchi butunjahon anjumani o‘tkaziladi. Tadbir kuniga qadar kreativ industriyani rivojlantirish bo‘yicha qonun qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid