Jamiyat | 11:04 / 26.06.2024
26728
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda gul do‘konida janjal uyushtirgan shaxsga jinoyat ishi ochildi 

Shayxontohur tumanida gul do‘konlaridan birida sotuvchi bilan janjallashib, so‘ng tinchlantirishga uringan ikki fuqaroni urgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: Videodan kadr

Joriy yilning 23 iyun kuni taxminan soat 19:30 larda 1984 yilda tug‘ilgan, Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi X.A. (muqaddam Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan sudlangan) jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, Shayxontohur tumanida gul do‘konlaridan birida gul sotuvchisi, 2003 yilda tug‘ilgan X.T. bilan o‘zaro janjallashgan. 

Shu yerda bo‘lgan 2003 yilda tug‘ilgan A.T. va 2002 yilda tug‘ilgan T.I. uni tinchlantirib, janjalni oldini olishga uringan. Biroq X.A. bezorilik harakatini davom ettirib, ularni urib tan jarohati yetkazgan.

Birlamchi tibbiy ma’lumotga ko‘ra, jabrlanuvchilarga yengil tan jarohati yetkazilgan.    

Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (“Bezorilik harakatini oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

“Tergov harakatlari davom etmoqda. Yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Hurmatli fuqarolar, agar siz ushbu shaxsning harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yaqin oradagi IIBga yoki 102 raqamiga xabar berishingizni so‘raymiz”, deyiladi poytaxt IIBB xabarida.

Mavzuga oid