O‘zbekiston | 00:39 / 30.09.2022
64161
2 daqiqa o‘qiladi

Xonanda Zohid Risqiyev avtohalokatga uchradi

Yunusobod tumanidagi Mega Planet savdo markazi oldida mashhur qo‘shiqchi Zohid Risqiyev boshqaruvidagi BMW YTHga uchradi. U va ikki hamrohi shifoxonaga yotqizilgan, yana bir kishi voqea joyida vafot etgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan Mega Planet savdo markazi yaqinida BMW  katta tezlikda boshqaruvni yo‘qotib, YTHga uchradi. Rulda qo‘shiqchi Zohid Risqiyev (sobiq «Ummon» guruhi solisti) bo‘lgan.

Toshkent shahar IIBBning ushbu hodisa yuzasidan bergan xabarida aytilishicha, 29 sentabr kuni taxminan soat 23:00 larda BMW rusumli (davlat raqam belgisi 01 H806HA) transport vositasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida avtohalokat sodir bo‘lgan. Natijada bir kishi halok bo‘lgan.

Xabarda ma’lum qilinishicha, 1990 yilda tug‘ilgan Z.R. o‘z boshqaruvidagi BMW rusumli transport vositasida Ahmad Donish ko‘chasidan Yangishahar ko‘chasiga qarab harakatlanayotganda rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan. Natijada, uning o‘zi hamda yo‘lovchilar - 1995 yilda tug‘ilgan J.I. va 1996 yilda tug‘ilgan J.Y. kasalxonaga yotqizilgan. 1994 yilda tug‘ilgan X.S. voqea joyida vafot etgan.

Qo‘shiqchining holati haqida aniq ma’lumot yo‘q, ayrim xabarlarga ko‘ra u jonlantirish bo‘limida qolmoqda.

Hodisa yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan JKning 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda BMW haydovchisi Z.R. sobiq «Ummon» guruhi solisti Zohid Risqiyev ekani haqida xabarlar tarqalgandi. Uning turmush o‘rtog‘i, xonanda Kamola Ortiqova bu ma’lumotni tasdiqlagan. U Instagram sahifasida ushbu ma’lumotlarni joyladi va xalqdan turmush o‘rtog‘ini duo qilishlarini so‘radi.

Mavzuga oid