O‘zbekiston | 10:11 / 23.05.2024
4655
3 daqiqa o‘qiladi

Tovar va xizmatlarning bozor narxidan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash tartibi joriy etiladi

Talablar tajriba tariqasida quyidagilarga nisbatan tatbiq etilishi kutilyapti: 1 avgustdan – ko‘chmas mulk obektlari, birja va davlat xaridlari uchun elektron platformalarda sotiladigan tovarlarga, 1 oktyabrdan – raqamli identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovka qilinishi lozim bo‘lgan tovarlarga.

Foto: Kun.uz

 “Tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxlaridan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash orqali teng raqobat muhitini yaratish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Soliq kodeksining 248-moddasi to‘rtinchi qismiga muvofiq agar bitim narxi tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan past yoki yuqori bo‘lsa, soliq organlari soliq bazasiga tuzatish kiritishga haqli.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi 489-sonli qarorining 3-ilovasiga muvofiq tovarlarni (xizmatlarni) boshqa tovarlarga (xizmatlarga) ayirboshlab realizatsiya qilishda, yuridik shaxsning mol-mulkidan shaxsiy maqsadlarda foydalanishda va tovarlarni (xizmatlarni) bepul berishda (ko‘rsatishda) qo‘shilgan qiymat solig‘i bazasini tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqib aniqlash tartibi tasdiqlangan.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxidan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlanadi:

  • tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxini aniqlashda foydalaniladigan usullar hamda ularni qo‘llash tartibi;
  • tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxidan kelib chiqqan holda qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bazasini aniqlash tartibi.

Belgilanishicha, mazkur qaror talablari tajriba tariqasida quyidagi tovarlarga nisbatan tatbiq etiladi:

  • 2024 yil 1 avgustdan e’tiboran – ko‘chmas mulk obektlari, birja va (yoki) davlat xaridlari uchun elektron platformalarda sotiladigan tovarlarga;
  • 2024 yil 1 oktyabrdan e’tiboran – raqamli identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovka qilinishi lozim bo‘lgan tovarlarga.

Soliq qo‘mitasi 2025 yil 1 yanvarga qadar mazkur tajriba natijalaridan kelib chiqib, ushbu tartibni barcha tovarlarga (xizmatlarga) qo‘llash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi va “O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati 2024 yil 1 iyulga qadar:

  • davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari tomonidan tuzilgan shartnoma ma’lumotlarini (har bir lot va tovarlar nomenklaturasi kesimida);
  • davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari tomonidan tuzilgan shartnomalarning ijrosi bo‘yicha elektron hisobvaraq-faktura ma’lumotlarini o‘zlarining axborot tizimlarini integratsiya qilgan holda o‘zaro real vaqt rejimida almashishni yo‘lga qo‘yadi.

Mavzuga oid