O‘zbekiston | 09:24 / 29.08.2020
4908
4 daqiqa o‘qiladi

«Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘i tashkil qilinadi 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bioxilmaxillik to‘g‘risidagi konvensiyasi talablarini bajarish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘ini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hamda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumani hududida davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida umumiy maydoni 1 447 143 gektar bo‘lgan “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘ini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

Quyidagilar:

“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘ining umumiy maydoni;

“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘iga doimiy foydalanish huquqi asosida beriladigan yer uchastkalarining maydoni;

“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘ining qo‘riqxona, rekreatsiya va xo‘jalik maqsadida foydalanish zonalari uchun ajratiladigan yer maydonlari;

“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i ijro etuvchi apparatining tuzilmasi tasdiqlanadi.

Belgilanishicha:

tabiat bog‘ining xo‘jalik maqsadida foydalanish zonalaridagi yerlar ushbu hududlarda joylashgan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ixtiyorida qoladi;

tabiat bog‘i Davlat ekologiya qo‘mitasining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi;

tabiat bog‘i faoliyatini moliyalashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalliy budjeti mablag‘lari, Davlat ekologiya qo‘mitasining Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi ikki oy muddatda:

tabiat bog‘ining nizomi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;

tabiat bog‘i shtatlar jadvali tasdiqlanishini va malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini ta'minlaydi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisiga tabiat bog‘i ijro etuvchi apparati xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida tabiat bog‘i shtatlar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, rekreatsion va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlaridan olingan mablag‘lar hisobiga qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish huquqi beriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ikki oy muddatda:

tabiat bog‘i ijro etuvchi apparati uchun Qo‘ng‘irot shahrida operativ boshqaruv huquqi asosida bino ajratishni;

tabiat bog‘iga ajratilgan yer uchastkalarida joylashgan infratuzilma obektlarining keyinchalik tegishliligi va ulardan foydalanish masalalari hal etilishini;

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda belgilangan tartibda tabiat bog‘i uchun ajratilgan yer uchastkalarini olib qo‘yish va ajratish hujjatlarini rasmiylashtirilishini;

tabiat bog‘ining qo‘riqxona, rekreatsiya va xo‘jalik maqsadida va boshqa tarzda foydalanish zonalari chegaralarini belgilanishini;

yer-kadastr hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid