Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Yovuzlik va terror uchun eng katta narxni to‘lattiramiz” – Vashingtondagi otishmadan keyin nimalar ma’lum?
Vashington markazida, prezident qarorgohi – Oq uy yonidagi ko‘chada sodir bo‘lgan otishma oqibatida yaralangan ikki Milliy gvardiya xodimining ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Tramp Floridadagi qarorgohida chiqish qilib, otishma uyushtirgan afg‘onistonlik, albatta, jazolanishini aytdi. Pentagon rahbari esa Vashingtonga yana 500 nafar gvardiyachilar tashlanishini e’lon qildi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, chorshanba, 26 noyabr kuni tushdan keyin Afg‘onistondan kelgan muhojir milliy gvardiyaning ikki a’zosiga qarata o‘t ochgan va o‘q ovozini eshitgan boshqa milliy gvardiya xodimlari u odamni qo‘lga olib, qurolsizlantirgan. Otishma sodir bo‘lgan paytda Floridada bo‘lib, chorshanba kechqurun bayonot bilan chiqqan prezident Trampga ko‘ra, gumonlanuvchi 2021 yilning sentabrida mamlakatga noqonuniy kirgan Afg‘oniston fuqarosi bo‘lib chiqmoqda. Tramp uning administratsiyasi bunday yovuzlik, nafrat va terror akti uchun eng katta narx, ya’ni eng og‘ir jazoni berishini va’da qildi.
Ichki xavfsizlik departamenti matbuotga bergan bayonotida gumonlanuvchi “Afg‘onistondan kelgan jinoiy musofir” Rahmonulla Lakamal ekanini tasdiqladi. Uning immigratsiya maqomi noaniq edi. 2021 yilda sobiq prezident Jo Bayden davrida AQSh bu mamlakatdan tartibsiz ravishda chiqib ketganidan keyin o‘n minglab afg‘onlar maxsus immigratsiya himoyasi ostida AQShga kirishdi, deydi Oq uy rasmiylari.
“Endi biz Bayden davrida Afg‘onistondan mamlakatimizga kirib kelgan har bir musofirni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak”, deya qo‘shimcha qildi Tramp chorshanba kuni kechqurungi chiqishida.
AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati tekshiruv protokollari ko‘rib chiqilgunga qadar barcha afg‘on immigratsiya so‘rovlarini ko‘rib chiqishni to‘xtatganini aytdi.
BBC’ning yozishicha, otilgan askarlar odatda gavjum bo‘ladigan ko‘chada edi va tergovga rahbarlik qilayotgan FQB direktori ta’biri bilan aytganda gvardiyachilar “dahshatli zo‘ravonlik harakatida shafqatsizlarcha hujumga uchradi”.
Metropoliten politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi “burchakdan kelgan” va “darhol o‘qotar quroldan o‘q uzgan”. Askarlar esa “pistirmaga” tushganday bo‘lib, buni sezmay qolishgan.
Yaqin atrofdagi boshqa Milliy gvardiya xodimlari otishma ovozini eshitib, darhol javob qaytargan va muhojirni qurolsizlantirgan.
Huquq-tartibot idoralaridagi manbalarning CBS telekanaliga ma’lum qilishicha, gumondorga to‘rt marta o‘q uzilgan.
Tramp Mar-a-lagodagi qarorgohidan turib, gumonlanuvchini “hayvon” deb atadi va ikki askarni og‘ir yaralagani uchun, albatta, jazolanishini yozdi.
“Xudo buyuk Milliy gvardiyamizni, barcha harbiy va huquq-tartibot idoralarimizni o‘z panohida asrasin”, - deya qo‘shimcha qildi prezident.
Hujum paytida Kentukki shtatida qo‘shinlar oldida nutq so‘zlagan AQSh vitse-prezidenti Vens “har bir iymonli odamni” yaralanganlar uchun ibodat qilishga chaqirdi. G‘arbiy Virjiniya gubernatori Patrik Morrisining Xʼdagi postida ikkala qurbon ham o‘z shtatining Milliy gvardiyasi a’zolari bo‘lgani va olgan jarohatlaridan vafot etgani aytilgandi. Ammo tez orada u ikkinchi bayonotni e’lon qildi, unda yaralanganlar o‘lmagani, balki ahvoli og‘ir ekani bildirilgandi.
Hujum AQShning «Thanksgiving», ya’ni shukrona kuni bayrami arafasida sodir bo‘lgani uchun shaharning bosh aeroportida vaqtinchalik ish to‘xtadi.
Federal aviatsiya ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, hujumdan keyin Ronald Reygan Vashington milliy aeroporti orqali parvozlar qisqa muddatga to‘xtatilgan. Voqea joyida avtobus bekatining oynalari yo‘lak ustida sinib yotardi, deb yozadi BBC.
Chorraha politsiya mashinalari, qurollangan xavfsizlik xodimlari va milliy gvardiya qo‘shinlari bilan to‘la bo‘lgan.
Mudofaa vaziri Pit Hegsetning aytishicha, prezident hujumdan keyin Vashingtonga yana 500 nafar Milliy gvardiya a’zosini yuborishni so‘ragan. “Bu bizning Vashingtonni xavfsiz va chiroyli qilish qarorimizni kuchaytiradi”, dedi Pentagon rahbari. Hozirda esa Vashingtonda 2200 ga yaqin Milliy gvardiya askari bor.
Bu kuchlar tarkibiga Kolumbiya okrugi, shuningdek, Luiziana, Missisipi, Ogayo, Janubiy Karolina, G‘arbiy Virjiniya, Jorjiya va Alabama shtatlari kontingentlari kiradi. Ular harbiy qo‘shinlar sifatida xizmat qilish uchun faollashtirilishi mumkin bo‘lgan zaxiradagi kuchlar, ammo ular qonunni qo‘llash yoki hibsga olishlari mumkin emasligi sababli cheklangan kuchga egadir. Milliy gvardiya avgust oyida Vashingtonga, Tramp aytganidek, “nazoratdan tashqari” jinoyatlarga qarshi kurashish uchun joylashtirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda prezident Tramp Vashingtonda jinoyatlar karrasiga kamaygani, shahar tinch ekani va endi odamlar oila a’zolari bilan bemalol sayr qilib yurganini aytgan edi.
Mavzuga oid
23:24 / 01.04.2026
«Aslo unutmaymiz» - Amerika NATOda yakkalanib qoldi
22:52 / 01.04.2026
Tramp shaxsan AQSh Oliy sudidagi eshituvga keldi
18:28 / 01.04.2026
Xitoy asoschisi Mao haqidagi muhim ma’lumotlar aks etgan hujjatlar AQSh hududida qoladi
12:44 / 01.04.2026