Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi - Prezident qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya sohasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator hal etilmagan muammolar hamon mavjudligi qarorda ta'kidlab o‘tilgan.
Xususan, ichimlik suvi iste'molini hisobga olish asboblari, shuningdek, suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimi obektlariga oid zarur barcha axborotni “onlayn” rejimida kiritish, saqlash, muntazam yangilash hamda monitoring qilishni ta'minlaydigan yagona tizimning yo‘qligi suvni isrof qilish va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar oshib ketayotganining sabablaridan biri sifatida qayd etilgan.
Suv ta'minoti tarmoqlari va inshootlaridan samarasiz foydalanilayotgani, shuningdek, joylardagi asosiy fondlarni modernizatsiya qilish va yangilash loyihalari ishonchli moliyalashtirilmayotgani uskuna hamda texnikalarning, ayniqsa, qishloq joylarda tez ishdan chiqishiga sabab bo‘layotganligi ta'kidlangan.
Prezident qarori bilan suv ta'minoti va kanalizatsiya sohasidagi xizmatlar sifatini, tarmoq korxonalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, avvalambor, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish asosida ishonchli moliyalashtirish manbalarini tashkil etish maqsadida, suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:
- suv ta'minoti va kanalizatsiya korxonalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqarish hamda ulardan foydalanish sohasida ilg‘or xorijiy tajribani bosqichma-bosqich joriy qilish;
- suv ta'minoti va kanalizatsiya sohasida hisobga olish hamda monitoring qilishni ta'minlaydigan zamonaviy axborot va resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish, respublikadagi barcha iste'molchilarni ichimlik suvini hisobga oluvchi zamonaviy asboblar bilan jihozlash;
- turar joy komplekslarini qurishda sanitariya talablarini, shu jumladan, mahalliy tozalash inshootlarini qo‘llash orqali ta'minlash maqsadida kanalizatsiya obektlarini ichimlik suvi ta'minoti obektlari bilan birgalikda loyihalashtirish, qurish hamda rekonstruksiya qilish;
- ichimlik suvi ishlab chiqarish va sotish xarajatlarini o‘zi to‘liq qoplashini ta'minlaydigan, suv ta'minoti hamda kanalizatsiya obektlarini boshqarish va ulardan foydalanishga xususiy sektorni jalb qilish imkonini beradigan yangi tarif siyosatini ishlab chiqish orqali suv ta'minoti va kanalizatsiya korxonalarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash;
- suv ta'minoti va kanalizatsiya sohasi mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish.
Mavzuga oid
19:17 / 07.04.2023
Futbolni har tomonlama rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori imzolandi
21:15 / 23.02.2023
Ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolariga mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berildi – prezident qarori
18:56 / 30.01.2023
Mahalliy hokimiyatga paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatiga noqonuniy aralashish taqiqlanadi – prezident qarori
23:06 / 11.08.2020