Jahon | 11:30 / 06.06.2024
6299
5 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush davomida 210 mingdan ortiq bino vayron qilingan

Bu butun Manhetten to‘rt marta yakson etilganiga teng. The New York Times tadqiqotidan asosiy gaplar.

Libkos / Getty Images

The New York Times gazetasi Rossiya bosqini boshidan buyon Ukrainadagi vayrongarchilik ko‘lami baholangan katta tadqiqotni e’lon qildi.

Jurnalistlar olimlar bilan birgalikda mamlakat hududidagi so‘nggi ikki yil davomida shikastlangan yoki vayron bo‘lgan har bir binoning sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarini tahlil qilishgan. «Bu Ukrainadagi urush qayerlarda olib borilgani va vayrongarchiliklar ko‘lamining ilk keng qamrovli kartinasidir», — deyiladi materialda.

Tadqiqot mualliflari hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yil fevralidan 2023 yil dekabriga qadar Ukrainada 210 ming atrofida bino yakson etilgan, bular asosan qariyb 1300 kilometrga cho‘zilgan butun front chizig‘i bo‘ylab joylashgan.

Bu butun Manhetten to‘rt marta yer yuzidan supurib yuborilganidan ko‘ra ko‘proq, deya taqqoslaydi gazeta. «Ukrainaning ba’zi joylari Ikkinchi jahon urushidan keyingi Drezden yoki London yoki yarim yillik bombardimondan keyingi G‘azo sektorini eslatadi», — deya yozadi NYT.

NYT grafikasi

Surishtiruv qanday o‘tkazilgan?

Jurnalistlar masofadan zondlash sohasidagi ikki yetakchi olim — Nyu Yorkdagi Shahar universiteti aspiranturasidan Kori Sher va Oregon shtati universiteti vakili Jyeymon van der Huk bilan ishlashgan.

Tadqiqot mualliflari keng ko‘lamli urush boshlangan kunlardan 2023 yil dekabriga qadar bo‘lgan davrdagi radiolokatsion sun’iy yo‘ldoshlar olgan tasvirlardagi tarkibiy o‘zgarishlarni tahlil qilishgan.

Tasvirlar ochiq manba — Sentinel-1 Yevropa kosmik agentligi suratlaridan tanlab olingan, uning sun’iy yo‘ldoshlari har 12 kunda yer yuzasi holatini fiksatsiya qilishadi.

Tadqiqotchilar jami 50 terabayt atrofidagi tasvirlarni to‘plashgan. Ma’lumotlarni tekshirish uchun jurnalistlar Maxar Technologies va Planet Labs kompaniyalarining yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalanishgan. Vayrongarchiliklar ko‘lamini baholash uchun tasvirlar OpenStreetMap va Microsoft Global ML Building Footprins proyektlaridagi binolarning 17 milliondan ortiq konturlari bilan taqqoslangan.

Tahlilda anneksiya qilingan Qrim va Sevastopol, shuningdek Ukrainaning Vinnitsadan g‘arbdagi hududlari aks etmagan, bu hududlar bo‘yicha aniq ma’lumotlardan foydalanish imkoni yo‘q.

Vayrongarchilikdan eng ko‘p aziyat chekkan shahar — Donetsk oblastining  Mariupol shahridir, Rossiya armiyasi bu yerni 2022 yil bahori oxirlariga qadar qamal qilgandi va amalda butkul yakson etgandi. Endi shahar Rossiya hukumati tomonidan anneksiya qilingan va harbiy jinoyat izlarini yashirish uchun shoshilinch tarzda qaytadan qurilmoqda.

Ukrainaning kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi shahri Xarkiv ham kuchli darajada vayron qilingan — u hamon har kuni RF qo‘shini tomonidan raketa va artilleriya zarbalariga duchor bo‘lmoqda.

Rossiya qo‘shini tomonidan to‘liq yoki qisman vayron qilingan boshqa shaharlar esa quyidagilar — Maryinka, Rubejne, Baxmut, Irpin, Zaporijjya, Orixiv, Xerson, Nova Kaxovka, Oleshki, Reni va Izmayil portlari. Ukrainaning yirik shaharlari — Kiyev, Dnipro, Odessa va Chernihiv ham raketa zarbalaridan sezilarli darajada zarar ko‘rgan.

900 dan ortq maktablar, shifoxona va cherkovlar vayron qilingan. Ular Jyeneva konvensiyasi muhofazasi ostida edi. NYT hisoblariga ko‘ra, Ukrainada kamida 106 ta shifoxona va klinikalar (jumladan, Mariupolda 18 ta), 109 ta diniy obektlar (cherkovlar, ibodatxonalar, masjid, monastirlar), 708 ta o‘quv muassasalari (maktablar, kollejlar va universitetlar) vayron qilingan.

Gazetaning ogohlantirishicha, bu konservativ baho bo‘lib, vayrongarchiliklarning haqiqiy ko‘lami katta ehtimol bilan yanada kattaroq va o‘sishda davom etmoqda. 2024 yil mayida rus qo‘shini Xarkiv oblastida yangi yurish boshlab, front chizig‘idagi aholi yashash manzillarini yoppasiga bombardimon qilmoqda.

Rossiya qo‘shinining Xarkiv oblastidagi yurishidan Vovchansk shahri jiddiy aziyat chekmoqda
Libkos / Getty Images
24 may kuni Ukraina QU Bosh shtabi Rossiya qo‘shini «havo terrorini amalga oshirgani»ni ma’lum qildi: bir kun ichida Vovchansk boshqariluvchi aviabombalar bilan sakkiz bor o‘qqa tutilgan
Libkos / Getty Images
Libkos / Getty Images

Ukraina qurolli kuchlari ham Rossiyaning okkupatsiya qilingan Qrim va Donetskdagi pozitsiyalariga hujum qilish davomida fuqarolik obektlariga jiddiy zarar yetkazgan, deya qayd etadi nashr. «Doimo ham qaysi tomon javobgarligini aniqlash imkoni bo‘lmasa-da, Rossiya nazorati ostidagi hududlarda kuzatilgan vayrongarchilik Ukraina tomonidagi bilan solishtirganda arzimas darajada», — deya yozadi jurnalistlar.

Mavzuga oid