Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«AQSh Rossiyaning pozitsiyasini eshitmoqda». Putinning elchisi Vashingtondagi uchrashuvlar natijalari haqida gapirdi
Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev Vashingtondagi muzokaralar yakunlariga izoh berdi va Donald Tramp ma’muriyatining «asosiy vakillari» bilan uchrashganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh «Rossiyaning pozitsiyasini eshitadi» va muloqotga tayyor.
Foto: Reuters
U aynan kim bilan uchrashganiga aniqlik kiritmagan, Dmitriyev Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashgani norasmiy ravishda ma’lum qilingan.
«Biz [46-] prezident [Jo] Baydendan farqli o‘laroq, prezident Tramp ma’muriyati masalalarni hal qilishga intilayotganini aniq ko‘rmoqdamiz. Ular o‘zlarini juda hurmat bilan tutishadi, Rossiyaning pozitsiyasini tushunishadi, ko‘p savollar berishadi, murosaga kelishadi. Bu bizga berilgan ruh, yaratuvchanlik», – dedi u jurnalistlarga.
Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya-Amerika munosabatlarini tiklash muzokaralarning asosiy mavzularidan bo‘lgan.
«Prezident Tramp ma’muriyati Rossiya-AQSh munosabatlarining barcha masalalarini hal qilishni maqsad qilgan. Shubhasiz, ular geosiyosiy masalalarni hal qilishga intilishmoqda, ular Rossiyaning ko‘plab masalalar bo‘yicha pozitsiyasini eshitishmoqda», – deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, Dmitriyov Rossiya va AQSh o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovini tiklash imkoniyati haqida gapirdi, u kovid pandemiyasi boshida uzilib qolgan va Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangach, qayta tiklanmagandi.
«Aslida, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash ustida ish olib borilmoqda va biz bu masalada oldinga siljishga umid qilamiz», – dedi RFPI rahbari.
Dmitriyevning aytishicha, uchrashuvlarda Arktikadagi va kamyob yer metallarini qazib olishdagi hamkorlik muhokama qilingan, bu haqda Kremlning Tramp ma’muriyati bilan avvalgi aloqalaridan keyin aytib o‘tilgan.
«Biz barcha kelishmovchiliklarimizni hal qilishimiz uchun yana bir qator uchrashuvlar o‘tkazishimiz kerak», – dedi Rossiya prezidenti vakili.
Kirill Dmitriyev Ukrainada urush boshlanganidan beri Vashingtonga tashrif buyurgan eng yuqori martabali rossiyalik amaldor bo‘ldi.
Oq uy muzokaralar natijalariga hozircha izoh bermadi.
Bloomberg agentligining muzokaralar jarayonidan xabardor manbaga tayanib xabar berishicha, tomonlar keyingi harakatlarni boshlashidan oldin AQSh Dmitriyev Putinga tashrif natijalari haqida hisobot berishini kutmoqda.
Payshanba kuni Bloomberg Rossiya hali ham Donald Tramp Ukrainada maqbul tinchlik kelishuvini ta’minlashiga umid qilayotgani, biroq muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, urushni davom ettirishga tayyorligini yozgandi.
Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Kreml Trampning o‘t ochishni to‘xtatish masalasida oldinga siljish bo‘lmagan taqdirda Rossiya nefti xaridorlariga qarshi ikkilamchi sanksiyalar joriy etish bilan qilgan tahdididan xavotirda emas.
Trampning yordamchilari, jumladan, Stiv Uitkoff ham Rossiya bilan muzokaralarda oldinga siljishga optimistik munosabat bildirgan. Shu bilan birga, so‘nggi kunlarda tinchlik yo‘li bilan hal qilish bo‘yicha aniq qadamlar haqida xabar berilmadi.
«Oq uy 20 aprelga qadar sulh bo‘yicha kelishuvga erishishni maqsad qilgandi, biroq endi bu maqsad amalga oshishi dargumon, Tramp va Putin o‘rtasida yaqin orada o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan sammit haqidagi gap-so‘zlar esa so‘nggi vaqtlarda tinib qolgan», – deb yozadi Bloomberg.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning agentlikka ma’lum qilishicha, Rossiya «muammoni hal qilish uchun ma’lum o‘zaro sa’y-harakatlarni davom ettirishni afzal ko‘radi».
«Hamma janjallashishni emas, balki gapirishni va nafaqat gapirishni, balki tinglashlarini ham afzal ko‘radi – bizda Amerikaning hozirgi Amerika ma’muriyati bilan shunday narsa bor», – dedi Peskov.
Bloomberg garchi Rossiya jang maydonida oldinga siljiyotgan va Ukrainaga nisbatan jonli kuch va qurol-yarog‘ bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lsa-da, g‘arblik tahlilchilarda ruslar ulkan yo‘qotishlarga uchrayotgani haqida ma’lumot borligini eslatgan.
NBC News ma’muriyat vakillariga tayanib xabar berishicha, Trampning atrofidagilar Rossiya prezidenti o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish majburiyatini olmaguncha, unga Vladimir Putin bilan gaplashmaslikni maslahat bermoqda.
Yakshanba kuni Tramp NBC News telekanaliga intervyusida Putin bilan shu hafta gaplashishni rejalashtirayotganini aytgandi.
Mavzuga oid
23:05 / 19.02.2026
Tramp «Tinchlik kengashi» yordamida BMT rolini kuchaytirish rejalarini e’lon qildi
20:02 / 17.02.2026
«G‘arbga xiyonat qildi». Hillari Klinton Trampning siyosatini keskin tanqid qildi
13:21 / 17.02.2026
Rubio AQSh–Vengriya munosabatlarida “oltin davr” boshlanganini aytdi
08:24 / 17.02.2026