Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«G‘arbga xiyonat qildi». Hillari Klinton Trampning siyosatini keskin tanqid qildi
Hillari Klinton va Chexiya bosh vaziri o‘rinbosari Myunxen konferensiyasida Tramp siyosati dunyoni qayerga olib borayotgani haqida qizg‘in bahs olib borishdi.
Foto:J acquelyn Martin/AP
Myunxen konferensiyasi doirasidagi sessiyalardan birida AQSh sobiq davlat kotibi Hillari Klinton va Chexiya bosh vaziri o‘rinbosari Petr Masinka Rossiya-Ukraina urushi kontekstida Donald Tramp ma’muriyati roli borasida bahslashib qoldi. Klinton Trampni G‘arb qadriyatlariga «xiyonat qilish»da aybladi, Masinka esa Trampning siyosati «uzoqqa ketib qolgan» so‘l liberallarning kun tartibiga javob ekanini aytdi. Ularning besh daqiqalik qizg‘in muloqoti dunyodagi ko‘plab nashrlarida tarqaldi – bu bahs Tramp figurasi, uning Rossiya-Ukraina urushiga yondashuvi hamda kelajakdagi dunyo qurilishi borasidagi munozaralar tufayli jamoatchilik fikri qutblashishi kontekstida namuna bo‘ldi. Quyida ushbu siyosatchilar bahsi qisqartirilgan ko‘rinishda keltiriladi.
Klinton. Men Tramp ma’muriyatining Ukrainaga nisbatan pozitsiyasini uyatli deb hisoblayman. Men Ukrainani Vladimir Putin bilan kelishuvga majburlashga urinishlarni sharmandalik deb hisoblayman. Men Putin va Trampning ukrain xalqining azob-uqubatlari va o‘limidan foyda ko‘rishga urinishlarini tarixiy xato deb hisoblayman.
Men yana shunday hisoblaymanki, Ukraina bizning demokratiya, bizning erkinlik va sivilizatsiya qadriyatlarimizni himoya qilish uchun kurashmoqda, bir kishining uni boshqarishga bo‘lgan telbavor intilishi tufayli minglab odamlarini yo‘qotmoqda. Tramp yoki buni tushunmayapti, yoki unga buning farqi yo‘q.
Tramp G‘arbga xiyonat qildi. U insoniy qadriyatlarga xiyonat qildi. U NATO nizomiga, Atlantika xartiyasiga, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga xiyonat qildi. Insoniyat nazoratsiz hokimiyatni istovchi odamlarni to‘xtatish uchun ko‘p ish qilgan. Bu yerdagilarning hech biri Putin kabi hech qanday jazo olmasdan istagan ishni qilish mumkin bo‘lgan rejimda yashashni hech qachon xohlamagan bo‘lardi. Ammo Tramp hozir o‘z hokimiyati uchun namuna sifatida aynan Putin rejimiga suyanmoqda.
Masinka. Ko‘ryapmanki, siz uni chindan ham yoqtirmaysiz.
Klinton. Mutlaqo shunday. Ammo menga aslida nafaqat uning o‘zi, balki AQSh va dunyo bilan qilayotgan ishlari ham yoqmayapti. Agar siz buni qandaydir yaxshi narsaga olib keladi deb hisoblasangiz, masalani yaxshilab o‘rganib chiqishingiz kerak bo‘ladi.
Masinka. Tramp Amerika bilan qilayotgan ish – bu reaksiya. Haddan oshib ketgan ba’zi siyosiy trendlarga reaksiya. Oddiy odamlardan uzoqlashib ketgan, reallikdan uzoqlashib ketganlarga. Vouk-inqilobi. Men gender inqilob, iqlim o‘zgarishlari bo‘rttirilishiga qo‘shilmayman…
Klinton (uning gapini bo‘ladi). Nimaga? Ayollarning ham huquqi borligigami?
Masinka. Men o‘ylaymanki, ikkita gender bor. Ayrimlar esa ikkitadan ko‘proq deb o‘ylaydi. Men uchun esa faqat ikki gender bor – erkak va ayol. Qolganlari, katta ehtimol bilan – ijtimoiy g‘oya. Va bu haddan tashqari uzoqqa ketib qolish.
Klinton (uning gapini bo‘ladi). Va bu frontda o‘z ozodligi uchun, ikki gender huquqlari uchun jon berayotgan ukrainlarning manfaatlariga xiyonatni oqlaydimi?
Masinka. So‘zlarim sizni asabiylashtirgani uchun uzr so‘rayman. Siz aytdingizki, Ukraina bizning kelajagimiz va bizning erkinligimiz uchun jang qilmoqda. Men esa Ukraina o‘zining kelajagi, o‘z ozodligi, o‘z suvereniteti va mustaqilligi uchun kurashyapti deb hisoblayman. Albatta, biz ularga yordam berishimiz kerak.
Men Tramp ma’muriyati Ukrainaga urushni to‘xtatishda yordam beryaptimi, buni bilmayman. Ammo men ishonamanki, uning yondashuvi aynan shunday. Men Rossiyani Ukrainani vayron qilishni to‘xtatishga majbur qila oladigan boshqa kuchli geosiyosiy o‘yinchilarni ko‘rmayapman. Xitoy bo‘lishi mumkin – ammo Xitoy hech narsa qilmayapti. Men Tramp Rossiyaga urushni to‘xtatishi uchun bosim qilyaptimi, buni bilmayman. Lekin ko‘rib turibmanki, buni faqat amerikaliklar qila oladi.
Yevropa bosim qilmoqda. Biz sanksiyalar qo‘llayapmiz. Qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. Ammo o‘ylashimcha, ruslarga farqi yo‘q. Ukrainaga borganimda, odamlar chindan ham urushni tugatish istagida birdamligini ko‘rdim. Va ular hozirda bir yil oldin hech kimning xayoliga kelmagan ishni qilishmoqda. Ular yon berishga tayyor. Endi to‘p Rossiya tomonida. Ammo men ular tomondan urushni yakunlash istagini ko‘rmayapman.
Mavzuga oid
13:21
Rubio AQSh–Vengriya munosabatlarida “oltin davr” boshlanganini aytdi
08:24
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan AQShga boradi
20:39 / 16.02.2026
Epshteyn fayllarida tilga olingan 300 nafar siyosatchi va mashhurlar ismi oshkor qilindi
11:25 / 16.02.2026