Jahon | 18:06 / 08.10.2025
18276
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda pedofillar ozodlikka chiqishdan oldin bichiladi

Voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan kimyoviy kastratsiya (bichish) ozodlikka chiqishdan 6 oy oldin qo‘llaniladi.

Foto: Zakon.kz

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi «Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi buyruqqa o‘zgartirishlar kiritdi.

Hujjatga ko‘ra, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan kimyoviy kastratsiya (bichish) ozodlikka chiqishdan 6 oy oldin qo‘llaniladi. Bunda kastratsiya majburlov chorasi sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan muassasa ma’muriyati jazoni o‘tash muddati tugashidan kamida 12 oy oldin mahbusda ruhiy nuqsonlar va jinsiy zo‘ravonlikka moyillik mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun sud-psixiatriya ekspertizasini tayinlash uchun materiallarni sudga yuboradi.

Ta’kidlanishicha, bu normalar ruhiy holatning aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda buzilganligi aniqlangani munosabati bilan sudning qaroriga ko‘ra tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilayotgan mahkumlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Qozog‘istonda bolalarni zo‘rlaganlarga nisbatan kimyoviy kastratsiya qo‘llash 2018 yildan boshlab joriy etilgan. Muolaja faqat sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasiga ko‘ra voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etishga moyil deb topilgan shaxslarga nisbatan sud hukmi bilan amalga oshiriladi.

O‘tgan yilning fevral oyida qozog‘istonlik deputatlar bolalarni zo‘rlaganlarni jarrohlik yo‘li bilan kastratsiya qilishni taklif qilgan edi. Ammo tashabbus hozircha amalga oshirilmadi.

Mavzuga oid