Jahon | 16:08 / 04.11.2023
22539
12 daqiqa o‘qiladi

Buldozer yoki «Killdozer» - amerikalik tadbirkor o‘ziga nohaqlik qilgan kompaniya va shahar ma’muriyati binosini nega buzgandi?

AQShda beton zavodi egasi yonidagi ustaxonani sotib olishda g‘irromlik qiladi. Kelishilgan narxni bekor qilib, yer-mulkni arzonga olmoqchi bo‘ladi. Ustaxona egasi ko‘nmagach uning yeriga boradigan yo‘lni to‘sib qo‘yadi. Chorasiz qolgan usta katta buldozer bilan avval beton zavodini, so‘ng o‘ziga nohaqlik qilgan shahar ma’muriyati binosini buzadi. Bu hodisa AQShda juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi.

Foto: wikipedia.org

Dunyo taraqqiy etar ekan, turli davlatlarda eski binolar buzilib, yangisi quriladi. Davlat tasarrufida bo‘lgan yer yo bino qaysidir tadbirkorga sotiladi. Yoki bir tadbirkor ikkinchisining yer-mulkini sotib oladi.

Gap «snos»lar yoki mulk oldi-sotdisi haqida ketar ekan, bu ish turli davlatlarda turlicha amalga oshiriladi. Qaysidir davlatda ijro hokimiyati tomonidan yer-mulk tortib olinib, arzimagan haq to‘lanadi.

Boshqasida esa jarayonga ijro hokimiyati aralashmaydi, shunchaki puli ko‘p kompaniya boshqalarning yer-mulklarini arzonga olishga urinadi. Bunday ishlarda ayrim holatlarda xaridor kompaniya turli g‘irromliklardan ham qaytmaydi.

Ana shunday g‘irrom savdolardan biri 2004 yilda Amerikaning Kolorado shtatida sodir bo‘ladi. Beton ishlab chiqaruvchi kompaniya o‘z korxonasiga tutash yerda joylashgan ustaxona egasi Marvin Ximeyyerga g‘irrom o‘yin qiladi. Shunda o‘z mijozlaridan ayrilgan usta so‘nggi chorani qo‘llaydi.

Marvin Ximeyyer \ Foto: dirty.ru

Hodisadan avval

1951 yilda Janubiy Dakotada tug‘ilgan Marvin Ximeyyer o‘z vaqtida Vetnam urushida harbiy muhandis bo‘lib qatnashgandi. U o‘sha urushda asosan harbiy samolyotlar hamda vertolyotlarni ta’mirlash bilan shug‘ullanadi.

Urushdan qaytgach uzoq yillar davomida AQSh harbiy-havo kuchlari tarkibida aerodrom texnik xodimi sifatida ishlab, nafaqaga chiqadi.

1990-yillar boshida Marvin Kolorado shatatiga, Grenbi shahri yaqinidagi Grand-Leyk shaharchasiga ko‘chib keladi. 1992 yilda u Grenbi shahar chetidan 2 akr (8,1 ming metr kvadrat) yerni 42 ming dollarga sotib oladi.

Marvin u yerda avtomobillarni ta’mirlovchi ustaxona ochadi. Boshqa qismiga avtomobillar uchun ehtiyot qism ishlab chiqaruvchi korxona qurishni reja qiladi.

2001 yilgacha Marvinda hech qanday muammo bo‘lmaydi va u anchagina mijoz orttiradi. Biroq o‘sha yili vaziyat tubdan o‘zgarib ketadi va u ish faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Gap shundaki, 2001 yilda Marvinning yeri va ustaxonasiga tutash bo‘lgan yerni mahalliy kompaniyalardan biri sotib oladi va beton ishlab chiqaruvchi zavod quradi.

Mazkur kompaniya ancha yirik bo‘lib, boshqa joylarda ham uning beton tayyorlovchi zavodlari bor edi. Ish boshlaganidan ko‘p o‘tmay kompaniya atrofdagi yer-mulklarni sotib olib, beton zavodni kengaytirishga qaror qiladi.

Marvin Ximeyyer \ Foto: mogilev.by

Kompaniya egasi bo‘lgan ayol eng avval Marvinbilan og‘zaki kelishuvga erishadi. Usta unga o‘z yer-mulkini 250 ming dollarga sotishga rozi bo‘ladi. Biroq ayol beton zavodga tutash boshqa yer-mulklarni arzonroqqa ola boshlagach Marvin bilan kelishuvni bekor qiladi.

Ko‘p o‘tmay ayol atrofdagi barcha yerni sotib olgach Marvinning yer-mulki unga qarashli bo‘lgan yerning o‘rtasida qolib ketadi. Marvinning ustaxonasini katta yo‘l bilan bog‘laydigan ko‘cha qoladi.

Shunda ayol Marvinga yer-mulkini arzonroq bersa sotib olishi mumkinligini aytadi. Tabiiyki, u ko‘nmaydi. Shunda ayol Marvinning ustaxonasiga keladigan yo‘lni yopib qo‘yadi. Oqibatda, usta chorasiz qoladi va o‘z mijozlaridan ayriladi.

Marvin kompaniyaning ishidan shikoyat qilib, Grenbi shahar ma’muriyatiga boradi. Biroq u yerdagilar Marvinga kompaniya egasi bilan o‘zi kelishishi kerakligini aytadi.

Keyinchalik masala shahar ma’muriyatida ko‘rib chiqilganda ayol Marvinga tuhmat qiladi. U ustaning yer-mulkini 250 ming dollarga sotib olmoqchi bo‘lganini, biroq Marvin bu taklifni rad etib, narxni oshirganini ma’lum qiladi.

Biroq Marvin narxni oshirmaganini ta’kidlaydi. Uni yaqindan taniydiganlar buni tasdiqlashadi va aksincha kompaniya egasi yerni arzonroq olish uchun dastlabki taklifidan voz kechganini aytadi. Biroq shahar ma’muriyati buni e’tiborga olmaydi.

Grenbi shahri markazi \ Foto: isitestespark.com

Chorasiz qolgan Marvin kompaniya egasi bilan muzokara o‘tkazib ko‘radi, biroq natija bo‘lmaydi. Shundan so‘ng u kompaniyani sudga beradi va yutqazadi.

Oxir-oqibat Marvin mutlaqo chorasiz qoladi va beton zavod egalari hamda o‘ziga nisbatan nohaqlik qilgan shahar ma’muriyatiga qarshi noodatiy yo‘l bilan kurashishga qaror qiladi.

Zirhli buldozer

2002 yilda Marvin Kaliforniyaga boradi va o‘ziga boshqa yo‘l ochish uchun Yaponiyaning Komatsu kompaniyasida ishlab chiqarilgan yirik o‘lchamli, zanjirda harakatlanadigan Komatsu D355A buldozerini sotib oladi.

Komatsu D355A buldozeri \ Foto: kolesa.kz

Biroq buldozerni keltirganidan so‘ng uning fikri o‘zgaradi va yer-mulkini sotuvga qo‘yadi. Marvinning yeriga olib boradigan yo‘l yo‘qligi uchun auksionda unga bor-yo‘g‘i 45 ming dollar narx belgilashadi.

Biroq savdo Marvin uchun omadli tugaydi. Uning yer-mulkiga boshlang‘ich narxdan qariyb 10 barobar ko‘p pul taklif etishadi va 425 ming dollarga sotiladi.

Marvinga buldozerni o‘q o‘tmas texnikaga aylantirish uchun joy kerak edi. Shu sababli u o‘zi sotgan ustaxonani yangi egasidan ijaraga oladi va buldozerni o‘q o‘tmaydigan zirhli texnikaga aylantirish uchun ish boshlaydi.

Ikki yil davomida Marvin buldozerning ustini ikki qavatli qalin metall bo‘laklari bilan o‘rab chiqadi. So‘ng ular orasiga beton quyadi va zirhning qalinligi 30 santimetrga yetadi.

Marvin buldozerning to‘rt tomoniga kamera, ichiga bir nechta ekran o‘rnatadi. Kameralarni 6-7 santimetr qalinlikdagi o‘q o‘tkazmaydigan shaffof plastik bilan o‘rab chiqadi.

U shu tariqa temir bo‘laklari bilan yopib tashlangan buldozerda hamma yoqni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Marvin kameralarni chang qoplab qolmasligining oldini olish uchun ularga shamol purkaydigan moslama o‘rnatadi.

Buldozer kabinasida konditsioner o‘rnatilgandi. Mabodo u ishlamay qolsa, ichkaridagi havoni almashtirib turish uchun shamol parragi tayyorlab qo‘yilgandi.

Buldozer zirhli ko‘rinishga keltirilgandan so‘ng \ Foto: adfaver.ru

O‘ch olish uchun hujum 

2004 yil 4 iyun kuni Marvin zirhlangan buldozer ichiga suv, oziq-ovqat zaxirasi, bir nechta o‘qotar qurol bilan kirib oladi va beton zavod egasi hamda unga tarafkash bo‘lganlardan o‘ch olish uchun harakat boshlaydi.

Marvin eng avval to‘siqni buzib kirib, beton zavod va uning ma’muriyatini vayron qiladi. So‘ng Grenbi shahri markaziga qarab harakatlanadi. U manzilga yetgach beton zavod tomonida turib o‘ziga qarshi bir nechta maqola e’lon qilgan mahalliy gazeta tahririyati joylashgan binoni buzib tashlaydi.

O‘sha paytda hodisa joyiga darhol politsiya bo‘linmalari yetib keladi. Biroq buldozerni to‘xtatish va uning ichidan Marvinni chiqarib olishning iloji yo‘q edi.

Politsiyachilar tomonidan buldozerga qarata 200 dan ortiq o‘qlar uziladi, biroq ular zirhni teshib o‘ta olmasdi. Politsiyachilar buldozerni uch marta portlatishga urinishadi. Biroq barcha harakat behuda ketadi.

Marvin Killdozer bilan beton zavodni buzmoqda.

Shundan so‘ng buldozer harakatlanayotgan tomonda joylashgan binolarda bo‘lgan odamlar zudlik bilan evakuatsiya qilinadi.

Marvinning navbatdagi nishoni o‘ziga nohaqlik qilgan sudyaning uyi bo‘ladi. U sudya ham beton zavodi egasining tomonida turib nohaqlik qildi deb hisoblaydi. Undan keyin shahar ma’muriyati binosiga zarar yetkazadi.

Zirhlangan katta buldozer turli binolarni bir hamladayoq tekislab tashlar ekan, mahalliy ma’muriyat, politsiya, o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar unga qarshi nima chora qo‘llashni bilmasdi.

Buldozerga yana o‘qotar qurollardan o‘t ochib ko‘rishadi, uni brontominomyot bilan mo‘ljalga olishadi, nafi bo‘lmaydi. Zirhlangan ulkan transportni to‘xtatishning mutlaqo iloji yo‘q edi.

Shundan so‘ng Kolorado shtati gubernatori Bil Oins Marvinni to‘xtatish uchun ikkita variantni muhokama qiladi. Biri Milliy gvardiya vertolyoti bilan tepadan turib buldozerga raketa zarbasini berish yoki uni tanklarga qarshi qo‘llanadigan «Javelin» raketasi bilan nishonga olish edi.

Biroq buldozerni nishonga olishga hojat qolmaydi. Marvin buldozer bilan hamma yoqni tekislay boshlaganiga 2 soatdan oshganda texnikada nosozlik kuzatiladi va u harakatdan to‘xtaydi.

Marvin politsiyaga taslim bo‘lishni xohlamaydi va buldozer kabinasida o‘z joniga qasd qiladi.

O‘sha kuni Marvin umumiy hisobda 13 ta turli binoga zarar yetkazadi. Odamlardan hech kim jarohatlanmaydi. Keyinchalik hisoblab qo‘rilganda yetkazilgan zarar miqdori 7 million dollar ekani ma’lum bo‘ladi.

Hodisa haqidagi xabar Amerika OAV, telekanallar va internet tarmog‘ida tarqalar ekan, ushbu noxush hodisa tufayli o‘ziga gard yuqtirishni xohlamagan shahar ma’muriyati Marvinni ruhiy xasta deb ma’lumot tarqatadi.

Internetda tarqatilgan ma’lumotlarda uni byurokratik to‘siqlarga va hokimiyat vakillarining yirik kompaniyalarga «sotilishi»ga qarshi isyon bilan chiqqanini yoza boshlashadi. Shu sababli Marvin bilan sodir bo‘lgan hodisa haqida eshitganlar uni «Amerikaning so‘nggi qahramoni» deb atay boshlashadi.

Buldozer to‘xtab qolgandan so‘ng uning tepa qismidagi lyukni ochib, Marvinning jasadini chiqarib olish uchun bir sutka vaqt sarflashadi.

Foto: wikipedia.org

Hodisadan so‘ng

Marvin buldozeri bilan shahardagi binolarni tekislar ekan, hodisa butun mamlakat bo‘ylab ovoza bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay Marvin sodir etgan ish haqida surishtiruv boshlanadi.

Eng avval Marvinning Grand-Leykda joylashgan uyida tintuv o‘tkaziladi. U yerdagi kompyuterdan buldozerni zirhli texnikaga aylantirish bo‘yicha chizmalar topiladi.

Shuningdek, kompyuterdan Marvin o‘z akasiga jo‘natgan bir nechta ovozli xabar topiladi. U o‘z xabarida Xudo unga oila va farzandlar bermay, shu qasos ishga tayyorlagani haqida gapirgan ekan.

Bundan tashqari, Marvinning uyidan uni xafa qilgan odamlarning ism-shariflari yozilgan ro‘yxat topiladi. Beton zavod tegishli bo‘lgan kompaniya egasining ism-sharifi ro‘yxatda birinchi bo‘lib turardi. Pastda esa sudya, shahar ma’muriyati, gazeta redaktori kabilarning oti yozilgandi.

Boshqa bir yozuvda esa maqsadi faqat qurilayotgan beton zavodini buzish bo‘lganini qayd etgandi.

Hodisadan so‘ng amerikaliklar «Killdozer» deb atay boshlagan buldozer qariyb bir yil qarovsiz holatda turadi. 2005 yilda Marvinning tarafdorlari esdalik sifatida bo‘laklab ketmasligi uchun buldozerni metallolomga topshirib yuborishadi.

Keyinchalik Marvin haqida bir nechta hujjatli filmlar suratga olinadi. Maqolalar e’lon qilinadi. Bugun Amerikada uni juda ko‘pchilik adolatsizlikka qarshi kurashgan qahramon sifatida eslaydi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid