Iqtisodiyot | 17:05
1492
5 daqiqa o‘qiladi

AQShda Federal zaxira tizimi raisi Jyerom Pauellga nisbatan tergov boshlandi

AQSh Adliya vazirligi FZT raisi Jyerom Pauellga nisbatan jinoiy tergov boshladi. Regulyator rahbari bu harakatni Oq uy talabiga binoan asosiy foiz stavkasini pasaytirishdan bosh tortgani bilan bog‘layapti. «Jinoiy javobgarlikka tortish tahdidi Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini prezidentning xohish-istaklariga qarab emas, balki xalq manfaatlariga nima xizmat qilishi haqidagi eng yaxshi baholarimiz asosida belgilayotgani oqibatidir», - dedi u bayonotida.

Foto: REUTERS

AQSh Adliya vazirligi Federal zaxira tizimi raisi Jyerom Pauellga jinoiy ayblov e’lon qilish bilan tahdid qildi. FZT raisi bu ishni prezident Donald Tramp bilan asosiy foiz stavkasini pasaytirish masalasidagi bahsi bilan bog‘layapti.

Yakshanba kuni Pauell videomurojaat bilan chiqib, AQSh Adliya vazirligi FZTga chaqiruv qog‘ozi yuborgani va Vashingtondagi markaziy bank shtab-kvartirasini rekonstruksiya qilish masalasi yuzasidan Senat qo‘mitasiga bergan ko‘rsatmalari sabab unga jinoiy ayblov qo‘yish bilan tahdid qilinganini bildirdi.

«Jinoiy javobgarlikka tortish tahdidi Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini prezidentning xohish-istaklariga qarab emas, balki xalq manfaatlariga nima xizmat qilishi haqidagi eng yaxshi baholarimiz asosida belgilayotgani oqibatidir», — dedi FZT raisi bayonotida.

«Men qonun ustuvorligi va demokratiyamizdagi hisobdorlikni chuqur hurmat qilaman. Albatta, hech kim, jumladan, FZT raisi ham qonundan ustun emas. Biroq bu misli ko‘rilmagan harakatni ma’muriyat tomonidan bo‘layotgan tahdidlar va davom etayotgan bosimlarning kengroq kontekstida ko‘rib chiqish lozim», — deya qo‘shimcha qildi u.

Jyerom Pauell FZTda to‘rtta ma’muriyat davrida, ham respublikachilar, ham demokratlar bilan birdek ishlaganini aytarkan, o‘z faoliyatida siyosiy qo‘rquv yo tarafkashlikka berilmagani, faqat narxlar barqarorligi va bandlikni ta’minlash borasidagi mas’uliyatini asosiy o‘ringa qo‘yganini aytdi.

«Davlat xizmati ba’zan tahdidlar qarshisida sobit turishni taqozo qiladi. Men Senat tasdiqlagan faoliyatimni halollik bilan, Amerika xalqiga xizmat qilish mas’uliyati bilan bajarishda davom etaman», – dedi Pauell bayonoti yakunida.

Prezident Tramp yakshanba kuni NBC Newsʼga bergan intervyusida FZT rahbariga nisbatan Adliya vazirligi olib borayotgan tergov haqida hech narsa bilmasligini aytdi.

«Bu haqda hech narsa bilmayman, ammo u FZTda o‘z ishini juda yaxshi bajarayotgani yo‘q va binolar qurishda ham epchil emas», — dedi Tramp Pauell haqida.

Tramp nimadan norozi?

Tergov prokurorlar tomonidan hali rasman tasdiqlamagan bo‘lsa-da, bu ish AQSh prezidenti va FZT raisi o‘rtasida davom etayotgan mojaroda navbatdagi keskinlashuv bosqichi bo‘lishi mumkin. Tramp Pauellni o‘zining birinchi prezidentlik muddatida — 2017 yilda Federal zaxira tizimi rahbarligiga tayinlagandi. U Jo Bayden davrida ham o‘z ishini davom ettirdi. FZT rahbari lavozimida uning vakolatlari 2026 yilda tugaydi.

Saylovoldi kampaniyasi davomida amerikaliklarga kreditlar bo‘yicha past stavkalar va’da qilgan Tramp Pauellni asosiy foiz stavkasini keskin pasaytirish talablariga qarshi chiqqanlikda ayblab, ijtimoiy tarmoqlar orqali keskin tanqid qilib keladi. Shu bilan birga, FZT qarorlarni prezident va umuman ijro etuvchi hokimiyatdan mustaqil ravishda qabul qiladi. Bu markaziy bank faoliyatining asosiy tamoyili hisoblanadi.

Bundan tashqari, Tramp Pauellni FZT shtab-kvartirasi 2,5 milliard dollarga rekonstruksiya qilinayotgani uchun ham tanqid qiladi. O‘tgan hafta New York Times’ga bergan intervyusida Tramp yangi FZT raisligiga nomzod bo‘yicha qaror qabul qilganini aytdi. Bu lavozimga asosiy da’vogarlardan biri sifatida Trampning maslahatchisi Kevin Hassett tilga olinyapti.

FZT binolarini rekonstruksiya qilish ishlari 2022 yilda boshlangan va 2027 yilgacha yakunlanishi kerak. NYTʼning yozishicha, loyiha qiymati dastlabki belgilangan miqdordan taxminan 700 mln dollarga oshib ketishi mumkin.

FZT tomonining ma’lum qilishicha, shtab-kvartira 1930 yillarda qurilganidan beri u yerda kompleks ta’mirlash ishlari olib borilmagan. Xususan, asbest va qo‘rg‘oshin bilan ifloslanishni bartaraf etish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoit yaratish talab etiladi. Dastlabki loyihada bir qator jihatlar inobatga olinmagan.

Iqtisodchi va ekspertlar ushbu vaziyatni AQShda markaziy bank mustaqilligiga jiddiy tahdid sifatida baholamoqda. Ularning fikricha, FZTning siyosiy bosimdan mustaqil bo‘lishi inflatsiyani nazorat qilish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

2025 yilning iyul oyida ham Tramp AQSh Markaziy banki binosining ta’mirlash xarajatlari oshib ketganini aytib, uning rahbarini uyaltirmoqchi bo‘lgandi. Jonli efirda yuz bergan bahsda FZT rahbari Jyerom Pauell bunga qarshi chiqib, prezident bu summaga besh yil avval ta’mirlangan boshqa binoni ham qo‘shib yuborganini ta’kidlagandi.

Mavzuga oid