Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Hizbulloh” Livan ichkarisiga siqib chiqariladimi?
Yaqin Sharqdagi urush fonida Isroil o‘z chegarasidan shimolda yangi bufer zona yaratish rejasini ilgari surmoqda. Bu – 2000 yilgacha mavjud bo‘lgan xavfsizlik hududini eslatadi. Xo‘sh, Livan janubida bu gal nimalar bo‘lyapti? Professor Farhod Karimov Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida mavzuni xaritalar uzra sharhlab berdi.
— So‘nggi voqealar fonida Isroil-Livan chegarasidagi vaziyat qanday?
Farhod Karimov: Isroil Livan hududida bufer zona yaratishini e’lon qildi. Ma’lumki, 2000 yilgacha ham Isroil o‘zi uchun xavfsizlik zonasini belgilagan edi. Bu hudud taxminan 120 kilometr uzunlikka cho‘zilgan bo‘lib, chegara bo‘ylab joylashgan edi. Bugungi kunda e’lon qilinayotgan reja va taqdim etilayotgan xaritalar aynan o‘sha 2000 yilgacha mavjud bo‘lgan bufer zonani eslatadi.
Shuningdek, 1982–1985 yillardagi birinchi Livan urushidan so‘ng chegara hududlariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti tinchlikparvar kuchlari joylashtirilgan edi. Biroq ular 2000 yilgacha bo‘lgan davrda ham kutilgan darajada samarali faoliyat yurita olmadi va natijada chegara bilan bog‘liq muammolar to‘liq hal etilmadi.
O‘rta Yer dengizi sohilidagi Naqura shahridan Hermon tog‘larigacha bo‘lgan hududlarda Isroil bugungi kunda o‘zining asosiy xavfsizlik zonasini e’lon qilmoqda. Mazkur hududga harbiy kuchlar allaqachon kiritilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mart oyida bu jarayonga uchta diviziya jalb etilgani aytilgan edi. So‘nggi xabarlarga qaraganda esa hozirda beshta alohida diviziya jalb etilgan.
Ko‘rinib turibdiki, Isroil ushbu hududlardan Livandagi “Hizbulloh” harakatini siqib chiqarish hamda nazoratni to‘liq o‘z qo‘liga olishga qaratilgan harbiy operatsiyalarni boshlab yuborgan.
Isroil tomonidan “sariq chiziq” sifatida e’lon qilingan hududlar aynan mana shu sariq bilan belgilangan zonalarni qamrab oladi. Ushbu chiziq beshta asosiy shahar va hududni o‘z ichiga oladi hamda xalqaro muhokamalarda “sariq yo‘lak” nomi bilan tilga olinmoqda. Mazkur hudud O‘rta Yer dengizi sohilidagi Tir viloyatidan boshlanadi. Tirning janubida joylashgan Ash-Shaab hududidan boshlab, Hermon tog‘lari etagigacha cho‘ziladi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi, xususan uzumchilik rivojlangan yirik fermalar mavjud bo‘lib, Livan uchun muhim iqtisodiy ahamiyatga ega.
Bugungi kunda Isroil aynan shu hududlarni o‘z nazoratiga olishga kirishgan. Agar 2000-yillarda Isroil qo‘shinlari 30 kilometrgacha ichkariga kirgan bo‘lsa, hozirda asosan 5 kilometrdan 10 kilometrgacha bo‘lgan hududlarni qamrab olmoqda. Biroq jarayon bu bilan to‘xtab qolayotgani yo‘q. Aksincha, 2000 yildagi holatdan ham ilgarilab, Litani daryosigacha yetib borish ehtimoli muhokama qilinmoqda.
Litani daryosigacha yetib borish – bu amalda “Hizbulloh” nazoratidagi hududlarni to‘liq o‘z ta’sir doirasiga olish deganidir. Xususan, 2023 yildan buyon bu hududlarda bir nechta qishloq vayron qilingani, hatto 1500 ga yaqin ijtimoiy obekt yo‘q qilingani va hududlarning harbiy maqsadlarda qayta shakllantirilgani haqida ma’lumotlar mavjud.
2023 yilda G‘azo mojarosidan so‘ng “Hizbulloh”ning harbiy harakatlarga aralashuvi vaziyatni yanada keskinlashtirdi. “Hizbulloh” Isroilning shimoliy hududlariga zarba bergach, Amerika Qo‘shma Shtatlari vositachiligida muzokaralar o‘tkazildi. Shundan so‘ng Isroil rasmiy Bayrutga qat’iy talab qo‘ydi: “Hizbulloh”ni to‘liq qurolsizlantirish, aks holda 2000 yilda tark etilgan hududlarga qaytish.
17 aprelda e’lon qilingan sulhdan keyin ham bu jarayon yana faollashgani kuzatilmoqda. Rasmiy ravishda o‘t ochish to‘xtatilgan bo‘lsa-da, amalda Isroil “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish va hududlarni neytrallashtirish bo‘yicha harakatlarni davom ettirmoqda. Sulh hali yakunlanmagan va yana uch kun davomida amal qilishi kerak, biroq hozirning o‘zidayoq uning ayrim shartlari buzilayotgani kuzatilmoqda.
Amalda esa sulh e’lon qilinganidan buyon biror kun ham to‘liq rioya qilingani yo‘q. Bu holat nafaqat huquqiy, balki siyosiy nuqtayi nazardan ham kelishuv shartlarining bajarilmayotganini ko‘rsatadi. Isroil rasmiylari hujum qilmayotganini ta’kidlasa-da, Bayrutning o‘zi ham yaqinda zarbalardan xoli bo‘lmadi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Eron bilan bog‘liq masalalarga jalb etilgani fonida, Eronning mintaqadagi ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari cheklanmoqda. Bu esa Isroilga o‘z xavfsizlik zonalarini kengaytirish va hududiy nazoratni mustahkamlash imkonini berayotganini ko‘rsatadi.
To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.