O‘zbekiston | 15:30 / 08.11.2022
30548
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada «o‘g‘irlik qilmoqchi bo‘lgani uchun» qamab qo‘yilgan 15 yoshli o‘smir IIB muassasasida vafot etdi

Foto: KUN.UZ

Farg‘ona viloyati prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda viloyatdagi IIB binosidan 15 yoshli o‘smirning murdasi chiqqani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi Sulton qishlog‘ida yashagan, 2007 yilda tug‘ilgan R.A. joriy yil 16 oktabr kuni Buvayda tumanidagi «Ansor» savdo majmuasida ota-onasining nazoratisiz yurgani va ushbu majmuada o‘g‘irlik qilmoqchi bo‘lganida IIB xodimlari tomonidan ushlangan. 15 yoshli yigit tuman IIB boshlig‘ining shu kungi qarori bilan Qo‘qon shahrida joylashgan viloyat IIB JXX HPB VEIHYoKMga joylashtirilgan.

Viloyat prokuraturasiga ko‘ra, markazga joylashtirilgan kunning ertasiga – 17 oktyabrda R.A.ning sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgan. Shundan so‘ng, tez yordam xodimlari unga tibbiy yordam ko‘rsatib, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga «bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi» sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan 18 oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida, jinoyatga bevosita aloqador ikki nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan. Shuningdek, viloyat IIB xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Mas’ullar voqea joyida bo‘lib turgan Kun.uz muxbiriga izoh berishdan qochmoqda.

Mavzuga oid