O‘zbekiston | 19:02 / 03.03.2026
13408
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent bosh rejasi o‘zgardi. Shaharning 30 ta nuqtasida yirik majmualar qad rostlaydi

Toshkent shahridagi 1,5 ming gektar maydonda 30 ta yirik ko‘chmas mulk loyihasi amalga oshiriladi – umumiy qiymati 14,5 mlrd dollarga baholangan majmualar ro‘yxati hukumat qarori bilan tasdiqlandi. Ro‘yxatdagi yirik majmualar, xususan renovatsiya qilinadigan mavzelar hududining kamida 30 foizi yashil maydonlar bo‘lishi kerak. Shaharda yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlar (“tochechnaya zastroyka”)dan voz kechilishi belgilandi.

Toshkent shahri / Foto: Kun.uz

28 fevral kuni “Toshkent shahrida kompleks qurilish tamoyili asosida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda yashil hududlarni barpo etish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hukumat qarori qabul qilingan. Hujjat Lex.uz'ga joylandi.

Qaror bilan, Toshkent shahrida 1512 gektar yer uchastkasida xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 14,5 mlrd dollarga baholangan jami 30 ta yirik ko‘chmas mulk loyihasi (turar va noturar majmualar) ro‘yxati tasdiqlandi.

Belgilanishicha, yirik renovatsiya va rekonstruksiya loyihalarini amalga oshirishda har bir loyihaga kompleks qurilish tamoyili asosida yondashiladi va hududning kamida 30 foizida yashil maydonlar tashkil etiladi.

Yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlardan voz kechiladi.

Tanlangan hududlardagi qurilishlardan tushadigan infratuzilma to‘lovlari va boshqa ajratmalar hisobidan 9 ta hududda “Toshkent Invest” kompaniyasi tomonidan umumiy maydoni 139,6 gektar bo‘lgan yangi yashil hududlar – jamoat parklari tashkil etiladi.

Shuningdek, Yangihayot tumani Xo‘ja Uchqun va Yangi Gulzor mahallalari hududida yer maydoni 799 gektar, loyiha qiymati 1 mlrd 670 mln dollar bo‘lgan “Yangi avlod” sanoat zonasi barpo etiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Toshkent shahrining 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasiga ko‘plab o‘zgarishlar kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, poytaxt bosh rejasi 2024 yil dekabr oyida tasdiqlangan va uning o‘zgarishi o‘tgan yildan beri kutilayotgan edi.

Loyihalar ro‘yxati:

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid