Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Ichki ishlar vazirligi va “O‘zenergoinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
![](https://storage.kun.uz/source/10/Y7ww5_h_iGYK1Tva5S3EIpyroM6agu-q.jpg)
Xususan, Yangiyo‘l shahrida yashovchi I.N. 10 dona Antminer L3++ rusumli mayning qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, mayning faoliyati bilan shug‘ullanishi natijasida, davlat manfaatlariga 1 mlrd 19 mln 400 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
Qibray tumanida istiqomat qiluvchi R.J.ning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u hech qanday ruxsatnomasiz mayning faoliyati bilan shug‘ullanib, 685 mln 939 ming so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilganligi aniqlandi va undan 2 ta to‘plamda bo‘lgan mayning qurilmalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Qibray tumanida kuzatilgan yana bir holatda, M.S. o‘zining yashash manzilida kriptovaluta ishlab chiqarish faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shug‘ullanib, 3 ta to‘plamda bo‘lgan mayning qurilmalaridan foydalanishi natijasida, elektr energiyasi bo‘yicha davlat manfaatlariga 579 mln 474 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.