O‘zbekiston | 14:52 / 06.03.2026
1357
2 daqiqa o‘qiladi

Elektr quvvatlantirish shoxobchalari xatlovi nima uchun o‘tkazilmoqda?

So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida elektr quvvatlantirish shoxobchalari mavzusi keng muhokama qilinmoqda. Shahar hokimligi mazkur masala yuzasidan izoh berib, o‘tkazilayotgan xatlov ishlari tarmoq faoliyatini to‘xtatish emas, balki uni tartibga solish va xavfsizligini ta’minlashga qaratilganini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Ma’lum qilinishicha, shahardagi elektr quvvatlantirish infratuzilmasi ishlashda davom etmoqda. Ayni paytda Toshkentda quvvati 20 kVtdan yuqori bo‘lgan qariyb 1300 ta tezkor quvvatlantirish qurilmasi o‘rnatilgan.

Shahar hokimligi tashabbusi bilan 3 mart kuni 12 ta ishchi guruh tuzilib, ular tomonidan shoxobchalarni xatlovdan o‘tkazish ishlari boshlangan. Hozirga qadar 300 dan ortiq shoxobcha tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Xatlov natijasida ayrim qoidabuzarliklar ham aniqlangan. Jumladan, 101 ta shoxobcha zarur hujjatlari mavjud emasligi sababli vaqtincha elektr tarmog‘idan uzilgan. Shuningdek, 62 ta shoxobchaning elektr ta’minoti korxonalari bilan shartnomasi yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, quvvati 20 kVtdan yuqori bo‘lgan tezkor quvvatlantirish qurilmalari elektr tarmog‘i uchun katta yuklama hisoblanadi. Agar bunday ulanishlar texnik shartlar va hisob-kitoblarsiz amalga oshirilsa, turar joy binolarida elektr ta’minotida uzilishlar va ortiqcha yuklama yuzaga kelishi mumkin.

Shahar hokimligiga ko‘ra, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar elektromobillik rivojini cheklashga emas, balki energiya tizimining xavfsiz va barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan.

Qayd etilishicha, qonunchilik talablariga rioya qilgan holda ishlashga tayyor tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish uchun shahar hokimligi ochiq. Huquqiy baho berish esa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid