O‘zbekiston | 14:37 / 21.03.2026
5860
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik harbiylar AQShda o‘tkazilgan musobaqada rekord natija qayd etishdi

O‘zbekistonlik harbiylar Ilhom Salomov hamda Turdimurod Avlayev AQShda o‘tkazilgan “Eng ilg‘or jangchi–2026” musobaqasida qatnashdi. Ular jamoaviy va yakka bahslarda yuqori natija qayd etib, musobaqa rekordini yangilagan. Xususan, ular 20 kg yuk bilan 20 km masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 48 daqiqa ichida bajargan.

Foto: Mudofaa vazirligi

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari AQShda o‘tkazilgan musobaqada yuqori natijani qo‘lga kiritishdi. Bu haqda Kun.uz’ga vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Harbiy xizmatchilar Ilhom Salomov va Turdimurod Avlayev 16–18-mart kunlari Missisipi shtatidagi “Camp Shelby” harbiy-o‘quv bazasida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or jangchi–2026” musobaqasida ishtirok etgan. Ular musobaqada AQSh Milliy gvardiyasining maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashgan.

Musobaqa davomida harbiy xizmatchilar jismoniy va ruhiy zo‘riqishlarni yechishga qaratilgan majmuaviy to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 km masofaga oriyentirlash, 20 kg yuk bilan 20 km masofaga marsh yugurish, artilleriya olovini boshqarish, NATO namunasidagi o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga yoyish, yig‘ish va jangovar holatga keltirish kabi 13 ta shartni muvaffaqiyatli bajargan.

Harbiy xizmatchilar jamoaviy bahs –20 kg yuk bilan 20 km masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 48 daqiqada uddalagan. Shunindek, yakka tartibdagi bahslarda Turdimurod Avlayev jismoniy va ruhiy zo‘riqishlarni o‘zida jamlagan majmuaviy to‘siqlar yo‘lagini 10 daqiqa 34 soniyada bosib o‘tgan. Ilhom Salomov esa tunda 15 km masofaga oriyentirlash shartini 59 daqiqada bajarishga muyassar bo‘lgan. Ular mazkur shartlarning barchasida musobaqa rekordini yangilagan.

Yakunda o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlangan. Qayd etilishicha, mazkur musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019 yildan beri muvaffaqiyatli qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritib keladi.

Avvalroq O‘zbekiston harbiylari Pokistonda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada ham rekord natija qayd etgandi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid