O‘zbekiston | 17:58 / 17.10.2025
4615
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqi bilan yangi bitimni imzolash uchun Bryusselga tashrif buyuradi

Bitim 24 oktyabr kuni imzolanadi va tomonlarning islohotlarni davom ettirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va global hamkorlikka sodiqligini ta’kidlaydi.

O‘zbekiston prezidenti 2025 yil 24 oktyabr kuni YeI bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (KShHB) imzolash uchun Bryusselga tashrif buyuradi. Bitim siyosiy, savdo va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichini belgilaydi, aloqalarni mustahkamlaydi hamda islohotlar va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydi, deb xabar berdi Euronews.

Qayd qilinishicha, bitim tomonlarning islohotlarni davom ettirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va global hamkorlikka sodiqligini ta’kidlaydi, shu bilan birga joriy yilning noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan «Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo» investitsiya forumi kabi keyingi tashabbuslar uchun zamin yaratadi.

KShHB Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi, zamonaviy va istiqbolli asos yaratishi kutilmoqda. Bitim hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi va savdo-iqtisodiy munosabatlarning me’yoriy-huquqiy bazasini sezilarli darajada yangilaydi.

«Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim yoki EPCA O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarda tarixiy bosqichni belgilaydi», deb izoh berdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi. «U 1996 yilgi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning o‘rnini bosadi va mamlakatimiz shundan buyon siyosiy, iqtisodiy va institutsional jihatdan qanchalik oldinga siljiganini aks ettiradi».

Mavzuga oid