Jahon | 09:47
2065
7 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukraina uchun pul topdi, lekin bu Rossiya aktivlari emas

YeI mamlakatlari yetakchilari Ukrainaga muzlatilgan Rossiya aktivlarini o‘tkazish masalasida kelishuvga erisha olmadi. Shunga qaramay, Kiyev moliyaviy yordamsiz qolmaydi. YeI sammiti qanday o‘tdi - DW reportajida.

Foto: REUTERS

Ukrainani keyingi ikki yil davomida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yo‘llari izlangan Yevropa Ittifoqining eng uzoq va eng keskin sammitlaridan biri Bryusselda 19 dekabr, juma kuni soat taxminan 03:00 larda yakunlandi.

Muzokaralar stolida Yevropa Komissiyasining (YeK) ikki taklifi turgan: muzlatilgan Rossiya aktivlari hisobidan “reparatsion kredit” va YeIning umumiy qarzi orqali moliyalashtirish. Sammit oxirigacha “reparatsion kredit” mexanizmi ustida ishlanganiga qaramay, bu g‘oyani vaqtincha orqaga surishga to‘g‘ri keldi. YeI yetakchilari YeI budjeti imkoniyatlaridan foydalangan holda Ukrainaga 90 mlrd yevro miqdorida kredit berish bo‘yicha kelishib oldi. Shu bilan birga, ular muzlatilgan Rossiya aktivlari hisobidan “reparatsion kredit” ustida qo‘shma ishni davom ettirishga va’da berdi.

“Bizda kelishuv bor. Ukrainaga 2026–2027 yillar uchun 90 mlrd yevro miqdorida qo‘llab-quvvatlash taqdim etish haqidagi qaror ma’qullandi. Biz majburiyat oldik — uni bajardik”, — deb yozdi Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta muzokaralar tugagan zahoti X tarmog‘ida.

Rossiya Ukrainaga qarshi boshlagan urushning dastlabki davrida YeIda 210 mlrd yevro muzlatilgan, shundan 180 mlrd yevrodan ortig‘i Belgiya hududidagi Euroclear depozitariysida saqlanadi. XVJ baholashicha, 2026 va 2027 yillarda Ukraina ehtiyojlarini moliyalashtirish uchun Kiyevga 137 mlrd yevro kerak.

Yevrokomissiya bu summaning 90 mlrd yevrosini muzlatilgan Rossiya aktivlari hisobidan ajratishni taklif qildi. YeK yuridik jamoasi ta’kidlashicha, “reparatsion kredit” taklifi xalqaro huquq me’yorlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Ammo Belgiya bu variantga qat’iy qarshi chiqdi.

Belgiya bosh vaziri Bart De Vever Euroclear Belgiya yurisdiksiyasida bo‘lgani uchun, agar Rossiya aktivlarning o‘tkazilishiga sudda e’tiroz bildirsa, barcha yuridik va moliyaviy xavf-xatarlarni aynan Belgiya ko‘tarishini aytdi. U shunday taklif qildi: agar YeI Rossiya aktivlaridan foydalanmoqchi bo‘lsa, Rossiya Markaziy banki pullari muzlatilgan barcha mamlakatlar “muvofiqlashgan holda harakat qilishi” kerak.

Belgiya pozitsiyasining mohiyati — unga muddatsiz va cheklanmagan moliyaviy kafolatlar berish, ya’ni blank check protection, Rossiyaning ehtimoliy sud da’volariga qarshi o‘zini sug‘urtalash edi.

Italiya, Malta va Bolgariya qo‘llab-quvvatlagan Belgiyaning “reparatsion qarz” borasidagi pozitsiyasi ancha qat’iy bo‘lishiga qaramay, muzokarachilar oxirigacha aynan shu yo‘nalishda ishladi. DW'ning Yevropa kengashidagi bir necha manbalari yetakchilar Bart De Veverni ko‘ndirish va unga “deyarli xohlagan hamma narsasini berish” niyatida bo‘lganini bildirgan.

Sammit boshlanishidan oldin YeI rahbariyati, xususan Antoniu Koshta jurnalistlarga: yetakchilar “2026 va 2027 yillarda Ukraina moliyaviy ehtiyojlarini ta’minlash bo‘yicha yakuniy qarorsiz bu kengashdan ketmaydi”, deb va’da bergan.

DW'ga yuqori lavozimli yevropalik amaldor aytishicha, Koshta Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Bryusselga uchib kelishga aynan o‘zi ko‘ndirgan — avvalda u yetakchilar bilan videaloqa orqali muloqot qilishi rejalashtirilgan edi. DW manbalariga ko‘ra, Koshta Zelenskiyning Yevropa kengashi a’zolari bilan sammit oldidan shaxsiy uchrashuvi va, eng asosiysi, uning Bart De Vever bilan yuzma-yuz suhbati muzlatilgan Rossiya aktivlarini Ukrainaga berishga qarshi bo‘lgan mamlakatlar pozitsiyasini o‘zgartirishga yordam beradi, deb umid qilgan.

Matbuot anjumani chog‘ida Zelenskiy De Vever bilan suhbat tafsilotlarini ochiqlamadi. Biroq Rossiyaning ehtimoliy sud da’volari oqibatlari De Veverni xavotirga solayotganini va u keltirayotgan dalillar adolatlimi, degan savolga Ukraina prezidenti shunday javob berdi: “U aytayotgan xavflarni tushunaman. Lekin biz — urushdamiz va meningcha, biz ancha katta xavf ichidamiz”.

Shuningdek, Bryusselda Zelenskiy Yevropa yetakchilariga moliyalashtirish haqida qaror qabul qilish qanchalik shoshilinch ekanini tushuntirdi: chunki armiya va budjet xarajatlari uchun pul Kiyevga aprelda kerak. Aks holda bu xarajatlarni qisqartirish og‘ir va qaytarib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi. Buni Polsha bosh vaziri Donald Tusk sammit boshlanishidan oldin jurnalistlarga shunday ta’riflagan: “Hozir bizda oddiy tanlov bor: yo bugun pul, yo ertaga qon”.

Yevropa yetakchilari Ukraina masalasini eng oxirida muhokama qildi. DW'ga sammitda qatnashgan diplomat aytishicha, yig‘ilish qatnashchilari kun tartibidagi boshqa masalalar — YeI kengayishi, blokning yetti yillik budjeti va Mercosur savdo kelishuvi haqida bahslashar ekan, sammit zaliga yondosh xonada Yevrokomissiya, Belgiya hukumati va boshqa a’zo mamlakatlar jamoalari “hammaga ma’qul bo‘ladigan murosa topish” uchun “reparatsion kredit”ning barcha tafsilotlarini parallel ravishda ishlab chiqqan. DW suhbatdoshlaridan bir nechasi Rossiya aktivlarini Ukrainaga o‘tkazish masalasidek murakkab muhokamani eslamasligini aytgan.

Biroq to‘rt soatlik muzokaralardan keyin “reparatsion kredit” g‘oyasi orqaga surildi — go‘yoki bir necha mamlakat Bart De Vever talab qilgan cheklanmagan moliyaviy kafolatlarni ortiqcha deb hisoblab, unga rozi bo‘lmagan.

Shundan so‘ng Ukrainaga YeI budjeti kafolati ostida umumiy qarzlar hisobidan 90 mlrd yevro kredit berish va bir vaqtning o‘zida “reparatsion kredit” yechimi ustida ishni davom ettirishga qaror qilindi. Muhimi, bu variantga avval YeI budjeti hisobidan qarzlar haqidagi qarorni (u yakdil qabul qilinishi kerak) bloklashini aytgan Chexiya, Slovakiya va Vengriya ham rozi bo‘ldi.

Bryusseldagi matbuot anjumanida Zelenskiy Ukraina uchun moliyaviy yordam qaysi shaklda berilishi muhim emasligini bildirdi. “Lekin to‘g‘riroq shakl — ‘reparatsion kredit’: Rossiya aybdor ekanini va reparatsiya to‘lashi kerakligini tushunishi uchun”, — dedi Ukraina prezidenti. Ammo, hozircha Bryussel Kremlga bunday signal yuborishga qat’iy qaror qilmagan.

Mavzuga oid