O‘zbekiston | 21:51 / 05.02.2019
128027
4 daqiqa o‘qiladi

GM Uzbekistan global platformadagi modellarni ishlab chiqaradi – Cobalt to‘xtatiladi

O‘zbekistonda yangi platformadagi avtomobillarni ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. 2021 yil boshidan global shassi negizida 3ta yangi model ishlab chiqiladi. «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Aziz Shukurov Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan tadbirda Kun.uz muxbiri savoliga javob berar ekan, shu haqda ma'lum qildi. 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Avtomobil sanoati kechagi kun va istiqbollar» mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida «O‘zavtosanoat» AJ va «GM Uzbekistan» kompaniyasi vakillari ishtirok etib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi. Bundan tashqari, Captiva segmentidagi avtomobillarga bo‘lgan talabni to‘ldirish maqsadida 2019 yil uchinchi choragidan SUV (Sport Utility Vehicle) namunasidagi 2 xil avtomobilni yirik uzelli yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi. 

Bundan tashqari, GM Uzbekistan 2018 yilda ilk bor 220 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqargan. 2017 yilda 140 ming avtomobil xaridorlarga yetkazib berilgani e'tiborga olinsa, bu sezilarli ijobiy o‘zgarishdir. Qolaversa, 2030 yilga borib har 1000 kishiga 144 ta avtomobil to‘g‘ri kelishi hisobga olinsa, kelasi 10 yilda bir yilda ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini 400 mingga yetkazish ustida ish olib boriladi. Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda 1000 kishiga 78 donani tashkil etmoqda. 

Tadbirda ma'lum qilinishicha, GM Uzbekistan modellar qatorini yangilash borasida ham yangicha yo‘l tutishga qaror qilgan. Jumladan, Cobalt sedanining yangi namunasini ishlab chiqarish rejasi bekor qilingan. 2018 yil sentabr oylarida birmuncha o‘zgarishlar kiritilgan Cobalt 2019 yildan ishlab chiqarilishi bildirilgan edi. 

«Yangi Cobalt’ni yangi deb bo‘lmaydi. Braziliyadagi GM kompaniyasi bu loyihani 2016 yilda joriy qilgan, shu yilning oxirida Cobalt u yerda ham ishlab chiqarishdan olinadi. Biz eski modellar ortidan quvish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblaymiz. Shunga ko‘ra, yangi Cobalt ishlab chiqarish rejasi bekor qilinadi», — dedi Shukurov. 

GM Uzbekistan AQShning General Motors konserni bilan global avtobozorda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilayotgan yangi avtomobillarni O‘zbekistonda ham ishlab chiqarishga kelishib olgan. 

Bundan avval, «GM konsernining amaldagi yoki xorijda konveyerdan olingan modellar O‘zbekistonga olib kelingan hamda o‘rtacha 9−10 yil davomida ishlab chiqilgan. Hozirda, 3-5 yilda modellarni yangilash talab etilmoqda. Biz hamkorlarimiz bilan yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. Kelgusi 3 yilda Asaka zavodida ishlab chiqarilayotgan modellar qatori butunlay yangilanadi», - dedi Azizbek Shukurov.

Uning bildirishicha, 2018 yil mobaynida 25,5 mln. dollarlik avtomobil va ehtiyot qismlar eksport qilingan bo‘lsa, joriy 2019 yilda ushbu ko‘rsatkichni 118,6 mln. dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, GM Uzbekistan nomi kelgusi bir necha oy ichida o‘zgarishi kutilmoqda. Yangi nom esa alohida e'lon qilinadi. 

Mavzuga oid