Sobiq MXX binosi hududidagi daraxtlar boshqa hududga ko‘chirilayotgani ma’lum bo‘ldi
Ekologiya vazirligi bu daraxtlar kesilib, noma’lum tomonga olib ketilayotgani haqidagi xabarga izoh berdi.
Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosi hududidagi daraxtlar boshqa joyga ko‘chirilmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi. Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda bu daraxtlar kesilib, noma’lum tomonga olib ketilayotgani haqida xabar tarqalgan edi.
Qayd qilinishicha, holat Ekologiya vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan va hududdagi 26 tup eman daraxti belgilangan tartibda boshqa hududga ko‘chirilayotgani ma’lum bo‘lgan.
Jarayonga mas’ul «Muna Mag» korxonasi rahbari Farrux Hakimov so‘zlariga ko‘ra, boshqa hududga ko‘chirilgan daraxtlar to‘liq yashab ketishi uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘riladi.
«Ayni damda 14 tup eman daraxti ko‘chirildi. Qolgan 12 tup daraxtni ham ko‘chirish jarayoni ketmoqda. Bunda barcha agrotexnik tadbirlar bajarilmoqda, daraxtlar yashab ketishi uchun zarur o‘g‘itlar, ozuqa moddalari bilan ta’minlanmoqda. Boshqa hududga ko‘chirilgan daraxtlar to‘liq yashab ketadi va buning uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘riladi», deb uning so‘zlarini keltirdi vazirlik.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, bu daraxtlar ko‘chirib o‘tkazilganidan keyin 3 yil davomida doimiy sug‘orish, o‘g‘itlash, ildiz tizimini oziqlantirish, hasharotlar va zararkunandalarga qarshi kurash va boshqa zarur ishlar amalga oshiriladi. Ko‘chirilayotgan daraxtlar Toshkent viloyatidagi bog‘ uchun mo‘ljallangan hududga o‘tqaziladi.
Mavzuga oid
16:18 / 15.11.2024
Yangiyo‘lda 5 tup daraxtni kesib tashlagan shaxs tabiatga 533 mln so‘m zarar yetkazdi
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024