Jamiyat | 18:42 / 11.07.2020
67279
6 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlar faoliyati beqadrligicha qolmoqda. Bir murojaat 45 vrachning jamoaviy murojaatiga aylandi

24 iyun kuni Kun.uz saytida «Koronavirusga qarshi kurashga jalb etilgan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar berilmayapti(mi?)» sarlavhali maqola e'lon qilinib, unda koronavirusga qarshi kurashga jalb etilgan shifokor Sherali Baxronovga qonunchilikda belgilangan qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanmayotgani to‘g‘risida so‘z yuritilgandi.

Oradan ma'lum muddat o‘tib, Sh.Baxronov tahririyat bilan qayta bog‘landi. Buni qarangki, bu safar u yolg‘iz emasdi: endilikda murojaat jamoaviy tus olib, uning yoniga qolgan 44 nafar hamkasbi, ya'ni RShTYoIMning Toshkent shahar Yakkasaroy tumani 10-sonli tez tibbiy yordam bo‘limining koronavirus infeksiyasiga qarshi tashkil etilgan maxsus brigadasining barcha vrachlari qo‘shilgan.

Shifokorlarning tahririyatga ma'lum qilishicha, keyinroq ularga oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovning ikki oyligi, ya'ni 2 206 000 so‘mdan to‘langan, uchinchi oy uchun esa to‘lanmay qolgan.

Bundan tashqari, 2020 yil 26 martdagi PQ-4652-sonli Prezident qarorida koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan vrach xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun 25 million so‘mlik maxsus to‘lov to‘lanishi belgilangan bo‘lsa-da, bu qaror ijro etilmay, mazkur to‘lov ularga umuman to‘lanmagan.

«Karantin zonadan test natijasi ijobiy chiqqanlarni shifoxonalarga olib borib yotqizamiz. 6 foiz qo‘shimcha to‘lovning 2 oyini – 2 206 000 so‘m berishdi, 1 oyi qoldi. Maxsus to‘lovni to‘lashlarini so‘raganimizda esa mas'ullardan: «Bu to‘lov sizlarga to‘g‘ri kelmas ekan, faqat tasdiqlangan bemorlarni shifoxonada davolayotganlarga to‘lanarkan, «yuqori»dan shunday deyishyapti», degan javobni oldik.

Koronavirusga chalingan bemorlar bilan bevosita muloqotda bo‘lamiz. Xudo ko‘rsatmasin-u, o‘zimiz ham infeksiya yuqtirib olib, hayotdan ko‘z yumadigan bo‘lsak, bu uchun kim javob beradi? Nega ishimizga bunchalik past nazar bilan qarashyapti?» – deydi maxsus brigada vrachlaridan biri.

«Yaqinda OAVda karantin zonasidagi vrachning kasallik yuqtirib olib vafot etishi to‘g‘risida ma'lumot tarqaldi va SSV vakillari marhumning yaqinlariga kompensatsiya to‘lab berishdi. Karantin zonasida kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lganlar yoki boshqa shubha ostidagilar saqlanadi, bizlar esa kasalligi rasman tasdiqlangan bemorlarni tashiymiz, ishimizning xavfliligi ularnikidan aslo kam emas, lekin bizlarga qo‘shimcha to‘lov to‘lanmayapti, qani adolat?», – deydi Sh.Baxronov.

Ma'lum bo‘lishicha, brigada vrachlari maxsus to‘lov bo‘yicha rahbariyatga murojaat qilishganida, ular maxsus to‘lov to‘lanadigan tibbiyot xodimlari toifasiga kirmasliklari haqidagi javobni olishgan.

Karantin davrida minglab fuqarolar karantin qoidalarini buzganliklari uchun ularga ma'muriy jarimalar qo‘llandi, karantin qoidalarini buzgan minglab haydovchilardan 4 460 000 so‘mdan jarimalar undirildi. Fuqarolardan jarima undirish bo‘lsa faol harakat qilamiz-u, afsuski, koronavirusga qarshi kurashda tinim bilmay zahmat chekayotgan tibbiyot xodimlarining mehnatini Prezident hujjatlarida va'da qilinganidek rag‘batlantirish masalasiga kelganda turli bahonalarni o‘ylab topamiz.

Ta'kidlash lozimki, 2020 yil 26 martdagi PQ-4652-sonli Prezident qarorining 1-bandida:

  •  koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan;
  •  zararlangan bemorlar joylashtirilgan obektlarda faoliyat olib boradigan;
  •  koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib boradigan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun maxsus to‘lov to‘lanishi belgilangan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, maxsus brigada vrachlari 1-bandda tilga olingan koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan tibbiyot xodimlari toifasiga kiradi va shu sababdan hech qanday bahonalarsiz ularga maxsus to‘lov to‘lanishi lozim.

Shuningdek, Sh.Baxronovning Kun.uz tahririyatiga yo‘llagan murojaati yuzasidan unga Yakkasaroy tumani prokuraturasi tomonidan ma'lumotnoma berilgan bo‘lib, unda Sh.Baxronovga mart, aprel oylari uchun 6 foizlik to‘lov berilishi ma'lum qilingan. Biroq ma'lumotnomada may oyi uchun 6 foizlik to‘lov hamda Prezident qaroriga asosan to‘lanishi lozim bo‘lgan maxsus to‘lov haqida so‘z yuritilmagan.

Umid qilamizki, mas'ul idoralar tez orada o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib ishlayotgan maxsus brigada xodimlariga to‘lanishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha va maxsus to‘lovlarni to‘lab berishadi va prokuratura organlari ham mazkur vaziyatga jiddiy yondashib, Konstitutsiyada aytilganidek, qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni to‘liq amalga oshirishadi.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid