Sport | 11:04 / 08.04.2026
4842
6 daqiqa o‘qiladi

Sindorov Nomzodlar turniridagi peshqadamlikni davom ettirmoqda

U navbatdagi turda durang o‘ynaganiga qaramay, eng yaqin ta’qibchisi bilan oradagi farqni uzaytirdi – ikkinchi o‘rindagi Fabiano Karuana bu turda Hikaru Nakamuraga yutqazib qo‘ydi.

O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov 7 aprel kuni Nomzodlar turnirining sakkizinchi turida rossiyalik grossmeyster Andrey Yesipenko bilan durang qayd etdi.

Raqiblar 24-yurishdan keyinoq durangga rozi bo‘lishdi.

Endilikda o‘zbekistonlik shaxmatchi 8 imkoniyatdan 6,5 ochko (5 g‘alaba va 3a durang) jamg‘arib, turnir jadvalidagi yakka peshqadamlikni davom ettirmoqda.

Ochko yo‘qotganiga qaramay, u eng yaqin ta’qibchisi – Fabiano Karuana bilan oradagi farqni oshirib oldi. Amerikalik shaxmatchi AQShning boshqa bir vakili Hikaru Nakamuraga mag‘lub bo‘ldi va endi Sindorovdan 2 ochkoga ortda qolmoqda.

Uchinchi o‘rinda kelayotgan niderlandiyalik Anish Giri va to‘rtinchi o‘rindagi hindistonlik Rameshbabu Pragnanandha o‘rtasidagi bahs ham durang bilan yakunlandi va ular ham yuqoriga ko‘tarila olmadi. 5 va 6-o‘rinlardagi germaniyalik Mattias Blyubaum va xitoylik Vey I ham durangga imzo chekishdi.

Bugun, 8 aprel kuni Sindorov to‘qqizinchi tur doirasida Blyubaumga qarshi qora donalarda o‘ynaydi. Ushbu shaxmatchilarning birinchi davradagi bahsida durang qayd etilgandi.

O‘zbekistonlik shaxmatchi Yesipenko bilan bahsdan keyin bergan intervyusida tavakkalchilikni emas, ishonchli strategiyani tanlaganini aytgan.

«Raqibimdan kataloncha boshlanishga o‘xshash variant kutgandim. Debyutdan keyin tayyorgarligimdagi pozitsiya yuzaga keldi va u menga yoqa boshladi. Andrey uzoq o‘yladi. Bir payt tushundimki, agar piyoda qurbon qilmasam, shunchaki biroz ustunlikka ega, lekin cho‘zilgan o‘yin bo‘ladi. Shu tufayli tashabbus uchun piyoda qurbon qildim», deydi u.

Uning fikricha, shu qurbonlikdan keyin pozitsiya ancha qulay bo‘lgan: «O‘sha vaziyat menga juda yoqdi. Umuman olganda, bugungi natijani yaxshi deb baholayman».

Durang natija uning o‘yiniga ta’sir qiladimi, degan savolga Sindarov quyidagicha javob berdi:

«Oldin ham duranglar bo‘lgan. Men uchun eng muhimi sifatli shaxmat o‘ynash. Imkoniyat paydo bo‘lsa, har doim raqibga bosim qilishga harakat qilaman».

Shuningdek, u partiyadagi birinchi yurish braziliyalik futbolchi David Luiz tomonidan amalga oshirilganini ham eslab o‘tdi:

«Men ham, Andrey ham futbol muxlisimiz. Bunday mehmonlar kelganda juda xursand bo‘laman».

O‘z tayyorgarligining tarqalib ketgani haqida gapirarkan, u gap eski variantlar haqida ketayotgani, shundan so‘ng o‘zi ancha ehtiyotkor bo‘lib qolganini qayd etdi.

 

Tayyorgarlik jarayonining bir qismi avvalroq Lichess platformasida sizib chiqqani haqidagi savolga javob berar ekan, Sindarov buni jiddiy muammo deb hisoblamasligini ta’kidladi:

«Umuman olganda – yo‘q, bu muammo emas. Ushbu yozuvlarni oxirgi marta qachon ochganimni ham eslamayman. Lekin Jahon kubogi paytida muxlislarim menga: „Hoy, materiallaring maxfiy emas ekan…“ deb yozishgandi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shandan beri u «ancha ehtiyotkor bo‘lib qolgan va bunday tahlillardan foydalanmaslikka harakat qilmoqda».

«Agar kimdir ularni ko‘rgan bo‘lsa ham, bu katta ehtimol bilan eski variantlardir. Kimdir buni ko‘ra olgani haqiqatan ham hayratlanarli, chunki men doim hamma narsani maxfiy holatda ochardim. Ammo u yerda maxfiylik rejimini ikki marta yoqish kerak ekan, men esa buni tez-tez unutib qo‘yardim. Balki kimdir variantlarni ko‘rib qolgandir. Lekin bu men uchun ahamiyatsiz, chunki ular eski tayyorgarliklar», – deya tushuntirdi Sindarov.

Magnus Karlsen kabi jahon yulduzlarining e’tibori haqidagi savolga javob berarkan, grossmeyster tashqi baholarga chalg‘imaslikka harakat qilayotganini ta’kidladi.

«Ha, hozirgi ishtirokim juda kuchli ko‘rinayotganini tushunib turibman. Ammo bu shunchaki bitta turnir… Musobaqa hali davom etmoqda va men bunday narsalarga chalg‘ishni istamayman», – dedi u.

Yakunda u vatandoshi Nodirbek Abdusattorovning iliq so‘zlariga ham munosabat bildirdi. Avvalroq Abdusattorov Sindorov ushbu turnirda o‘zining asl salohiyatini ko‘rsatayotgani va g‘alabaga loyiqligini aytgandi.

«Buni eshitish juda yoqimli. Biz haqiqatan ham birga o‘sdik, ko‘plab turnirlarda birga o‘ynadik, yaqin do‘stlarmiz… Men u uchun juda xursandman – u qatorasiga uchta yirik turnirda g‘olib chiqdi. Umid qilamanki, qachondir u ham jahon chempioni bo‘ladi», – dedi Javohir.

Ma’lumot uchun, 29 mart kuni Kiprda boshlangan 2026 yilgi Nomzodlar turniri 15 aprelga qadar davom etadi. Unda sayyoraning 8 nafar kuchli grossmeysteri ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar ikki davrada (jami 14 tur) o‘zaro kurash olib boradi. G‘olib amaldagi jahon chempioni Dommaradju Gukesh bilan shaxmat toji uchun bahs yuritish huquqini qo‘lga kiritadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid