APLda chempionlik va YeChL yo‘llanmasi uchun kurash avjiga chiqmoqda. Hafta o‘yinlari anonsi
Italiya va Germaniyada chempion nomi aniq bo‘ldi, Fransiya va Ispaniyada ham bu yaqin turlarda hal bo‘ladi. Ammo ushbu ligalarda ham kamida Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash davom etmoqda. Angliyada esa katta ehtimol bilan «Siti» va «Arsenal», balki «Liverpul» ishtirokidagi sirtqi kurashning guvohi bo‘lamiz. Mana shu kurashning ilk tomoshasi shu turdan boshlanadi – davraga «Tottenhem» qo‘shilmoqda. Jamoa qatorasiga har bir da’vogar bilan o‘ynab chiqadi. «Tottenhem» sovrin yutmasligi mumkin, ammo katta ehtimol bilan chempionni aniqlab berishi mumkin. Quyida ushbu haftadagi asosiy uchrashuvlar haqida batafsil to‘xtalganmiz.
ASTON VILLA – CheLSI (27 aprel, 23:55)
Birinchi davrada «Aston Villa» Londonda g‘alaba qozonganida, bu bir sensatsiya sifatida baholangandi. Ammo keyin ma’lum bo‘lishicha, bugungi o‘yinda ham Emeri shogirdlari favorit, zero jamoa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun «Tottenhem» bilan kurashmoqda. Hozirgi vaziyat tenglik, faqat taqvim e’tibori bilan «Aston Villa»ning imkoniyati yuqoriroq baholanmoqda.
Taqvim oson deyish mumkin, lekin agar raqiblarga qaralsa, «Chelsi»dan keyin «Brayton»ga safar – birinchi o‘yinda 6:1 hisobida birminhemliklar g‘alaba qozonganini e’tiborga olsak, oson bo‘lmaydi, keyin «Liverpul»ga qarshi o‘yin. Oxirgi turda «Kristal Pelas» maydoniga safar. «Pelas» oxirgi turlarda ancha kuchli o‘yin namoyish etayotgani, «Nyukasl» va «Liverpul» tiz cho‘ktirilganini inobatga olsak, bu o‘yin ham oson bo‘lmaydi. Demak, «Villa» qolgan 4 turda ochko olishi oson bo‘lmaydi. «Tottenhem»da esa «Byornli» va «Sheffild»ga qarshi o‘yinlar bor. Emeri shogirdlari o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun «Chelsi»ni yutishi shart. Aks holda so‘nggi turlarda yana qo‘shimcha bosim hisobiga yanada qiyinlashib ketadi. Shuningdek, «Tottenhem»dan farqli ravishda «Aston Villa»da bu tarzdagi kurashlarda yetarlicha tajriba yo‘qligini, buning ustiga, jamoa Konferensiyalar kubogida kurashni davom ettirayotganini ham inobatga olish lozim.
Turnir qanday tugashidan qat’i nazar, «Aston Villa» uchun mavsumni muvaffaqiyatli yakunlanganini tan olish kerak. Qaysi o‘rinni olsa ham, Emeri uchun bu natija juda yaxshi hisoblanadi. «Chelsi» uchun esa aksincha, jamoa sarflanilgan pul va daraja e’tibori bilan eng yomon mavsumlaridan biriga aylanib bo‘ldi. Vaziyatni qutqarib qolish va hech bo‘lmasa, kelasi mavsum uchun umid taqdim etish uchun ham «Chelsi» so‘nggi turlarda bor imkoniyatini namoyish qilishi va Yevropa Ligasiga ilinish uchun harakat qilishi kerak. O‘tgan turda «Arsenal»dan qabul qilingan og‘riqli (0:5) mag‘lubiyat uchun ham «Chelsi» muxlislaridan qarzdor.
Tarkiblarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, avvalroq, mavsum oxirigacha safdan chiqqan futbolchilardan tashqari, Aleks Moreno va Remzilarda jarohatlar bor. Ular yana kamida bir hafta sheriklariga yordam bera olishmaydi. Shuningdek, Nikolo Dzanoloning ham jarohati qay darajada jiddiy ekani ma’lum emas. Mehmonlarning esa yo‘qotishlariga o‘rganib qolganmiz. Yangiliklardan, so‘nggi o‘yinlarda ancha yaxshi taassurot qoldirilgan Malo Gustoda kichik jarohat bor va ushbu uchrashuvga tayyor bo‘lishi shubha ostida. Enso Fernandes esa operatsiya stoliga yotdi va u mavsum oxirigacha maydonga tusha olmaydi. Futbolchi Kopa Amerikagacha formaga qaytish uchun shu qarorga keldi. Agar mavsum tugashini kutganida, milliy jamoa o‘yinlariga tayyor bo‘lolmasligi mumkin edi.
ATLeTIKO – ATLeTIK (27 aprel, 23:55)
O‘tgan hafta El Klasikoda Ispaniya chempionligi masalasi deyarli hal bo‘ldi. Kecha «Real» San-Sebastyanda o‘z «adashi» ustidan g‘alaba qozonib, keyingi turlarda ham jamoaning ochko yo‘qotishidan umid qilinmasligini ham ko‘rsatib qo‘ydi. Boshqa bir «adash»lar o‘rtasidagi navbatdagi uchrashuv esa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun ochiq kurashni ifodalaydi.
Chempionlar Ligasiga ko‘proq e’tibor qaratishi natijasida «Atletiko» ko‘p ochkolar yo‘qotdi va bundan bilbaoliklar o‘rinli foydalanib, 4-o‘ringa joylashib olgandi. Ammo eng mas’uliyatli pallada Valverde shogirdlarida muammolar paydo bo‘la boshladi. Balki Ispaniya kubogi finalidagi g‘alaba keyingi o‘yinlarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin, masalan. «Real»dan Madriddagi mag‘lubiyat tushunarli, ammo so‘nggi ikki turda o‘z maydonida «Vilyareal» va «Granada» bilan duranglar «Atletik»ning turnir ambitsiyalariga zarba berdi.
Xullas, ayni paytda «Atletiko»da 61, «Atletik»da esa 58 ochko bor. Mos ravishda to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni egallab turishibdi. Demak bu o‘yindagi g‘alaba mezbonlarni 6 ochkolik farq bilan 4-o‘ringa mustahkam joylashtiradi va qolgan 5 turda hech narsa o‘zgarmasligi ehtimoli yuqori. Demak ayniqsa, mehmonlar uchun bu to‘qnashuv hal qiluvchi maqomda – imkon qadar mag‘lubiyatga uchramaslik, iloji bo‘lsa, g‘alaba qozonib, tenglashib olishi talab etiladi. G‘alaba «Atletik»ni 4-o‘ringa olib chiqadi, zero o‘zaro uchrashuvlardagi ustunlik aynan basklar tarafida (birinchi davradagi uchrashuvda bilbaoliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishgan) bo‘lgani uchun tenglik ham ularni qanoatlantiradi. Keyingi turlarda «Atletik» asosan o‘rtamiyona raqiblarga qarshi maydonga tushishini e’tiborga olsak, g‘alaba jamoa uchun katta ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida «Atletiko»da ham keyingi turlarda jiddiy raqiblar yo‘q. O‘zi umuman ligada chempionlik masalasi ham, jadvaldagi pastki qismda ham nomzodlar deyarli aniq bo‘lgani tufayli, kerakli ochkolarni qo‘lga kiritish imkoniyat yuqori. Shu e’tibor bilan ushbu uchrashuv Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini ham hal qilishi mumkinligini yana bir bor e’tirof etamiz.
Madridliklarga qarshi kerakli natijani qo‘lga kiritish tajribasi bugungi «Atletik»da yo‘q emas. Yuqorida tilga olingan chempionatdagi g‘alabadan tashqari, Valverde jamoasi yana ikki o‘yinda g‘alaba qozondi va Qirollik kubogidan «Atletiko»ni chiqarib yubordi. Umuman oxirgi uch o‘zaro o‘yinda «Atletiko» birorta gol ham ura olmayapti.
Tomonlarda yo‘qotishlar u qadar ko‘p emas. Har ikki jamoada bittadan futbolchi diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olishmaydi. Madridliklar safida Stefan Savich, mehmonlardan esa Oskar de Markos oxirgi turda navbatdagi sariq kartochkani olishgan. Shuningdek, Memfis Depay jarohatini tiklagani yo‘q. «Atletik» himoyachisi Yuri Berchiche ham o‘tgan turda jarohat olib kamida ikki haftaga safdan chiqqan.
TOTTeNHEM – ARSeNAL (28 aprel, 18:00)
Yuqorida batafsil to‘xtalingan sirtqi kurashning davomi Shimoliy London derbisida bo‘lib o‘tadi. Ammo ushbu o‘yin afishasi Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi emas, APL g‘olibligi nuqtai nazaridan eng muhim to‘qnashuvlardan biri sanaladi.
Bugungi kunga kelib, «Manchester Siti»da 5, «Arsenal»da 4 o‘yin qolgan. Agar Pep Gvardiola shogirdlari barcha o‘yinni o‘z foydasiga hal qilsa, rasman chempionga aylanadi. Bu o‘yinlar ichida «Siti» uchun qiyin o‘yinlar ham bor, masalan, Londonda «Tottenhem» va «Fulhem»ga qarshi uchrashuvlar. Bu o‘yinlarda manchesterliklar qoqilishi mumkin, ammo bundan naf chiqarish uchun «Arsenal» o‘z o‘yinlarini o‘z foydasiga hal qilishi kerak. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumning shu vaqtida ham «Arsenal» shu holatda bo‘lgan, ammo «Siti» o‘z o‘yinlarini o‘tkazguncha, ochkolar yo‘qotib, raqibga hammasini osonlashtirib bergandi. Ko‘rinishicha, bu yilgi «Arsenal» ham barqarorlik, ham tarkibning salohiyati bo‘yicha ham boshqacha. Jamoa 2024 yilda faqat bir o‘yinda, «Aston Villa»ga yutqazib, ishonchni oqlay olmadi xolos. Qolgan barcha uchrashuvlarda Arteta shogirdlari ishonchli, ko‘p holatlarda yirik g‘alabalarga erishib kelyapti. Oxirgi 4 turda «Arsenal»ni «Tottenhem» bilan derbi, hamda «Old Trafford»dagi uchrashuv xaqiqiy sinov sifatida kutib turibdi – agar jamoa shu o‘yinlarni ham o‘z foydasiga hal qilolsa, «Manchester Siti» qoqilishi kerak. Axir har doim ham Pepning omadi kelavermaydi-ku, to‘g‘rimi?
Birinchi davrada jangovor durang qayd etilgandi – 2:2. «Tottenhem» maydonida kechgan o‘tgan mavsum uchrashuvida esa mehmonlar 2:0 hisobida ustun kelgan. Umuman o‘zaro o‘tgan oxirgi 30 uchrashuvni olsak, deyarli tenglikni ko‘rishimiz mumkin – «Arsenal» hisobida 12, «Tottenhem»da esa 11 g‘alaba mavjud. O‘sha yuqorida aytilgan 0:2 mag‘lubiyatdan oldin «Tottenhem» qatorasiga 4 uy o‘yinida «Arsenal»ni mag‘lub eta olgandi. Qo‘shimcha statistik faktlar sifatida, «Arsenal»ning bu mavsum mehmondagi natijalar bo‘yicha Angliyada eng yaxshi ko‘rsatkichga ega ekani, «Tottenhem» esa mag‘lubiyatlarining yarmiga o‘z maydonida uchraganini ta’kidlash joiz.
Jarohatlar borasida, mehmonlarda yo‘qotishlar yo‘q. Nafaqat asosiy tarkib, balkim zaxiradan tushayotganlar ham juda yaxshi formada va natijaga o‘z ulushini qo‘shishmoqda. Aslida «Tottenhem» tarkibida ham, garchi rasman bir nechta futbolchi jarohatlanganlar ro‘yxatida bo‘lsa-da, bu nomlar asosiy emas. Aksariyat uchrashuvlarda «Tottenhem» ularning yordamiga tayanmagan. Faqat italiyalik himoyachi Udojining yo‘qligini bilinsa kerak. Mavsum oxirigacha safdan chiqqan futbolchi ayniqsa, katta o‘yinlarda eng yaxshilardan biri bo‘lib kelayotgandi.
NAPOLI – ROMA (28 aprel, 21:00)
A Seriyaning beshinchi jamoasi ham Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishini hisobga olsak, ushbu o‘yinning ham qadri ancha oshib ketadi. «Roma» hozirda 58 ochko bilan 5-o‘rinni egallab turibdi. Ammo bir o‘yin kam o‘tkazgan «Atalanta» hisobida 54 ochko bor. Demak bu o‘yinda «Roma»ning ochko yo‘qotishi nazariy jihatdan rimliklarni 6-o‘ringa tushirib yuboradi. So‘nggi turlarning birida «Roma» Bergamoga mehmon bo‘lishini ham inobatga olsak, 5-o‘rin uchun kurash hali zo‘r qiziydi. Qizig‘i, «Atalanta» va «Roma» nafaqat Italiya chempionati, balkim Yevropa Ligasi orqali ham ushbu yo‘llanma uchun kurashishi kutilmoqda. Har ikki jamoa ushbu turnir yarimfinaliga chiqishgan.
«Napoli» uchun ham albatta, muhim o‘yin, zero nazariy tomondan bu jamoa ham Chempionlar Ligasidan umidini uzgani yo‘q. Hech bo‘lmasa, Yevropa Ligasiga o‘tish uchun ham hozirda 49 ochko bilan 8-o‘rinni egallab turgan jamoa qolgan o‘yinlarni muvaffaqiyatli o‘tkazishi lozim. Birinchi davradagi 2:0 hisobida «Roma» ustun kelgandi. Neapolda kechgan oxirgi besh o‘yinda esa ikki durang, uch o‘yin mezbonlarning g‘alabasi bilan tugagan.
Gol urish bo‘yicha jamoalar Italiyada uchinchi va beshinchi o‘rinda, «Napoli» oxirgi 14 o‘yinda darvozasini daxlsiz saqlay olmayapti, uy o‘yinlarida «Napoli»ning holati juda yomon, 16 o‘yindan atigi 6 tasida g‘alaba qozongan – agar yuqorida tilgan olingan intrigaga bu faktlarni ham qo‘shsak, bizni ancha murosasiz va gollarga boy to‘qnashuv kutib turibdi.
Romelu Lukaku oxirgi o‘yin qaydnomasida gol muallifi sifatida kirgan bo‘lsa-da, aslida jarohatlangan. Gap shundaki, «Udineze»ga qarshi o‘yinning dastlabki 72 daqiqasi ancha oldin o‘ynalgan, Lukaku o‘sha kuni gol urgandi. Aslida belgiyalik hujumchining maydonda bo‘lishi va Osimxen – Lukaku qarama qarshiligini ko‘rish o‘yin darajasini yanada oshirib yuborardi. Birinchi davradagi bahsda Osimhen hakam tomonidan maydondan chiqarib yuborilgan, Lukaku esa so‘nggi daqiqalarda gol urib g‘alabani mustahkamlagandi.
Lukakudan tashqari «Roma» tarkibida yana ikki futbolchi diskvalifikatsiya tufayli sheriklariga yordam bera olishmaydi. Diyego Liorente va Leandro Paredes «Bolonya»ga qarshi uchrashuvda sariq kartochka olishgani.
BOShQA O‘YINLAR
27 aprel. Vest Hem – LIVeRPUL (16:30), Las Palmas – JIRONA (17:00), BAVARIYa – Ayntraxt (18:30), LeYPsIG – BORUSSIYa D (18:30), MYu – Byornli (19:00), NYuKASL – Sheffild Yunayted (19:00), YuVeNTUS – MILAN (21:00), BAYYeR – ShTUTGART (21:30), PSJ – Gavr (23:55)
28 aprel. INTeR – Torino (15:30), Nottingem – MANCheSTeR SITI (20:30), ATALANTA – Empoli (21:00)
29 aprel. BARSeLONA – Valensiya (23:55)
Mavzuga oid
13:53 / 29.08.2024
Palmerdan Meynugacha: APL klublarining «javohirlar»i
22:07 / 16.08.2024
APLda yangi mavsum boshlanmoqda. Kuchli to‘rtlikda o‘zgarishlar bo‘ladimi?
12:22 / 02.01.2024
«Liverpul» va «Nyukasl» yilning ilk o‘yinida triller namoyish etdi
14:14 / 25.11.2023