Sport | 00:40 / 16.12.2016
4893
2 daqiqa o‘qiladi

AQShlik bokschi Krouford 50 kunga qamaladigan bo‘ldi

Foto: Reuters

Butunjahon boks tashkiloti (WBO) va Butunjahon boks kengashi (WBC) versiyalari bo‘yicha 63,5 kg gacha vazn toifasida jahon chempioni, amerikalik bokschi Terens Krouford bezorilik qilgani va o‘zganing mulkiga zarar yetkazgani uchun 50 kunlik qamoq jazosiga mahkum qilindi. Bu haqda Omaha World-Herald nashri xabar bermoqda. 

Ta'kidlanishicha, 29 yoshli bokschi ushbu qoidabuzarlikni sentabrda sodir etgan. U Omahadagi mashina ustaxonalaridan birida o‘zining jiyani uchun avtomobilni bo‘yatishga buyurtma bergan. U qilingan ishga 2,5 ming dollar to‘lashi kerak bo‘lgan. Biroq bokschi buyurtmani qabul qilish vaqtida avtomobil ko‘ngildagidek bo‘yalmaganini ro‘kach qilib, xizmat haqining yarminigina to‘lagan. So‘ngra bokschi bu bilan kifoyalanib qolmay, do‘stlari bilan ustaxonani ostin-ustun qilgan.  

Bokschi advokati jazo hukmi ustidan shikoyat bermoqchi.

Krouford 11 dekabrda amerikalik bokschi Jon Molinaga qarshi jangda ikkala unvonini ham himoya qila olgandi. Bokschi professional ringdagi barcha 30 ta jangini g‘alaba bilan yakunlab, mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda.

 

Mavzuga oid