Jahon | 14:39 / 04.06.2026
2802
9 daqiqa o‘qiladi

Sankt-Peterburgga dronlar hujumi va yadro quroliga ega bo‘lmaslikka «rozi bo‘lgan» Eron – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh–Eron urushi

2 iyundagi dron zarbalari natijasida Kuvayt xalqaro aeroportida Hindistonning bir nafar fuqarosi halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Yana 63 kishi jarohatlangan.

Kuvayt aeroportga Eron droni urilganini tasdiqladi. Tarmoqlarda T1 terminaliga dron kelib urilishi va aeroport ichidagi portlashlar aks etgan videolar tarqaldi.

Hindiston tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida hujumni qoralab, yana bir necha fuqarosi jarohatlanganini bildirdi.

Kuvayt mudofaa vazirligi hujumni «Eronning jinoiy agressiyasi» deb atadi. Zarbalardan so‘ng Kuvayt tashqi ishlar vazirligi Eronning ikki nafar diplomatiga 24 soat ichida mamlakatni tark etishni buyurdi. Shuningdek, Eronning muvaqqat ishlar vakilini chaqirtirdi.

Chorshanba kuni kechroq Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Kuvayt aeroportiga qilingan hujum uchun javobgarlikni rad etdi. Rasmiy Tehron zarar – AQSh raketa tutgichining xatosi tufayli kelib chiqqanini aytdi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi buni yolg‘on deb atadi va Eron aeroportga «ataylab qilingan, puxta o‘ylangan va asossiz hujum» uyushtirganini da’vo qildi.

So‘nggi keskinlashuv — AQSh va Eron o‘rtasidagi otashkesim muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, urushni yakunlash bo‘yicha kelishuvlar olg‘a siljimayotgan vaqtga to‘g‘ri keldi.

AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kungi intervyusida Eron yadro quroliga ega bo‘lmaslikka «allaqachon rozi bo‘lganini» muzokaralarga oliy rahbar – oyatulloh Mujtaba Xominaiy ham «jalb qilinganini» aytdi.

«Biz u bilan juda yaxshi chiqishayotgandekmiz», dedi Tramp. Undan Mujtaba bilan uchrashishni xohlaysizmi, deb so‘rashganda, «men u bilan uchrashishni xohlardim. Hammasi qanday yakun topishiga qarab, ehtimol, qaysidir pallada uchrasharmiz», dedi Tramp.

Qirg‘iziston BMT Xavfsizlik Kengashida

3 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Avstriya, Qirg‘iziston, Portugaliya, Trinidad va Tobago hamda Zimbabveni ikki yillik muddatga Xavfsizlik Kengashining 15 ta a’zolik tarkibiga sayladi. Ular Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zolari bo‘ladi va 2027 yil 1 yanvardan ish boshlaydi.

Ushbu o‘rinlardan birini qo‘lga kiritish uchun faol harakat qilgan Germaniya «G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlar guruhi»ga ajratilgan ikkita o‘rin uchun kurashda Portugaliya va Avstriyaga yutqazdi.

Osiyo–Tinch okeani guruhi kvotasi uchun Filippin va Qirg‘iziston o‘rtasidagi bellashuv esa to‘rt bosqichli ovoz berishgacha davom etdi. Yakunda Qirg‘iziston 142 ovoz bilan o‘z tarixida ilk bor Xavfsizlik Kengashi a’zoligini ta’minladi.

Yangi saylangan 5 davlat BMT Xavfsizlik Kengashida Daniya, Gretsiya, Pokiston, Panama va Somali o‘rnini egallaydi.

Yana 5 ta a’zo davlatlar — Bahrayn, Kolumbiya, Kongo, Latviya va Liberiya 2027 yil oxirigacha Kengashdagi faoliyatini davom ettiradi.

Xavfsizlik Kengashi – BMTning sanksiyalar joriy etish va kuch ishlatishga ruxsat berish kabi qonuniy, majburiy qarorlar qabul qila oladigan yagona organidir. Uning tarkibida veto huquqiga ega beshta doimiy a’zo mavjud: Buyuk Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya va AQSh.

Qolgan 10 ta a’zo esa saylanadi, har yili ularning beshtasi yangilab boriladi. O‘rinlar qit’alar va hududlar bo‘yicha taqsimlanadi.

Ukraina Sankt-Peterburgga zarba berdi

Rossiyaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan yirik iqtisodiy forum ochilishidan bir necha soat oldin Ukraina Sankt-Peterburg chekkasiga zarba berdi.

Chorshanba tongida Rossiyaning ikkinchi yirik shahri osmoniga qora tutun quyunlari ko‘tarildi. Mahalliy hokimiyat organlarining ma’lum qilishicha, havo mudofaa tizimlari tun davomida 59 ta dronni urib tushirgan.

Sankt-Peterburgning uchta turli tumaniga zarba berilgan, biroq qurbonlar yo‘q. Shaharda mobil internetda uzilishlar kuzatildi va Pulkovo aeroporti vaqtincha yopildi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu zarbalarga javob qaytarilishini aytdi. «Bizning javoblarimiz tizimli xarakterga ega bo‘ladi» dedi u chorshanba kuni.

Bir necha soat o‘tgach, Volodimir Zelenskiy Ukraina dronlari Rossiyadagi bir nechta obektga, jumladan, neft terminali va Kronshtadt harbiy-dengiz bazasiga zarba berganini tasdiqladi.

Kronshtadt – Rossiya harbiy-dengiz flotining Boltiqdagi asosiy tayanch punkti hisoblanadi. Tasdiqlanmagan videolarda dronlar bandargohda turgan harbiy kemalar tomon uchayotgani aks etgan bo‘lib, video portlashga qadar uzilib qolgan. Ukraina uchuvchisiz tizimlar qo‘mondoni ular «Boikiy» harbiy kemasi zarba berganini ma’lum qildi.

Sankt-Peterburg iqtisodiy forumi — bir vaqtlar «Rossiya Davosi» deb atalgan. U Rossiya siyosiy kun tartibidagi eng asosiy tadbirlardan biridir. Moskva 2022 yilda Ukrainaga bosqinchilik urushi boshlaguniga qadar, ushbu forumda G‘arbning yuqori martabali delegatsiyalari, jumladan, yirik kompaniyalar va davlat boshliqlari ishtirok etardi.

Juma kuni prezident Vladimir Putin ushbu moliyaviy tadbirda nutq so‘zlashi rejalashtirilgan. Forumda 130 ta davlatdan minglab mehmonlar, jumladan, AQShning ham kamtarona delegatsiyasi ishtirok etishi kutilmoqda.

Hindistonda yong‘in: o‘nlab insonlar halok bo‘ldi

Chorshanba kuni Nyu-Dehli janubidagi binolardan birida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi va yana bir necha kishi jarohatlandi.

Politsiyaning ma’lum qilishicha, yong‘in – aholi zich joylashgan Malviya Nagar dahasida – birinchi qavatida restoran, yuqorida esa mehmonxona joylashgan binoda bo‘lgan.

Voqea joyiga sakkizta o‘t o‘chirish mashinasi safarbar etilgach, 40 dan ortiq kishi qutqarilib, yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan.

Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, qurbonlarning ba’zilari Hindistonga davolanish uchun kelgan xorij fuqarolaridir.

Hodisaning kelib chiqish sababi hozircha ma’lum emas. «Binoning birinchi qavatida restoran faoliyat ko‘rsatgani aytilmoqda... yong‘in katta ehtimol bilan aynan o‘sha restoran bilan bog‘liq», dedi mahalliy ma’muriyat rasmiysi jurnalistlarga.

Bosh vazir Narendra Modi halok bo‘lganlarning oila a’zolariga ta’ziya bildirdi va ularga 2 ming dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatilishini e’lon qildi.

Isroil–Livan sulhni uzaytirdi

3 iyun kuni Isroil va Livan mo‘rt otashkesimni uzaytirishga hamda Livan janubida «tajriba-sinov» tariqasida xavfsizlik zonalarini tashkil etishga kelishib oldi.

AQSh vositachiligida erishilgan kelishuv shartlariga ko‘ra, «Hizbulloh» Livan janubidagi xavfsizlik zonalaridan o‘z kuchlarini olib chiqib ketishi kerak.

Qo‘shma bayonotda Isroil va Livan sulhning saqlanib qolishi – «Hizbulloh» tomonidan o‘t ochishning butunlay to‘xtatilishiga va tashkilotning barcha a’zolari Litani daryosidan janubga evakuatsiya qilinishiga bog‘liqligini bildirdi.

Livan armiyasi nazorati ostida bo‘ladigan ushbu xavfsizlik zonalari aynan qanday tashkil etilishi hozircha aniq emas.

Aprel oyi boshida otashkesimga kelishilgan bo‘lsa-da, Isroil va «Hizbulloh» o‘zaro o‘t ochishni davom ettirmoqda. Mart oyida to‘qnashuvlar qayta boshlanganidan beri Livanda 3,3 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan va 10 000 dan ziyod kishi jarohatlangan.

Eron AQSh bilan urushni tugatishga qaratilgan har qanday tinchlik kelishuvi Livandagi harbiy harakatlarni to‘xtatishi kerakligini ta’kidlab kelmoqda. Biroq «Hizbulloh» Isroil va Livan o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga kiritilmagan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid