O‘zbekiston | 01:37 / 12.05.2018
119284
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq Adliya vaziri ozodlikka chiqdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Adliya sobiq vaziri Ravshan Muhiddinov qamoqdan ozod etildi. Bu haqda Kun.uz axborot manbasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2012 yildan buyon qamoq jazosini o‘tab kelayotgan Ravshan Muhiddinov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanib, sudlangandi.

Joriy yilning 8 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sobiq vazir Muhiddinov reabilitatsiya qilinib, unga nisbatan amnistiya akti qo‘llanildi.

Ma'lumot uchun, u 2000-2005 yillar Jizzax viloyati prokurori, 2006 yilga qadar Prezident devonida mas'ul xodim, 2006-2007 yillarda esa Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Shundan so‘ng, 4 yil davomida Adliya vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan Muhiddinov 2011 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi etib tayinlangandi.

Ravshan Muhiddinov qamoqqa olinishidan avval Toshkent viloyati prokurori sifatida faoliyatini davom ettirayotgan bo‘lgan. U 2012 yil 16 fevral kuni bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, 15 yil ozodlikdan mahrum etilgandi.

Hukumatga yaqin Kun.uz ​axborot manbasining ta'kidlashicha, Muhiddinov sobiq MXX va o‘sha davrdagi Bosh prokuratura tizimiga qarshi kurash e'lon qilgan ilk rasmiylardan biri edi.