O‘zbekiston | 23:16 / 10.04.2023
9367
5 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy obektlarni isitish tizimlari DXSh asosida modernizatsiya qilinadi - prezident qarori

Xususiy sheriklar yo tender asosida, yoki tendersiz tanlanadi. Ular ijtimoiy soha obektlarini isitish bilan bog‘liq barcha masalalarni o‘z zimmasiga oladi. Xususan, tadbirkorlarga yangi qozonlar o‘rnatib, obektni isitish xarajatlarini kamida 20 foizga, elektr yo‘qotishlarini 30 foizga kamaytirish majburiyati yuklanadi.

«Ijtimoiy soha obektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Qarorga ko‘ra, 2023-2026 yillarda respublika hududida faoliyat yuritayotgan davlat ijtimoiy soha obektlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish orqali kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, qozonxonalarni modernizatsiya qilish hamda muassasalarning issiqlik tizimini ta’mirlash va belgilangan me’yorlarda ishlashini ta’minlash davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor ishtirokida bosqichma-bosqich joriy etiladi. 

Birinchi bosqichda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi 5722 ta davlat ijtimoiy soha obektining issiqlik ta’minoti tizimi xususiy sektor ishtirokida modernizatsiya qilinadi va boshqarish tizimi joriy qilinadi. 

2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida hamda boshqa viloyatlarda isitish tizimi davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilinadi. 

Modernizatsiya qilish ishlarini tashkillashtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tuziladi. 

Uning asosiy vazifalari quyidagilar bo‘ladi:

  • davlat ijtimoiy soha obektlarining isitish tizimlari uchun talab etiladigan ko‘mir va boshqa yoqilg‘i mahsulotlari bilan ta’minlashga ko‘maklashish;
  • har chorakda tuman (shahar) hokimliklari va jalb qilingan xususiy sheriklar tomonidan bajarilgan ishlar natijadorligini o‘rganish va muntazam monitoring qilib borish;
  • davlat ijtimoiy soha obektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilishda yuzaga keladigan muammolarni aniqlash va bartaraf etish choralarini ko‘rish;
  • tuman (shahar) hokimliklarining loyihalar ijrosi yuzasidan axborotlarini qabul qilish va natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga tahliliy materiallarni kiritib borish;
  • mazkur qarorda ko‘rsatilgan topshiriqlarning belgilangan muddatlarda bajarilishini nazorat qilib borish. 

2023 yil 1 avgustdan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va loyiha konsepsiyalari tasdiqlangan tuman va shaharlardagi ijtimoiy soha obektlarining issiqlik tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari boshlanadi.

Loyihalarni amalga oshirishda davlat sherigi etib – tuman (shahar) hokimliklari belgilanadi.

Xususiy sheriklar – O‘zbekiston Respublikasining «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonuni talablariga muvofiq tender o‘tkazish va (yoki) Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarining qarorlari asosida eng maqbul takliflarni tanlab olish orqali aniqlanadi.

Xususiy sheriklarning vazifalari quyidagilar bo‘ladi:

  • isitish uchun me’yor bo‘yicha talab etiladigan ko‘mir va elektr energiyasi xarajatlarini kamida 20 foizga va issiqlik energiyasi yo‘qotishlarini 30 foizga kamaytirish;
  • ijtimoiy soha obektlarida O‘zbekiston Respublikasida kamida bir yil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va xizmat qilish kafolati kamida 15 yilni tashkil qiladigan qozonlarni o‘rnatish;
  • o‘rnatiladigan isitish qozonlarining sifatini kafolatlash va muddatidan oldin yaroqsiz holatga kelgan isitish qozonlarini o‘z mablag‘lari hisobidan yangilash; bunday hollarda Davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratilmaydi;
  • ijtimoiy soha obektlarini isitish bilan bog‘liq barcha masalalarni o‘z zimmasiga olish.

Loyihalarni amalga oshirishda modernizatsiya qilish va ta’mirlash xarajatlari uchun talab etiladigan investitsiya mablag‘lari xususiy sheriklar va Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

Xususiy sheriklarning ulushi kamida 50 foiz va obektlarni ekspluatatsiya qilish muddati 10 yilni tashkil etadi.

Tuman (shahar) hokimlari ijtimoiy soha obektlarining isitish tizimlari to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun mas’ul va shaxsiy javobgar hisoblanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023 yilda respublika bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosida davlat ijtimoiy soha obektlarining issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish uchun jami 500 milliard so‘m, shundan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari uchun 250 milliard so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatiga 50 milliard so‘mdan mablag‘ ajratadi.

Isitish qozonlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan (import qilinadigan), respublikada ishlab chiqarilmaydigan tovarlar 2025 yilning 1 yanvariga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi loyihalar bo‘yicha tasdiqlangan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarda belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi va bitim shartlariga rioya etilishi yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshirib boradi.

Bunda, monitoring natijasida birinchi marta aniqlangan kamchiliklar uchun yillik to‘lov miqdorini 10 foizga, ikkinchi marta aniqlangan kamchiliklar uchun 20 foizga kamaytirish hamda uchinchi marta aniqlangan kamchiliklar uchun bitimni bekor qilish kabi jazo choralarini qo‘llash mexanizmi tatbiq etiladi.

Mavzuga oid