Jamiyat | 18:22 / 27.03.2021
4521
4 daqiqa o‘qiladi

TIQXMMI: Abadiyat adibiga bag‘ishlangan uchta tadbir

Foto: TIQXMMI matbuot xizmati

Mangulik muhrining mezoni mardumga mehrdan, xalq qalbiga yaqinlik, adabiyot sehriga oshuftavorlikdan boshlanadi. Xalq shoiri, davlat madhiyasi matnining muallifi, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov ana shunday sifatlarga ega adiblardandir. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi PQ-4906-sonli Qarorida ham ana shu mezon nazarda tutilgani aniq. Bu adibga bo‘lgan yuksak ehtiromning nishonasidir.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida (TIQXMMI) O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning 80 yilligini yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha bir yildan ziyod muddat mobaynida qator tadbirlar tashkil etilayotgani sir emas.

25 mart kuni ham xuddi shunday tadbirlarning uchtasi ketma-ket tashkil etildi. Dastavval, soat 10.00 da Abdulla Oripov nomidagi institutda “Yoshlar bog‘i”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi va boshqa e'tiborga molik tashkilot va muassasalarda faoliyat yurituvchi nufuzli mehmonlar, professor va akademiklar ishtirok etishdi.

Institut rektori, professor O‘ktam Umurzakov yubiley munosabati bilan yig‘ilganlarni qutlab tadbirni ochar ekan, shoir nomini abadiylashtirish bilan bog‘liq harakatlar Prezidentimiz tomonidan shu xususdagi qarorning ijrosini amalga oshirish borasidagi navbatdagi dadil qadam ekanini uqtirib o‘tdi. So‘ngra O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid so‘zga chiqib uyushma tomonidan institut bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qator ishlarni qayd etdi. Institut rahbariyati hamda mehmonlar tomonidan tasma qirqish marosimi o‘tkazilgach, butun jamoa xiyobon va unda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi. 

Keyin esa Abdulla Oripov nomidagi institut muzeyining ochilish marosimi boshlandi. Institut rahbariyati hamda mehmonlar tomonidan navbatdagi tasma qirqish tadbiri amalga oshirilgach, mutaxassis muzeyshunoslar tomonidan mehmonlarga muzey haqida ma'lumot berilib eksponatlar bilan tanishtirildi.

So‘ngra esa institut madaniyat saroyiga kirildi va u yerda xotira tadbiri boshlandi. Institut rektori O‘ktam Pardayevich Umurzakov kirish so‘zidan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid tabriklari tinglandi. 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimova, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov so‘zga chiqib shoir siyrati va fenomeniga daxldor mulohazalarini bildirishdi.

Ayniqsa, Abdulla Oripovning rafiqasi Hanifa Mustafoyeva hamda oila a'zolarining chiqishlari tadbir ishtirokchilari tomonidan olqishlandi. Abdulla Oripov haqida o‘zlari yozgan she'rlarini o‘qib berganlarida davra ahli birdaniga o‘rnidan qalqib turdi, bir daqiqa sukut saqladi.

So‘ngra mashhur san'atkorlar ijrosida tadbirning badiiy qismi boshlandi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Turg‘un Beknazarov, Gulbahor Erqulovalar o‘zlarining dilbar qo‘shiqlaridan ijro etgach, institutning iqtidorli va ijodkor talabalari hamda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabining talantli o‘quvchi yoshlarining chiqishlari barchaning e'tiborini tortdi. Institut talabalari o‘rtasida Abdulla Oripov ijodiga bag‘ishlab o‘tkazilgan she'rlar, insholar, rasmlar hamda videoroliklar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi, institut ijodkor yoshlari hamda san'atkorlar tomonidan namoyish etilgan badiiy chiqishlar barchaga birdek ma'qul keldi.

Tadbir ko‘tarinki kayfiyat va yuqori saviyada tashkil etilgani bilan barchaning diqqat-eʼtiborini tortdi.

TIQXMMI matbuot xizmati

Mavzuga oid