O‘zbekiston | 17:53 / 01.01.2026
8393
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada qo‘lbola salyut otganlar javobgarlikka tortildi

Yangi yil kechasi O‘zbekiston tumanida bir guruh erkaklar qo‘lbola usulda yasalgan pirotexnika vositalarini qo‘lladi. Farg‘ona viloyati IIBga ko‘ra, ular javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, Qo‘qonda tartibsizlik ro‘y bermagani, odamlar yo‘lning qatnov qismida mushakbozlik uyushtirmoqchi bo‘lgani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston tumanidagi holat / Internetda tarqalgan videodan kadr

31 dekabr kuni internetda 10-15 kishi qo‘lbola usulda yasalgan pirotexnika vositalarini otib bayram nishonlagani aks etgan video tarqaldi.

Farg‘ona viloyati IIB xabariga ko‘ra, O‘zbekiston tuman IIB tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida ushbu harakatlarni sodir qilgan shaxslar aniqlanib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 185¹-moddasi (pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

O‘zbekiston tumanidagi holat / Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Farg‘ona viloyat IIB, shuningdek, Qo‘qondan tarqalgan videolarga munosabat bildirib, shaharda ommaviy tartibsizlik bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 31 dekabr kuni soat 23:55da Qo‘qon shahar A.Charxiy ko‘chasida odamlar Yangi yilni nishonlash maqsadida yo‘lning qatnov qismiga chiqib, mushakbozlik uyushtirmoqchi bo‘lgan.

Qo‘qon shahridagi holat / Internetda tarqalgan videodan kadr

“O‘z vaqtida ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida jamoat tartibi, xarakat xavfsizligi ta’minlangan va huquqbuzarlarning shaxsi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

Biroq tarqalgan xabarlardagi kabi avtomashina yoqib yuborilganligi holati sodir bo‘lmagan va bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid