Jahon | 22:18 / 15.01.2026
6571
8 daqiqa o‘qiladi

Grenlandiyaga yevropalik harbiylar kela boshladi

Dastlabki harbiy mutaxassislar guruhi oroldagi sharoitlarni ko‘zdan kechirib, bu hududda ko‘proq harbiylar joylashtirish va harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish imkoniyatlarini o‘rganadi.

Foto: Reuters

Grenlandiya poytaxti Nuuk shahriga 15 kishidan iborat fransuz harbiy kontingenti yetib keldi va Yevropaning yana bir qancha davlatlari Daniya boshchiligidagi «Arktika bardoshi» razvedka operatsiyasi doirasida u yerga o‘z askarlarini yubormoqda. Bir kun avval Grenlandiya va Daniya vakillari Vashingtonda AQSh vakillari bilan uchrashgan, biroq dunyodagi eng katta orolning kelajagi bo‘yicha kelishuvga erishilmagandi. Prezident Tramp qanday qilib bo‘lmasin, orol ustidan AQSh nazoratini o‘rnatmoqchi va bu yo‘lda kuch ishlatishni istisno qilmayapti.

Allaqachon Fransiya, Shvetsiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Norvegiya ushbu qo‘shma mashg‘ulotlarda qatnashishi haqida ma’lum qilgan, keyinroq ularning safiga Niderlandiya ham qo‘shildi.

Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen chorshanba kuni Grenlandiyada ayni vaqtda 200 nafarga yaqin amerikalik askar borligini aytdi – bu sovuq urush davridagidan ancha kamroq. Orol aholisi 57 000 ming kishi atrofida.

Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen orolda yevropalik harbiylar soni ko‘proq bo‘lishini ta’minlash rejalashtirilayotganini aytdi. Yevropa harbiy kontingenti miqdorini qanchaga yetkazish haqida hozircha ma’lum qilinmagan. Hozircha gap bor-yo‘g‘i bir necha o‘nlab harbiy xizmatchilar haqida ketmoqda va ular bu yerda qancha vaqt qolishi noma’lum. Nuuk shahriga A400M transport samolyotida 13 nafar askar yuborgan Germaniya o‘z harbiylari Grenlandiyada faqat shanba kunigacha qolishini ma’lum qilgan.

Fransiya Grenlandiyaga tog‘li hududlarda jangovar harakatlar olib borishga ixtisoslashgan 15 ga yaqin mutaxassisni, Shvetsiya uch nafar ofitserni, Norvegiya ikki, Niderlandiya esa bir nafar flot ofitserini yuboradi. Buyuk Britaniyadan ham bir nafar ofitser ajratilgan.

Polsha bosh vaziri Donald Tusk o‘z mamlakati Yevropaning Grenlandiyadagi harbiy mashg‘ulotigga qo‘shilishni rejalashtirmayotganini aytdi, biroq AQShning orol ishlariga har qanday harbiy aralashuvi «siyosiy falokatga aylanishi» haqida ogohlantirdi.

«NATO a’zosi hududining NATOning boshqa a’zosi tomonidan anneksiya qilinishiga urinish yoki mojaro biz bilgan dunyoning – uzoq yillar davomida xavfsizligimizni ta’minlab kelgan dunyoning tugashi bo‘ladi», – dedi u matbuot anjumanida.

Rossiyaning Belgiyadagi elchixonasi esa Arktikada sodir bo‘layotgan voqealardan «jiddiy xavotirda» ekanini bildirib, NATOni «Moskva va Pekin tahdidi kuchayib borayotganini bahona qilib», u yerdagi harbiy ishtirokni kuchaytirishda aybladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp strategik muhim nuqtada joylashgan va foydali qazilmalarga boy bu orol AQSh xavfsizligi uchun juda muhimligi va Amerika uni Rossiya yoki Xitoy egallab olmasligi uchun nazorat qilishi kerakligini aytib kelmoqda.

U Grenlandiyani sotib olishni taklif qilmoqda, ammo kuch bilan bosib olish imkoniyatini ham istisno etmayapti. Grenlandiya va Daniya hukumatlari esa orol sotilmasligi, kuch bilan tahdid qilish esa aqlga sig‘masligini ta’kidlamoqda. Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari Daniyani qo‘llab-quvvatladi. Ammo Tramp Daniya Rossiya va Xitoyning Arktikadagi ta’siriga qarshi tura olmasligini ro‘kach qilmoqda.

«Muammo shundaki, agar Rossiya yoki Xitoy Grenlandiyani bosib olishni istasa, Daniya hech narsa qila olmaydi, biz esa hamma narsani qila olamiz. Siz buni o‘tgan hafta Venesuela bilan bo‘lgan holatda bilib oldingiz», – dedi Tramp chorshanba kuni Oval kabinetda jurnalistlarga. U kuch ishlatishni istisno qilmagan, lekin qandaydir yechim topilishiga umid bildirgan.

Chorshanba kuni AQSh, Daniya va Grenlandiya yuqori martabali vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussenning aytishicha, muzokaralar konstruktiv bo‘lgan, biroq tomonlar o‘rtasida «fundamental kelishmovchiliklar» saqlanib qolmoqda.

Reuters’ning qayd etishicha, o‘tgan yili Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy boshidan kechirganidek oshkora sharmandaliksiz o‘tgan bo‘lsa-da, uchrashuvda bahsga yechim topilmagan.

«Amerikaning Grenlandiyani bosib olish ambitsiyalari o‘z kuchida qolmoqda», dedi Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen payshanba kuni Reuters uchun yozma izohida va u ham «fundamental kelishmovchiliklar»ni qayd etdi.

«Bu, albatta, jiddiy, shuning uchun biz bunday ssenariyning [orol amerikaliklar tomonidan egalanishining] oldini olish uchun sa’y-harakatlarni davom ettirmoqdamiz», – deb va’da berdi u.

AQSh va Daniya orol bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilish uchun ishchi guruh tuzadi, dedi Daniya va Grenlandiya vakillari muzokaralardan so‘ng.

Uchrashuvdan oldinroq Grenlandiya va Daniya NATO ittifoqchilari bilan yaqin hamkorlikda orol va uning atrofida harbiy ishtirokni ko‘paytirishni boshlaganini ma’lum qilgandi.

«Daniya qurolli kuchlari Yevropadagi ittifoqchilari bilan birgalikda yaqin haftalarda Arktikadagi harbiylarni joylashtirish va mashg‘ulotlar o‘tkazish imkoniyatlarini o‘rganadi», – deya ma’lum qilgan Daniya mudofaa vazirligi.

Yevropalik harbiylarning Grenlandiyada bo‘lishi AQSh ma’muriyati uchun ikki tomonlama ma’noga ega, deb hisoblaydi Daniya qirollik mudofaa kolleji tahlilchisi Mark Yakobsen.

«Birinchidan, tiyib turuvchi: agar siz harbiy yo‘l bilan harakat qilishga qaror qilsangiz, biz Grenlandiyani himoya qilishga tayyorligimizni ko‘rsatish. Ikkinchidan, shuni bildirish: biz sizning tanqidlaringizni jiddiy qabul qilamiz, ishtirokimizni kuchaytiramiz, suverenitetimiz haqida qayg‘uramiz va Grenlandiyani kuzatishni yaxshilaymiz», – deya tushuntirdi u Reuters’ga bergan izohida.

Fransiyaning Arktika va Antarktika ishlari bo‘yicha elchisi Olive Puar d’Arvor France Info nashriga bergan izohida bu orqali AQShga NATO mintaqada ekani va Yevropa ittifoqi uning xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotganini ko‘rsatish rejalashtirilayotganini aytgan.

Britaniya hukumati vakillari Buyuk Britaniya prezident Trampning xavfsizlik masalalari bo‘yicha xavotirlariga qo‘shilishi va kuchlarni joylashtirish «Rossiya tajovuzkorligi va Xitoy faolligini tiyib turish maqsadidagi jadal mashg‘ulotlar o‘tkazish»ni nazarda tutishini qayd etgan.

Birlashgan Arktika qo‘mondonligining Nuukdagi shtab-kvartirasi
Alessandro Rampazzo / AFP via Getty Image

Daniya tashqi ishlar vaziri Rasmussen AQSh vakillari bilan muzokaralardan so‘ng AQShning xavfsizlik masalalari bo‘yicha xavotirlariga ma’lum darajada qo‘shilishi, biroq ayni paytda Xitoy yoki Rossiya tomonidan Daniya va Grenlandiya dosh bera olmaydigan «bevosita tahdid» yo‘qligini aytdi.

«AQSh prezidentining maqsadlari – muhokama jarayonida, – dedi u Fox News’ga bergan izohida. – Albatta, bizning o‘z qizil chiziqlarimiz bor. Hozir 2026 yil: odamlar bilan savdo qilish mumkin, lekin odamlarni savdo qilib bo‘lmaydi».

Grenlandiya bosh vaziri Yyens-Frederik Nilsen payshanba kuni yana bir marta orol yurisdiksiyani o‘zgartirmoqchi emasligini ma’lum qildi.

«Grenlandiya Qo‘shma Shtatlarga tegishli bo‘lishni xohlamaydi. Grenlandiya Qo‘shma Shtatlar tomonidan boshqarilishni xohlamaydi. Grenlandiya Qo‘shma Shtatlarning bir qismi bo‘lishni xohlamaydi», – deya qayd etgan u.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid