Jamiyat | 19:32 / 10.10.2024
39223
3 daqiqa o‘qiladi

Jonli efirda «xotini qiz tug‘sa, chiqindiga tashlab yuborishi»ni aytgan tiktokerga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

U ko‘zda yosh bilan tiz cho‘kib barchadan kechirim so‘ragan.

Foto: Videodan kadr

«Sardor gangster» taxallusi ostida videolar chiqarib kelgan tiktoker Sardor Safarboyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Sevimli telekanalining Zamon dasturida xabar berilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda u qiz farzand ko‘rmasligini, xotini qiz farzand tug‘sa, chiqindiga tashlashini aytgan video tarqalgan.

«Men qiz farzand ko‘rmayman. Agar qiz farzand ko‘rsam, oldirib tashlayman. Qiz kerakmas. Xotin tuqqanidan shunday boraman, qizmi, chiqindi idishga otib yubor, deyman. Kerakmas. Men do‘zaxga kirsam ham o‘g‘il farzand tug‘diraman. Meni zurriyotim o‘g‘il bo‘lishi kerak», – degan u videosida.

Uning bu so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda rezonans keltirib chiqardi va unga javob tariqasida o‘nlab, xususan, shou-biznes olami vakillari tomonidan videomurojaatlar yo‘llangan.

Ko‘p o‘tmay tiktoker bu gaplarni jonli efir vaqtida «qizingiz tiktoker bo‘lishiga qanday qaraysiz?» deb berilgan savolga javoban hissiyotga berilib aytib yuborgani, bu gaplari [kontekstdan] qirqib olib tarqatilganini aytgan va jamoatchilikdan tiz cho‘kib uzr so‘ragan. U agar odamlar shuni istasa, bundan buyon ijtimoiy tarmoqlarga kirmasligini ham ta’kidlagan. Uning do‘sti ham uni kechirishga chaqirib, u tavbasiga tayangani, bu voqeadan keyin onasi Sardor bilan gaplashmay qo‘yganini aytadi.

Qashqadaryo viloyati IIB matbuot kotibi Iroda Rasulova Sardor Safarboyev xotin-qizlar qadr-qimmatini beodoblik bilan tahqirlaganini qayd etgan.

«Tarmoqlarda har kim istagan fikrini gapiradi, degani emas. Ulardan foydalanishning tartib, qoidalari bor. Qoidalarni buzgan fuqarolar qonuniy tartibda jazolanadi. Shuni unutmang, xotin-qizlar huquqlari davlat himoyasida», – deydi u.

Holat yuzasidan blogerga nisbatan Nishon tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (Haqorat qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zgatilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu moddaga ko‘ra, BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda (75 mln so‘mdan 150 mln so‘mgacha) jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazo ko‘zda tutilgan.

Sardor Safarboyev 2024 yilning fevralida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish)da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, 10 sutkaga qamalgandi.

Mavzuga oid