AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonda «tartib o‘rnatish» uchun Milliy gvardiya xodimlarini poytaxtga olib kirishga buyruq berdi. Avvalroq u shaharda jinoyatchilikka qarshi kurashishga va’da berib, uysizlar Vashingtonni tark etishi kerakligini aytgandi.

«Bugun Vashingtonda Ozodlik kuni va biz poytaxtimizni o‘zimizga qaytarmoqchimiz. Men Vashingtonda tartib o‘rnatish va jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun Milliy gvardiyani yuboraman», – dedi Tramp matbuot anjumanida.

U Amerika poytaxtida zo‘ravonlik jinoyatchiligiga qarshi kurash choralari doirasida Vashington politsiyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri federal boshqaruvga o‘tkazishga buyruq bergan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Vashington «shafqatsiz to‘dalar va qonxo‘r jinoyatchilar tomonidan qo‘lga olingan», u esa shaharni «har qachongidan ko‘ra xavfsizroq va chiroyliroq» qilmoqchi. Tramp o‘z qarorini AQSh poytaxtini «ozod qilish» deb atadi.

Oldinroq Tramp Vashington meri, demokrat Muriel Bauzerni «nimadir qilishga urinayotgan yaxshi inson» deb ta’riflagan, shu bilan birga, uning sa’y-harakatlariga qaramay, jinoyatchilik darajasi o‘sayotgani, shahar esa «iflos va jozibasiz» bo‘lib borayotganini ta’kidlagandi.

Iyul oyida Tramp uysizlarni hibsga olishni osonlashtiruvchi farmonini imzolagan, o‘tgan haftada esa federal huquq-tartibot organlari xodimlarini Vashington ko‘chalariga yuborgandi.

«Uysizlar ketishi kerak, DARHOL. Biz sizga yashashingiz uchun joy beramiz, lekin poytaxtdan UZOQDA. Jinoyatchilar, siz ketishingiz shart emas. Barchangizni kerakli joyga qamab qo‘yamiz», – deya yozgandi Tramp yakshanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

«Bundan buyog‘iga chidash niyatimiz yo‘q. Biz poytaxtimizni qaytarib olmoqchimiz. Bu masalaga e’tibor berganingiz uchun rahmat!» – deya izoh yozdi Tramp uysizlarning palatkalari va chiqindi uyumi aks etgan suratlarga.

Tramp aynan nima qilmoqchi ekani hozircha noma’lum. 2022 yilgi nutqida u uysizlarni shahar tashqarisidagi arzon yer uchastkalarida qurilgan «yuqori sifatli» chodirlarga joylashtirishni, ularga hojatxonalar va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini berishni taklif qilgandi.

Tramp, shuningdek, Kolumbiya okrugida Milliy gvardiyaning 1000 nafargacha harbiy xizmatchisini joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Mudofaa idorasining bir vakili va ikki amerikalik amaldorning so‘zlariga ko‘ra, dushanba kuniyoq tegishli bayonot berishi mumkin, deb yozadi NBC.