Iqtisodiyot | 22:06 / 27.11.2025
7273
6 daqiqa o‘qiladi

Oltin narxining oshishi yoki tushishi: bu O‘zbekiston uchun qay darajada ahamiyatli?

Oxirgi 2 yilda narxlarning rekord darajadagi qimmatlashishi fonida O‘zbekistonning oltindagi aktivlari qiymati 2 barobar yoki 47,8 mlrd dollargacha ko‘paydi. Mamlakat xalqaro zaxiralarida ham oltinning ulushi 80 foizdan oshdi. Qimmatbaho metalning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi roli qanday? Narxlarning ko‘tarilishi yana davom etadimi yoki pasayish boshlanadimi?

Oltin ming yillardan buyon boylik, iqtisodiy qudrat ramzi bo‘lib keladi. Oltin ilinjida odamlar dunyoning eng uzoq va borish qiyin bo‘lgan hududlarini ham zabt etishgan, qanchadan qancha qonli urishlar yuz bergan. Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida ham ushbu qimmatbaho metall jahon moliyaviy tizimida o‘zining kuchli ta’sirini saqlab qolyapti. Xususan, so‘ngi yillarda oltin bahosi karrasiga qimmatlashdi. Bu ralli yana davom etadimi? Qimmatbaho metalning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi roli qanday?

Oltin va O‘zbekiston

Bir necha kun oldin Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari haqidagi ma’lumotlarni yangiladi. 1 noyabr holatiga ko‘ra, mamlakatning xalqaro aktivlari 59,3 mlrd dollargacha oshdi. Bu mutloq rekord ko‘rsatkichdir. Zaxiralarning 47,8 mlrd dollari yoki 80 foizdan oshiqroq qismi aynan oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu borada O‘zbekiston Boliviya va Venesueladan keyingi uchinchi mamlakat hisoblanadi.

Taqqoslash uchun, 2023 yilning 1 noyabr holatida xalqaro aktivlari 32,9 mlrd dollar, uning tarkibida oltinning ulushi 23,9 mlrd dollar bo‘lgan. Ikki yil oldin qimmatbaho metallning fizik hajmi ham hozirgiga qaraganda ko‘proq edi. Ya’ni narxlarning qimmatlashishi hisobiga O‘zbekistonning oltin aktivlari 2 barobarga yoki 24 mlrd dollarga ko‘paygan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi va uni eksport qiluvchi mamlakatlardan biridir. Xususan, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2023 yilda esa 8,2 mlrd dollarlik, 2024 yilda esa 7,5 mlrd dollarlik oltin sotilgan. 2025 yilning 9 oyida bu 9,9 mlrd dollargacha oshgan. Bu umumiy eksportning 37 foizini tashkil etadi. Oltin narxining oshishi eksportdan tushadigan daromadlarni ko‘paytirib, tashqi savdo balansiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va budjet taqchilligi kamayishiga yordam berishi mumkin. Shuningdek, oltin narxining oshishi dollar va boshqa valutalarga nisbatan so‘mning qadrsizlanishini to‘xtatadi yoki sekinlashtiradi. Shu jihatdan, jahon bozorida tilla narxining har bir tebranishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga bevosita ta’sir qiladi.

Nima uchun oltin narxi keskin qimmatladi?

Odatda oltin narxining keskin o‘sishi iqtisodiy yoki siyosiy bosimlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, global moliyaviy inqirozdan keyin qimmatbaho metall 1000 dollarga, pandemiya davrida 2 000 dollarga, joriy yilning martida Tramp ma’muriyatining radikal boj siyosati fonida 3 000 dollarga chiqqandi. Jahon savdosida noaniqliklar, AQSh Federal rezerv tizimi mustaqilligi atrofida xavotirlar va Qo‘shma Shtatlarning fiskal barqarorligiga doir shubhalar kuchaygani sabab oktabr oyida narxlar 4000 dollardan oshdi. Mutaxassislar bu tendensiya keyingi yillarda ham davom etishini prognoz qilyapti. Masalan, JP Morgan tahlilchilari oltin 2026 yil oxirida 5200 va 5 300 dollar oralig‘ida bo‘lishini, Goldman Sachs esa bu davrda narx 4 900 dollarga chiqishini kutyapti. 

Jahon oltin kengashi tahlillariga ko‘ra, harbiy mojarolardan iqtisodiy keskinliklarga o‘tish jarayoni ayniqsa 2022 yildan buyon markaziy banklarning oltin xaridlarini oshirish tendensiyasini mustahkamladi. Ko‘plab markaziy banklar strategik xaridlarni ko‘paytirishgan.

Markaziy banklarga oltin nega kerak?

Birinchidan, Markaziy banklar uchun oltinning asosiy rollaridan biri o‘z zaxirasini diversifikatsiya qilishdir. Juda ko‘p holatlarda oltin AQSh dollari bilan teskari munosabatda bo‘ladi. Ya’ni dollar qiymati pasayganda, oltin odatda ko‘tariladi, bu markaziy banklarga bozor o‘zgaruvchanligi davrida o‘z zaxiralarini himoya qilish imkonini beradi. Oxirgi paytlarda xalqaro geosiyosiy jarayonlardagi keskinlik oshishi va jahon iqtisodiyotidagi retsessiya xavfi oltin xarid qilish hajmi oshishiga ta’sir o‘tkazdi. Agar asosiy aktivlardan biri zaiflashsa, boshqasi kuchli bo‘lib qolishi kerak. Zaxiralarini oltin bilan diversifikatsiya qilish orqali markaziy banklar notinch vaqtlarda o‘z mamlakatlarining iqtisodiy institutlarini qo‘llab-quvvatlashga yaxshiroq tayyor bo‘lishadi.

Ikkinchidan, oltinga inflatsiyaning samarali himoyachisi sifatida qaraladi. Barqarorlik davrlarida oltin rentabellik keltirmagani sababli investorlar orasida talabga ega bo‘lmaydi. Beqarorlik davrlarida esa ushbu qimmatbaho metall o‘zgaruvchanlik va yuqori inflatsiya fonida jozibador bo‘lib qoladi va uzoq muddatli istiqbolda mamlakat iqtisodiyotiga bog‘lanmagan qiymat ombori sifatida ko‘riladi. Shu jihatdan ham, inqiroz davrida markaziy banklar dollar, yuan, yevro yoki iyena kabi xorijiy valutalarni emas, balki oltin sotib olishni afzal ko‘radi.

Uchinchidan, davlat qarzlarining global o‘sishi yoki inflatsiya bilan bog‘liq xavotirlar oltinning milliy strategiyadagi xavfsiz aktiv sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi. Oltin milliy valutaga nisbatan barqaror aktiv sifatida tavsiflanadi.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid