Jahon | 16:34 / 15.10.2025
2354
8 daqiqa o‘qiladi

Madagaskarda davlat to‘ntarishi, AQShda dronlarga qarshi robot va Xitoyni ayblagan Germaniya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hamas–Isroil sulhi

Hamas seshanba kuni Isroilga yana bir guruh garovdagilarning jasadlarini topshirdi. Bu voqea AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azo urushini tugatish rejasini e’lon qilganidan beri qayd etilgan birinchi ijobiy siljishlardan biri sifatida baholandi. Hamas hozirgacha jami 8 ta tobutni topshirdi, kamida 19 kishi o‘lik, yana biri bedarak deb hisoblanmoqda.

Jasadlar topshirilgach, Isroil yordam sifatida G‘azoga kirishga ruxsat etiladigan humanitar yuk mashinalari sonini yarmiga kamaytirishini bildirdi. Tel-Aviv bu qarorni Hamasning «o‘tgan hafta tuzilgan sulh kelishuviga binoan jasadlarni topshirish bo‘yicha majburiyatni buzgani» bilan izohladi.

Trampning tinchlik rejasiga doir istiqbol esa yanada qorong‘ilashdi: prezident Hamas qurolsizlanmasa, AQSh harbiy zarbalar uyushtirishini aytdi.

«Agar ular qurolsizlanmasa, biz ularni qurolsizlantiramiz. Bu tez va ehtimol zo‘ravon tarzda sodir bo‘ladi», - dedi Tramp Oq uyda.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu esa urush Hamas qurollarini topshirib, G‘azo ustidan nazoratdan voz kechmaguncha tugamaydi, degan pozitsiyasini takrorladi.

Isroil armiyasi seshanba kuni Xalqaro Qizil Xoch orqali G‘azo shimolidagi almashuv punktida 4 tobutni qabul qilib olganini bildirdi. Tobutlar Isroil askarlari kuzatuvida chegara orqali olib o‘tildi va ekspertizaga jo‘natildi. Hamas ham bu jarayonni tasdiqladi.

Isroil rasmiylari aytishicha, Hamas jasadlarni vaqtida topshirmagani uchun chorshanbadan boshlab G‘azoga kiradigan yordam mashinalari soni ikki baravarga kamaytiriladi va Misr bilan janubiy chegara o‘tish joyini ochish rejasi kechiktiriladi.

Reutersʼning yozishicha, Isroil dron zarbalari natijasida G‘azo shahri sharqidagi mahallalarda 5 falastinlik halok bo‘lgan, yana bir kishi Xon-Yunus yaqinida havo hujumida o‘ldirilgan. Hamas Isroilni sulhni buzganlikda aybladi. Isroil armiyasi esa «sulh chizig‘ini kesib o‘tib, ogohlantirishga qaramay yaqinlashgan» kishilarga o‘t ochganini bildirdi.

Bu orada qayta safarbar qilingan Hamas a’zolari G‘azoda nazoratni qayta tiklashayotganini namoyish qildi — ular yuzlab xavfsizlik kuchlarini ko‘chalarga joylashtirib, sektor hududida tinchlikni ta’minlashga harakat qilmoqda.

Hamas manbalari Reutersʼga bergan izohida «endi G‘azoda tartibni buzuvchilarga — xoinlar, qurolli talonchilar va giyohvand savdogarlariga toqat qilinmasligini» aytdi.

Tramp Hamas G‘azoda ayrim jinoiy to‘dalarga qarshi kurash olib borgani haqidagi iddaolarga ham to‘xtaldi.

«Dastlab ular bir nechta juda yomon to‘dalarni yo‘q qilishlari kerak edi. Ular buni qildi – ko‘p banditlarni o‘ldirdi. Rostini aytsam, bu meni uncha tashvishlantirmaydi. Bu muammo emas», - dedi AQSh prezidenti.

AQShda dronlarga qarshi jangovar robot

Amerikaning Epirus va General Dynamics Land Systems kompaniyalari zamonaviy jang maydonida dronlar tahdidiga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan yangi avtonom robot tizimini namoyish etdi.

Yangi platforma Epirusʼning mikroto‘lqinli tizimini – robotning pilotsiz shassisi bilan birlashtiradi. Natijada uchuvchisiz uchoqlarning butun to‘dasini aniq zararsizlantirishga qodir bo‘lgan mobil, avtonom aksildron tizimi yuzaga keladi. U ko‘riladigan zararni minimallashtiradi.

Tizim o‘ta kuchli mikroto‘lqinli komleksga asoslangan bo‘lib, elektron nishonlarni foydalanishdan chiqarish yoki yo‘q qilish uchun yo‘naltirilgan elektromagnit impulslardan foydalanadi. U bir vaqtning o‘zida bir nechta dronlarni nishonga olish qobiliyatiga ega.

Raketalar yoki artilleriyaga tayanadigan an’anaviy havo mudofaa tizimlaridan farqli o‘laroq, Leonidas dushman dronlarining elektronikasini yoki mikroto‘lqinli energiya impulslari bilan aniq boshqariladigan o‘q-dorilarini bir zumda bostiradi. Tizimning dasturiy ta’minot bilan belgilangan arxitekturasi operatorga ma’lum missiyalar uchun chastotalar va quvvatni sozlash, o‘z kuchlari bilan adashib ketmaslik uchun «xavfsiz hududlar» yaratish imkonini beradi. Tizim yangilanishlari maydonni tark etmasdan masofadan o‘rnatilishi mumkin.

Madagaskarda prezident ag‘darildi

Madagaskarda deyarli uch hafta davom etgan ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng hokimiyat almashdi. Prezident Andri Radzuelin mamlakatdan qochib ketdi, harbiylar esa mamlakatga rahbarlikni o‘z qo‘liga olishini e’lon qildi.

«Biz hokimiyatni qo‘lga oldik», - deya e’lon qildi 14 oktyabr kuni tushdan keyin CAPSAT elita harbiy bo‘linmasi rahbari, polkovnik Maykl Randrianirina. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar davlat hokimiyatining aksariyat institutlari, jumladan, senat, konstitutsiyaviy sud va saylov komissiyasi faoliyatini to‘xtatmoqda.

Prezident Andri Radzuelinning o‘zi dushanba kuni mamlakatni tark etdi, u buni o‘z hayoti xavf ostida qolgani bilan izohlagan. U millatga murojaatida «xavfsiz joyda» ekanini aytdi va «Madagaskarning yo‘q qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi»ni ta’kidladi. U hozir qayerda ekani aniq emas. Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Radzuelin Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning roziligi bilan Fransiya harbiy samolyotida mamlakatdan olib chiqilgan.

Madagaskar – Fransiyaning sobiq mustamlakasi hisoblanadi, orol 1960 yilda mustaqillikka erishgan. Makron Madagaskardagi voqealarga izoh berarkan, konstitutsiyaviy tartibni saqlab qolish zarurligini aytdi va «Fransiya yoshlarning noroziligini tushunsa-da», harbiylar undan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishga urinmasligi kerakligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Parijdagilar vaziyatga bevosita aralashish niyatida emasliklarini bildirdi.

Madagaskarda norozilik namoyishlari 25 sentabr kuni boshlangandi. Dastlab namoyishchilar surunkali elektr energiyasi va suv tanqisligidan norozilik bildirgandi, biroq tez orada ularning talablari siyosiy talablarga – hukumat va prezidentning iste’fosiga o‘zgardi. Madagaskar dunyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri bo‘lib, u yerdagi turmush darajasi hatto Afrika qit’asidagi aksariyat mamlakatlardan ham past.

Germaniya Xitoyni xalqaro tartibni buzishda aybladi

Berlindagi Yapon-Germaniya markazida chiqish qilgan Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohan Vadeful Xitoyni xalqaro huquq tartibini buzishda aybladi.

«Xitoy va Rossiya xalqaro huquqqa asoslangan xalqaro tartibni qayta yozishga harakat qilmoqda», - dedi u. Vadeful fikricha, Pekin qo‘shni davlatlarga nisbatan tobora tajovuzkor siyosat yuritmoqda va Moskvaning tarafdoridir.

Xitoy hukumatlari o‘zlarini ko‘p tomonlama yondashuv va ko‘p tomonlama institutlarni himoya qiluvchi sifatida tavsiflovchi narrativ tarqatmoqda. Biroq amalda Pekin Janubiy Xitoy dengizidagi dengiz huquqini inkor etmoqda va o‘zining gegemon intilishlarini oqlash uchun ham Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda, dedi Germaniya TIV rahbari.

Yaponiya atrofidagi suv hududlarida Xitoy ishtirokining keskin o‘sishi hamda Tayvan bo‘g‘ozi kesishidagi taranglik «nafaqat Hind-Tinch okeani mintaqasidagi xavfsizlikka tahdid soladi, balki qoida-asoslangan butun xalqaro tartibni ham zaiflashtiradi», - deya qayd etdi nemis vaziri. Shuningdek, Pekin Rossiya harbiy mashinasining ishlashini qo‘llab-quvvatlayapti, dedi u.

Mavzuga oid