Jamiyat | 16:16 / 19.09.2020
44316
7 daqiqa o‘qiladi

Suvni qanday tejash mumkin? UzWaterAware'dan foydali va qiziqarli videolar

Toza ichimlik suvi – Yer sayyorasida insoniyat kun ko‘rishi uchun eng zaruriy shartlardan biri. Suv tiklanuvchi resurs bo‘lsada, dunyo aholisi ortib borayotgani hisobiga suv tanqisligi muammosi paydo bo‘lgan hududlar soni ham yildan yilga ko‘paymoqda.

Foto: UzWaterAware

Countrymetres ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda sayyorada aholining yillik o‘sish ko‘rsatkichi 95 millionni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 83 mln kishiga teng bo‘lgan. Qayd etib o‘tish lozimki, yer aholisi 3 karraga ko‘paygan davrda chuchuk suvdan foydalanish hajmi 17 martaga ortgan. Ustiga-ustak, ba'zi prognozlarga ko‘ra, 20 yildan keyin chuchuk suvga bo‘lgan talab hajmi yana 3 karraga ortishi mumkin.

Chuchuk suv yetishmovchiligi muammosi O‘zbekistonga ham begona emas. Suv tanqisligi muammosi bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatida O‘zbekiston 25-o‘rinni egallaydi. Mamlakatda suv tanqisligi darajasi yuqori deb baholanadi.

2020 yil 16 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalasi muhokama qilingan edi. Unda ta'kidlanishicha, so‘nggi 10 yilda O‘zbekistonda suv zaxiralari 12 foizga, joriy yilda o‘tgan yilgi bilan solishtirganda 15 foizga kamaygan.

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM)ning suvni tejash masalalariga bag‘ishlangan UzWaterAware loyihasi suv bilan bog‘liq muammolar fonida Yevroittifoq moliyaviy ko‘magi asosida multiplikatsion videoroliklar seriyasini tayyorladi. O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi loyihaning milliy hamkori hisoblanadi.

Loyiha tashkilotchilariga ko‘ra, rus va o‘zbek tillaridagi mazkur roliklar ta'lim muassasalarida onlayn va oflayn darslar chog‘ida suv resurslari mavzusini tushuntirish uchun foydali kontent bo‘la oladi. Roliklarni oromgohlarda bolalarga namoyish qilish ham mumkin.

«2019 yil yakuni – 2020 yil avvalida UzWaterAware’ning tadbirlari chog‘ida namoyish etilgan ta'limiy roliklar nafaqat bolalar, balki kattalar uchun ham birdek qiziqarli ekaniga guvoh bo‘ldik. Viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan treninglar, ekodarslar, suvni tejash bo‘yicha ekomarafonlar chog‘ida videoroliklar turli auditoriyalarga, jumladan, jurnalistlar, fermerlar, xalqaro, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillariga namoyish etildi», – deydi MOMEMning O‘zbekistondagi filiali direktori va loyiha menejyeri Shahnoza Umarova.

Jami 5ta rolik tayyorlangan bo‘lib, ularning har birida suv va uni asrashning muhimligi xususida so‘z boradi. Barcha roliklar ochiq foydalanishda bo‘lib, yuklab olish mumkin.

Roliklarning bosh qaxramonlari aka-uka – Hasan va Husanning oilasi. Oilalardan biri suvni e'zozlab asraydi, ikkinchisi esa suvni asrash kerakligini bilsa-da, bunga har doim ham rioya qilavermaydi.

Nega suvni e'zozlash muhim?

Birinchi videorolikda Hasan ismli qahramon suvni asrash va e'zozlashning ahamiyatini tushuntiradi, tomoshabinlarni bu boradagi harakatni o‘zidan boshlashga chorlaydi.

«Suvni e'zozlang va bunga oilangizni ham o‘rgating», – deydi Hasan.

Qishloq xo‘jaligida suvni asrash

Hasan o‘z ukasiga qanday suv tejovchi texnologiyalar yordamida yaxshi hosilga erishgani haqida gapirib beradi (plenka, gidrogel, tomchilab sug‘orish).

Shuningdek, u suv tejovchi texnologiyalardan foydalanuvchi fermerlar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini aytib o‘tadi (2019 yil 25 oktyabrdagi prezident qaroriga havola beriladi).

«Suvdan samarali va tejamkor foydalanish texnologiyalariga davlat katta e'tibor qaratadi. Bu ham tuproq unumdorligini saqlab qoladi va hosilga baraka beradi. Tomchilab sug‘oriladigan yerlar yer solig‘idan ozod etiladi», – deydi Hasan.

Uyda suv iste'moli

Husanning uyiga mehmonga kelgan Hasan va uning farzandlari maishiy turmushda suvni qanday tejash mumkinligi haqidagi so‘z yuritishadi.

Unda aytilishicha, avtomashina 15 daqiqa davomida rezina ichak bilan yuvilganda 120 litrdan ko‘proq chuchuk suv sarflanadi. Xuddi shu ishni chelak orqali amalga oshirganda esa 80 litrgacha suvni tejab qolish mumkin.

Kirlarni yuvish uchun bir haftada 1000 litrdan ko‘proq suv sarflanadi. Yuz-qo‘l yuvish, tish yuvish, idish yuvishda jo‘mrakning doimiy ochiq turish holatida (bir daqiqada krandan 7-8 litr suv oqadi) ham haftasiga yana shuncha suv sarf bo‘ladi. Tish yuvish uchun stakanga suv olib foydalanilganda esa atigi 200 gramm suv kerak bo‘ladi xolos.

Bitta oila bir kunda dush qabul qilish uchun 1000 litrdan ko‘proq suv oqizadi. Kuchli bosimda ochilgan dushdan daqiqasiga 20 litr suv oqib tushishga ulguradi. Shu bois dushni 5 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtda qabul qilish, suv oqimini juda zarur bo‘lgandagina oshirish maqsadga muvofiq.

Bundan tashqari, ba'zilar unitazdan chiqindilarni tashlash maqsadida ham foydalanib, ovqat qoldiqlari, mayda chiqitlarni ham oqizishadi. Bu esa suv sarfini yanada oshiradi, tiqilmalar hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Har kuni necha litrlab toza suvni behudaga kanalizatsiyaga oqizib yuborayotganimiz haqida bir o‘ylab ko‘raylik. E'tiborlisi, bunday suvni grunt va daryo suvlariga qaraganda tozalash ancha murakkabroq hamdir.

Ishlab chiqarishda virtual suv

Hasan o‘z yaqinlariga iste'mol tovarlari va yegulik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun qancha suv sarflanishi haqida gapirib beradi.

Virtual suv bu – iste'mol yoki boshqa mahsulotlarning ishlab chiqarilishi uchun sarflanadigan jami suv hajmidir.

Rolikdagi ma'lumotlarga ko‘ra, 3-4 dona non tayyorlash uchun taxminan 150-200 litr suv sarflanadi. Gap shundaki, qishloq xo‘jaligi va sanoat suv resurslarining asosiy iste'molchilari hisoblanadi (jami suv iste'molining 90 foizigacha).

Bir kilogramm shokolad tayyorlash uchun 17 ming litr suv kerak bo‘ladi. Bu o‘z ichiga kakao-boblarni yetishtirish va shokoladni sanoatda ishlab chiqarish jarayonlarini ham o‘z ichiga oladi.

Suv bosib o‘tadigan yo‘l

Daryodan keladigan suv uylarimizga va fermer xo‘jaliklariga yetib borgunga qadar qanday yo‘lni bosib o‘tishi haqida hikoya qilinadi.

Mavzuga oid