Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Boshpanasiz shahar – Toshkent zilziladan qanday oyoqqa turgan?
Bundan 56 yil oldin 26 aprel kuni Toshkent shahri aholisi kuchli silkinishdan uyg‘onib ketadi. «Zilzila juda qattiq bo‘lganidan, yotgan joydan turib ketishning iloji yo‘q edi», deb eslaydi seysmograf Qahhorboy Abdullabekov. Kun.uz «Kinofotofono» hujjatlar arxivi bilan hamkorlikda 1966 yildagi zilzila va undan shahar qanday oyoqqa turgani suratlarini taqdim etadi.
Foto: KUN.UZ
1966 yil 26 aprel tonggi 5:23da Toshkent shahrida episentrdagi yer yuzasida seysmik ta’sir 8 balldan ortiq dahshatli zilzila ro‘y beradi. 10-12 soniya davom etgan zilzila talafot maydoni 10 kilometrga yetgan. Bu shaharni to‘liq yo‘q qilib yubormagan. Uylar yorilgan, o‘nlab jamoat binolari qulab tushgan.

Rasmiy ma’lumotlarda, zilzilada 8 kishi halok bo‘lgani va 200 ming kishi jarohat olgani aytiladi. 300 mingdan ortiq aholi boshpanasiz qoladi.

S.Mavlonov nomli seysmologiya instituti xodimi, akademik Qahhorboy Abdullabekov 1966 yil 26 aprel tongini shunday xotirlaydi.
«O‘sha paytda juda qattiq uyquda edik. To‘satdan zilzila bo‘ldi. Intensivligi juda qattiq edi. Juda qattiq silkitib tashladi, yotgan joydan turib ketishning iloji yo‘q edi. Zilzila o‘chog‘i bevosita shahar ostida edi. Shuning uchun ko‘tarib tashlashlar tikka, vertikal bo‘ldi. Shuning uchun ko‘p imoratlar qulamagan», – deydi akademik O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida.

Abdullabekov zilzila bo‘lgan kuniyoq Moskvadan Brejnev, Kosigin kabi ittifoqning birinchi rahbarlari Toshkentga kelgani va zudlik bilan hukumat komissiyasi tashkil qilinganini aytadi. «Hamma narsa izdan chiqqandi, suv, elektr. Shularning barini joyiga qo‘yish kerak edi», – deydi u.
Zilziladan talafot ko‘rgan odamlarni ro‘yxatga olish va ularga yordam berishga qatnashganlardan biri seymograf Turdiali Ortiqov edi.
«Shahar markazini, Labzak atrofida bo‘lgan holatlarning hammasini, buzilgan uylarni, odamlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Shaharning ochiq joylariga palatkalar olib kelib, odamlarni o‘sha uy-joylarga ko‘chirishgan. Labzak atrofi, Turkiston kinoteatri atrofidagi uylar, hovlilar, bog‘larning deyarli hammasi ishdan chiqqandi», – deydi professor Ortiqov.

Zilzila bir necha soniya davom etib to‘xtagan bo‘lsa-da, undan keyin ancha vaqtgacha aftershoklar bo‘lib turgan.
«Yer ostida yig‘ilgan kuch bitta zilzilada sarf bo‘lmaydi. Har kunda 10 martagacha kichik silkinish – aftershoklar bo‘lib turgan», – deydi akademik Abdullayev.
«Zilzilali avtoshoklar bo‘lgan paytda, – Ortiqovning aytishicha, – binolar qimirlashi va hokazolar ko‘p odamning psixikasiga ta’sir qildi. Eshik qattiqroq ochilsa ham odamlar tashqariga yuguradigan darajagacha borgan. Qattiqroq zilzila bo‘lgan paytda, odamlar o‘zini 2-qavatdan, yuqori qavatlardan tashlab yuborish, qochib yugurib, zinadan yiqilib, oyog‘ini sindirgan holatlar ham ko‘p bo‘lgan».
Jurnalist Farhod Hojiyevning arxiv hujjatlari bo‘yicha ma’lumot berishicha, zilzila natijasida 2 million metr kvadratdan ziyod turar joy, 2236ta ma’muriy bino, 700ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, 26ta kommunal xo‘jalik korxonasi, 180ga yaqin o‘quv yurti, 8 ming o‘rinli maktablar, 36ta madaniy-maishiy muassasa, 185ta tibbiyot va 245ta sanoat korxonasi binolari zarar ko‘rgan.






Qisqa muddat ichida (3,5 yilda) zilzila oqibatlari bartaraf etildi. Yangi dahalar, yo‘ldosh shahar – Sergeli bunyod etildi. 300 ming toshkentlik uy-joy bilan ta’minlandi.

