O‘zbekiston | 15:46 / 31.03.2026
6714
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda sun’iy yomg‘ir yog‘diriladi - prezident farmoni

Toshkent shahri havosini yaxshilash maqsadida, poytaxt va Toshkent viloyatida namlik past bo‘lgan hududga 2027 yil 1 oktyabrgacha sun’iy yomg‘ir yog‘dirish uchun kerakli asbob-uskunalar o‘rnatiladigan bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish va sun’iy shamol texnologiyasini bosqichma-bosqich joriy qilish choralari ko‘riladi. Buning uchun ijobiy sinovdan o‘tgan xorijiy tajriba o‘rganib chiqiladi.

Havo sifatini yaxshilashga oid prezident farmoni bilan, Ekologiya qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi va Oliy ta’lim vazirligiga shunday topshiriq berildi.

Unga ko‘ra, 2027 yil 1 oktyabrga qadar poytaxtning atmosfera havosini yaxshilash maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida namlik past bo‘lgan hududga sun’iy yomg‘ir yog‘dirish uchun kerakli asbob-uskunalar o‘rnatiladi.

Buning uchun mablag‘ Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasidan ajratiladi.

Sun’iy yomg‘ir texnologiyasini joriy etish avvalroq 2026 yilgi davlat dasturiga ham kiritilgan edi. Dasturga asosan, 2026 yil 1 martdan boshlab amaliy pilot loyihani ishlab chiqish, pilot tajribalar doirasida kamida 3–5 ta amaliy sinov o‘tkazish, bu orqali yog‘ingarchilik o‘zgarishi tabiiy fonga nisbatan 10–20 foizga o‘sishini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid