O‘zbekiston | 10:52 / 08.06.2024
5414
4 daqiqa o‘qiladi

“Hindiston dorilariga importni vaqtincha cheklash orqali muammoga xalqaro tashkilotlar e’tiborini qaratish zarur” – advokat

7 iyun kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi davom etdi. Unda Sardor Kariyevni himoya qilayotgan advokat tomonidan sudga iltimosnoma kiritildi. Munira Kariyevaning ishonchli vakili esa agar Sardor Kariyevga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo qo‘llansa tovon puli qay tartibda to‘lab berilishi bo‘yicha tushuntirish berdi.

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha apellyatsiya sudining navbatdagi sud majlisi o‘tkazildi. Unda sudlanuvchining advokatlari tinglandi.

Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva agar o‘g‘liga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo qo‘llansa “Dok-1 Maks” jabrlanuvchilariga sud tomonidan belgilangan 75 mlrd so‘mdan ortiq miqdoridagi ma’naviy zararni to‘lab berish taklifi bilan chiqqandi. Sud majlisida Kariyevaning ishonchli vakili bu pullar qay tartibda va qancha muddatda to‘lab berilmoqchi ekanligi bo‘yicha tushuntirish berdi.

Advokatga ko‘ra, dastlabki to‘lov sifatida 7,5 mlrd so‘m to‘lovni birdaniga amalga oshiriladi. So‘ng 36 oy davomida dastlabki oylarda 1,8 mlrd so‘mdan, oxirgi oylarda esa 3 mlrd 780 mln so‘mdan to‘lash rejalashtirilgan. Shunda har bir jabrlanuvchiga birinchi oyda 100 mln so‘mdan, 2-35 oylar bo‘yicha har oyda 25 mln so‘mdan hamda oxirgi oyda 50 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi. Faqat bu uchun Kariyeva o‘g‘liga tayinlangan 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘zgartirilib, unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishi lozimligini iltimos qilgan.

Shuningdek, Sardor Kariyevning advokati sudga iltimosnoma kiritdi. Unda O‘zbekistonga Hindiston dorilari importini vaqtincha cheklash orqali muammoga Hindiston hukumati, JSST va boshqa xalqaro tashkilotlar e’tiborini qaratish haqida gap boradi.

Iltimosnomada keltirilishicha, OAVda Marion Biotech kompaniyasi mansabdor shaxslariga Hindistonda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tarqalgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida 2023 yil mart oyida tergov organi Tashqi ishlar vazirligi orqali tegishli so‘rovnoma yuborgan. 2024 yil mart oyida advokatlarga berilgan javobda Hindiston tarafdan so‘rovnomaga hech qanday javob berilmaganligi ma’lum qilingan.

“Dok 1 maks” va “Ambronol” siroplarini ishlab chiqargan Marion Biotech mansabdor shaxslarining harakatlariga to‘g‘ri xuquqiy baho berish, ushbu fojia sabablarini va haqiqiy aybdorlarni birgalikda aniqlash, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni bartaraf etish, hamda kelajakda bunday holatlarning oldini olish uchun zarur bo‘lgan tizimli yechimlarni birgalikda ishlab chiqish o‘rniga, Hindistonning tegishli vakolatli organlari tomonidan sukut saqlab kelayotganligi achinarli holat.

Bunday vaziyatda, diplomatik kanallarning kuchi yetmasa, Hindistonning barcha dori ishlab chiqaruvchilariga nisbatan O‘zbekistonga importni vaqtincha to‘xtatish kabi cheklovlarni qo‘llash haqidagi taklifni Vazirlar Mahkamasi muhokamasiga olib chiqib, shu orqali mazkur muammoga Hindiston hukumati, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar e’tiborini qaratish zarur”, deyiladi iltimosnomada.

Avvalroq “Dok-1 Maks”ni ishlab chiqargan kompaniya rahbarlari hamon ozodlikda qolayotgani xabar qilingandi. O‘zbekistonda kamida 68 bolaning o‘limiga olib kelgan “Dok-1 Maks” siropining ishlab chiqaruvchisi – Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi ta’sischilari va direktorlari – Sachin Jain va uning xotini Jaya Jain O‘zbekiston tomonidan Interpol qidiruviga berilgan bo‘lsa-da, BAA poytaxti Abu-Dabida qo‘lga olinib, ko‘p o‘tmay qo‘yib yuborilgan.

Mavzuga oid