Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Murda yo‘q, jinoyat ishi ham yo‘q” – huquqshunoslarning mashhur iborasi qanday paydo bo‘lgan?
XVII asrning ikkinchi yarmida Angliyadagi shaharchada yashovchi chol yo‘qolib qoladi. Cholni o‘ldirganlikda ayblanib xizmatkor, uning onasi va ukasi o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Qatl amalga oshirilganidan ko‘p o‘tmay chol uyga qaytib keladi. Shundan so‘ng Angliya qonunlariga g‘alati qoida qo‘shiladi.
Huquq-tartibot xodimlari orasida “Jasad yo‘q, jinoyat ishi ham yo‘q” degan ibora bor. Shu kunlarda Navoiyda sodir bo‘lgan bir jinoyat hodisasi ushbu iborani yodga soldi.
Gap shundaki, Navoiy viloyatida 33 yoshli yigit 2024 yil 29 noyabr kuni tunda turmush o‘rtog‘i va uning xushtori tomonidan bug‘ib o‘ldirilib, murdasi Zarafshon daryosiga uloqtiriladi. Murda har qancha qidirilmasin, xozircha topilmagan.
Qotillik haqida gumonlanuvchilarning ko‘rsatmalaridan boshqa dalil yo‘q. Bordiyu ular ko‘rsatmalaridan qaytsa jinoyatni fosh etish yanada qiyinlashadi.
Shunday vaziyatda “murda yo‘q, jinoyat ishi ham yo‘q” degan iborada nazarda tutilgan holat sodir bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, “Jasad yo‘q, jinoyat ishi ham yo‘q” degan gap qachon paydo bo‘lgani va u nimani anglatishi tarixi bilan qiziqib ko‘ramiz.
Hodisa
Bu qoidaning tarixi 17-asrga borib taqaladi. Voqealar quyidagicha kechadi. 1660 yilda mahalliy zodagonlardan birining 70 yoshli ish boshqaruvchisi Uilyam Harrison ijara pullarini yig‘ish uchun qo‘shni qishloqqa boradi va izsiz g‘oyib bo‘ladi.
Harrison aytgan vaqtida uyga qaytmagach xotini xavotirlanadi va xizmatkori Jon Perrini erini qidirishga yuboradi. Biroq ertasi kuni ertalabgacha Harrisondan ham, xizmatkordan ham darak bo‘lmaydi, ular ortga qaytmaydi.
Ertasi kuni Harrisonning o‘g‘li Edvard otasini qidirishga chiqib, yo‘lda xizmatkor Perrini uchratib qoladi. U xo‘jayinni topa olmaganini aytadi.
Shundan so‘ng Edvard va xizmatkor Uilyam borishi kerak bo‘lgan manzil – Ebrington qishlog‘idagi xonadonga boradi.
Uy egasi Uilyam Harrison tunda mehmon bo‘lganini, ijara pulini olib, ertalab chiqib ketganini aytadi. Edvard va xizmatkor uni keyingi qishloqqacha qidirib boradi, biroq cholning daragi chiqmaydi.
Ular umidsiz holda uyga qaytayotganda Chipping Kampden va Ebrington o‘rtasidagi yo‘ldan Uilyam Harrisonga tegishli bosh kiyim, ko‘ylak va yoqani topib oladi. Ularda qon izi bor edi. Ammo atrofni qidirib, cholning jasadini topa olishmaydi.
Shundan so‘ng mahalliy ma’murlar xizmatkor Jon Perrini so‘roq qiladi. U xo‘jayinini ko‘rmaganini, qidirib topa olmaganini ta’kidlaydi.
So‘roq paytida xizmatkor Perrini azoblashadi. Shunda qiynoqlarga chiday olmagan xizmatkor avvalroq onasi va ukasi Richard Uilyam Harrison bilan pul ustida talashib qolganini, cholni balki ular o‘ldirib, murdani yashirgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.
Xizmatkor ukasi va onasini murdani tegirmon hovuziga tashlab yuborganlikda gumonlaydi. Ayol va Richard barchasini rad etadi. Tegirmon hovuzi tekshirib ko‘rilganda cholning jasadi u yerdan chiqmaydi.
Xizmatkor Perri, uning onasi va ukasi Uilyam Harrisonning o‘limida asosiy gumondor bo‘lishadi. Ular har qancha o‘zlarining aybdor emasliklarini aytishsa-da, buni isbotlashlari kerak edi.
Ko‘p o‘tmay ular advokat maslahati bilan qotillikni bo‘yniga oladi. Chunki o‘sha payt qonunlariga ko‘ra aybini tan olgan jinoyatchilar jarima jazosi bilan qutulib ketishlari mumkin edi.
Advokatning rejasi ish beradi va Uilyam Harrisonning jasadi topilmagani uchun sudya ona va uning ikki o‘g‘liga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini rad etadi.
Biroq 1661 yil bahorida sud xizmatkor Perri, uning onasi va ukasiga nisbatan jinoyat ishi ochadi. Ular yana Uilyam Harrisonning o‘limida ayblanadi. Shuningdek, ayblovga avvalroq sodir etilgan o‘g‘irlik ham qo‘shiladi.
Sud ayol hamda uning ikki o‘g‘lini Uilyam Harrisonni o‘ldirganlikda aybdor deb topadi va uchalasini ham o‘lim jazosiga hukm qiladi.
Jazo osib o‘ldirish yo‘li bilan ijro etiladi. Uch mahkum o‘limidan avval Uilyam Harrisonni o‘ldirmaganini aytib, yalinib-yolvoradi. Biroq ularning nolasiga hech kim quloq solmaydi.
Uilyam Harrisonning topilishi va yangi qoida
1662 yilda Uilyam Harrison hammani hayron qoldirib, Chipping Kampdenda paydo bo‘ladi. Choldan qayerdan kelayotgani so‘ralganda Portugaliya poytaxti Lissabon shahridan kemada uyga qaytganini aytadi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni Uilyam Harrison uyga qaytayotganida unga qandaydir oq kiyimli shaxslar hujum qiladi. Ular cholni yaralaydi va keyin otga o‘ngarib olib ketadi. Qon tekkan shlyapasi, kiyimi va yoqasi yo‘l chetiga tushib qoladi.
Cholni olib qochganlar uni kemaga o‘tqazib Turkiyaga olib boradi va o‘sha yerda uni sotib yuborishadi. Taxminan bir yil to‘rt oy o‘tgach Uilyamning xo‘jayini vafot etadi. Shundan so‘ng u portugallarning kemasiga chiqib Lissabonga keladi. U yerdan boshqa kemaga chiqib Angliyaga yetib oladi.
Uilyam Harrisonning topilishi Angliyada juda katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Axir uni o‘ldirganlikda ayblanib uch kishi nohaq qatl etilgandi.
Shundan so‘ng Angliyada “Jasad yo‘q, jinoyat ishi ham yo‘q” qoidasi joriy qilinadi. O‘shandan keyin bu davlatda aksariyat hollarda hech kim jasadi topilmagan insonni o‘ldirganlikda ayblamaydi.
Uilyam Harrisonning topilishi ortidan bir necha asrdan buyon Angliya qonunchiligida norasmiy ravishda amal qilib kelgan “Jasad yo‘q, jinoyat ishi ham yo‘q” qoidasi 1954 yil bekor qilinadi. Ungacha inglizlar bu qoidadan qariyb 300 yil davomida foydalanadi.
Uilyam Harrison hodisasi bo‘yicha shubhalar
Linda Stretmenn ism-sharifli ayol o‘zining “Glostershir qotilliklari” kitobida Uilyam Harrison bilan sodir bo‘lgan hodisani to‘qima deb ataydi.
Ayolning fikricha, 70 yoshga kirgan cholni qul qilib sotib bo‘lmasdi. Qolaversa, qul savdosi avjiga chiqqan paytlarda hech kim Angliya markazidagi shaharcha yoki qishloqdan odam o‘g‘irlab keta olmasdi.
Agar Chipping Kampden shaharchasi dengiz sohilida joylashgan bo‘lganda ham, qaroqchilar qul qilib sotish uchun yosh, navqiron yigit va qizlarni o‘g‘irlab ketganiga ishonsa bo‘lardi. Biroq o‘shanda ham 70 yoshli cholning o‘g‘irlab ketilishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Linda Uilyam Harrison odamlardan yig‘gan ijara pullarni o‘zlashtirish uchun yashiringan va oradan ma’lum vaqt o‘tgandan so‘ng qirolning afv haqidagi farmoni e’lon qilingach uyga qaytgan deb hisoblaydi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
14:52 / 21.04.2025
Okean ustidan g‘alaba
15:39 / 11.03.2025
Iste’fodagi politsiya iti o‘rmonda yo‘qolgan qariyaning hayotini saqlab qoldi
15:15 / 19.02.2025
Olimlar hayvonlarning hissiyotlarini aniqlaydigan sun’iy intellekt yaratdi
19:55 / 18.01.2025