Jamiyat | 16:40 / 08.11.2025
15024
5 daqiqa o‘qiladi

U odam o‘ldirgan, asirlarni qimorga tikkan, lekin uni dunyo hurmat qiladi. Nega?

Bu inson dunyoning eng mashhur insonlaridan biri. U odam o‘ldirgan, ko‘plab gunohlar qilgan, hirs va manmanlikka berilgan. Lekin aynan shu odamni insoniyat “vijdon muhandisi” deb ataydi. Bu – Lev Tolstoy. Uning “Iqrornoma”si esa insonning o‘z qalbi bilan suhbati. Bugun “5 daqiqa”da shu asarni muhokama qilamiz.

Iqrornoma” – bir insonning o‘z vijdoni oldidagi e’tirofi, butun insoniyat uchun ma’naviy ogohlik. Tolstoy bu asarni ellik yoshidan keyin, eng navqiron paytida yozgan. Bu yoshda odam odatda ortga qarab faxr bilan “men nimalar qildim?” deydi. Tolstoy esa aksincha, “men nima qilmadim?” deb yozadi. U o‘tgan umriga qaraydi va undan ma’no izlaydi. Bu izlanish uni jahonning eng chuqur falsafiy asarlaridan birini yaratishga yetaklaydi.

Asar syujyeti aslida yozuvchining o‘z hayoti bosqichlariga qurilgan. Bolalikda u dindor muhitda o‘sadi, lekin o‘smirlikka yetganda o‘rgatilgan barcha e’tiqodlarga shubha bilan qaray boshlaydi. Uni ilm, madaniyat va taraqqiyot qiziqtiradi. Uning atrofidagilar “ilmni biladigan”, “haqiqiy zamonaviy odam” deb ta’riflaydi, ammo Tolstoyning qalbida bo‘shliq bor edi. U boy, shuhratli, mashhur, ammo ichki xotirjamlik yo‘q edi.

“Men qilmagan gunoh qolmadi”

Tolstoy o‘zining jinoyatlarini – odam o‘ldirganini, mujiklarni qartada boy berganini, hirs va manmanlikka berilganini ochiq tan oladi. Bu iqror o‘quvchini hayratda qoldiradi: “Bu haqiqatan ham ulug‘ Tolstoymi?” deb o‘ylaydi kishi. Ammo aynan shu samimiyat, o‘zini shafqatsiz tanqid qilish orqali Tolstoy insonni anglashning oliy nuqtasiga chiqadi.

U o‘z hayotini senzurasiz tahlil qilib, “men qilmagan jinoyat qolmadi”, deydi. Ammo shunda anglaydi: haqiqiy yomonlik qilmishning o‘zida emas, balki uni yomon deb bilib ham qilishdadir.

Mutolaa davomida o‘zingizga og‘riqli savollarni bera boshlaysiz: “Nima uchun yashayapman?”, “Yashashning ma’nosi nimada?”, “Boylik, shon-shuhrat, ilm – bular nima uchun kerak?”. Bu savollar nafaqat XIX asr Tolstoyini, balki bugungi insonni ham qiynaydi.

Ruhiy bo‘shliqdan yorug‘lik sari yo‘l

Tolstoyning falsafiy yo‘li “dinsizlik”dan “ruhiy ehtiyoj”ga qarab boradi. U ateizm, ratsional fikr va ilmiy nazariyalarni sinovdan o‘tkazadi, ammo ularning hech biri unga yengillik bermaydi. U bir paytlar “insonning maqsadi – taraqqiy etish” deb o‘ylagan bo‘lsa, keyin tushunadi: taraqqiy deb atalgan illat ortida ham hirs va manmanlik yotadi. U shunday xulosaga keladi – hayotning haqiqiy ma’nosi faqat ruhiy poklanishda, ilohiy haqiqatni tan olishda va insonning o‘z vijdoni bilan murosaga kelishidadir.

Asarda yozuvchi o‘zini hech qanday pardasiz ko‘rsatadi, shu bois “Iqrornoma” nafaqat falsafiy, balki psixologik asar sifatida ham ahamiyatli. Odatda yozuvchilar o‘zini oqlashga, ideal ko‘rsatishga urinadi. Tolstoy esa o‘zini haqiqiy odam sifatida tanishtiradi: kamchiligi, adolatsizligi, gumonlari bilan birga. Uning kuch-qudrati aynan shu chin insonlikda.

Xulosa

Inson o‘zini anglamas ekan, hayot mazmunsiz. Tolstoyga ko‘ra, insonning vazifasi – ruhini tozalash, vijdonini uyg‘otish va o‘zini Xudoga yaqinlashtirish. Bu yo‘l og‘riqli, lekin faqat shu yo‘l orqali inson chinakam xotirjamlikka yetadi.

Bugungi jamiyat uchun ham “Iqrornoma”ning ahamiyati beqiyos. Bu asar “texnik taraqqiyot” ortidan ma’naviy inqirozga uchrayotgan bugungi odam uchun ham ayni muddao. U insonga shunday deydi: “Sen qancha bilim olma, qancha boylik orttirma – agar qalbingda yorug‘lik bo‘lmasa, sen hali ham yo‘l boshidasan”.

Isomiddin Po‘latov

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid