Jahon | 10:50 / 19.11.2017
6962
3 daqiqa o‘qiladi

Falastin AQShdagi vakolatxonasi yopilishiga nisbatan keskin choralar ko‘radi

Foto: Reuters

Falastin hukumati Vashingtondagi o‘z vakolatxonasi yopilishining og‘ir oqibatlaridan ogohlantirdi. Bu qadam Amerikaning Yaqin Sharq tinchlik jarayonidagi vositachiligiga ziyon yetkazadi. 

18 noyabr kuni Davlat departamenti Falastin ozodligi tashkilotining Vashingtondagi vakolatxonasiga berilgan ruxsatnomani qaytarib olishini bildirgan edi. Bu tuzilma xalqaro maydonda falastinliklarning manfaatlarini namoyon etadi va amaldagi Falastinning Vashingtondagi elchixonasi vazifasini bajarib keladi.

"Biz buni ikki tomonlama munosabatlarimizga zarba beradigan juda qiyin qaror deb baholaymiz. Agar u vakolatxonani 90 kunga yopishni nazarda tutsa, shu muddat ichida AQSh bilan barcha aloqalarimiz to‘xtashini bildiradi", — deyiladi FOT bosh kotibi va bosh falastinlik muzokarachi Soib Oreykatning Amerika ma'muriyatiga yo‘llagan maktubida. 

"Bu qaror AQSh ma'muriyati tinchlik jarayonidan chiqishini anglatadi", — degan Oreykat. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Falastin rahbariyati yaqin kunlarda vakolatxonasi bilan bog‘liq masala yuzasidan favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi va ehtimoliy javob choralarini muhokama qiladi. 

"FOT idorasining yopilishi — Amerika-Falastin munosabatlari tarixida kuzatilmagan hodisadir. U tinchlik muzokaralari, Amerika-arab munosabatlari uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi hamda tinchlikparvar sa'y-harakatlarga zarba beradi hamda qo‘rg‘onlar barpo qilish va ikki davlatchilik prinsipidan voz kechish orqali AQSh siyosatini barbod qilayotgan Isroilni mukofotlaydi", — degan Falastin prezidenti matbuot kotibi Nabil Abu Rudayna. 

Davlat departamenti esa, FOTga berilgan ruxsatnomaning qaytarib olinishini Falastin tomonining Isroil va isroilliklarni Haaga xalqaro jinoyat sudida ta'qib qilish amaliyotiga chek qo‘ymagani bilan izohladi. 

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu devoni qabul qilingan qarorni "hurmat qilishi"ni bildirdi va Qo‘shma Shtatlar bilan Yaqin Sharqda tinchlikka erishish uchun hamkorlik qilishga shayligini ta'kidladi. 

"Gap Amerika qonuni haqida bormoqda. Biz qabul qilingan qarorni hurmat qilamiz va AQSh bilan mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan ishlarni davom ettirishga ishonamiz", — deyiladi axborotnomada. 

Mavzuga oid